Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza XPKning 104-maddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan xolda berilgan boʻlsa arizani qabul qilish rad etiladi
[Koʻchirma]
“Paxtakor tola bazasi” MChJ sudga ariza bilan murojaat qilib, “Jizzaxpaxtasanoat” ABdan 230 269 585 soʻm qarzdorlik undirish haqida sud buyrugʻi berishni soʻragan.
Sudning 22 aperl 2015-yildagi ajrimi bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 107-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan arizani qabul qilish rad etilgan.
“Paxtakor tola bazasi” MChJ kassatsiya shikoyatida, 230 269 585 soʻm undirish talabi qarzdor tomonidan tan olinganligini, qarzdorlikni tasdiqlovchi barcha hujjatlar taqdim qilinganligiga qaramasdan arizani qabul qilish rad etilganligini koʻrsatib, sudning ajrimini bekor qilib, qarzdorlikni undirish haqida sud buyrugʻi berishni soʻragan.
Sudlov hayʼati quyidagi asoslarga koʻra sudning ajrimini oʻzgarishsiz qoldirishni, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Paxtakor tola bazasi” MChJ bajaruvchi va “Jizzaxpaxtasanoat” aksiyadorlik birlashmasi buyurtmachi oʻrtasida 2014-yil 19-sentabrda yuklash-tushirish ishlarini va paxta tolasini saqlash xizmatlarini koʻrsatish haqida 3-sonli shartnoma tuzilgan. Shartnomaga asosan “Paxtakor tola bazasi” MChJ tomonidan 230 269 585 soʻmlik yuklash-tushirish ishlari va paxta tolasini saqlash xizmatlari koʻrsatilgan.
Shartnomaning 4.5 bandida, koʻrsatilgan xizmatlar haqini toʻlash muddati haqida shart mavjud boʻlib, unga koʻra buyurtmachi bajaruvchining xizmatlari haqini, paxta tolasi haqiqatda realizatsiya qilingan sanadan 90 kungacha boʻlgan muddatda, biroq paxta tolasi uchun pul mablagʻlari buyurtmachi hisob raqamiga kelib tushgan vaqtdan 10 kungacha muddatda buyurtmachi tomonidan toʻlanishi belgilangan.
Shartnoma mazkur sharti “Paxtakor tola bazasi” MChJning qarzdordan pul majburiyatini talab qilish muddatini belgilagan va bu muddatning kelganligi holati, “Paxtakor tola bazasi” MChJning qarzdordan pul majburiyatini talab qilish asoslaridan birini tashkil qilgan.
Shunday boʻlsada, “Paxtakor tola bazasi” MChJ sud buyrugʻi berish haqidagi arizasida, bajarilgan ishlar haqini shartnomaga asosan talab qilish muddati kelganligi holatlarini uni tasdiqlovchi dalillarni koʻrsatmagan. Shartnomaning oʻzidan esa, bu muddat kelganligini aniqlash imkoniyati mavjud boʻlmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining (keyingi matnlarda XPK) 104-moddasiga muvofiq sud buyrugʻi berish haqidagi arizada kreditorning qonun hujjatlariga asoslangan talabi, talabga asos boʻlgan holatlar va ularni tasdiqlovchi dalillar koʻrsatilishi kerak.
XPK 107-moddasiga asosan ariza ushbu kodeksning 104-moddasida belgilangan talablarga rioya qilmagan holda berilgan boʻlsa sudya sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilishni rad etadi.
Bunday holatda, sudlov xayʼati, sud tomonidan sud buyrugʻi berish haqidagi arizada talabga asos boʻlgan holatlar va uni tasdiqlovchi dalillar koʻrsatilmaganligi toʻgʻri aniqlangan va asosli ravishda arizani qabul qilish rad etilgan deb hisoblaydi.
Shundan kelib chiqib hamda XPKga binoan sud buyrugʻi kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan berilmasligini eʼtiborga olib, sudlov xayʼati sudning 2015-yil 22-apreldagi ajrimini oʻzgarishsiz qoldirishni, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatlarini qoplashni arizachi zimmasiga yuklashni lozim deb topadi.
2015-yil 24-iyun,
13-1503/5169-son