Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Notarius stajorining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 29-dekabrda 2149-6-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2010-yil 20-oktabrdagi 223-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2149, 2010-yil 20-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 42-43-son, 369-modda) bilan tasdiqlangan Notarius stajorining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Notariat, advokatura va FHDY organlari boshqarmasi hamda Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Usmanov zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 29-dekabr,
389-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2015-yil 29-dekabrdagi 389-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Notarius stajorining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 6-band quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Bunda bir notariusga ikki va undan ortiq stajorni biriktirishga yoʻl qoʻyilmaydi.”.
2. 21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Adliya boshqarmasi rahbari tomonidan stajorning oʻzlashtirishi lozim boʻlgan va notarial faoliyatga taalluqli boshqa masalalarni oʻzida mujassamlashtirgan stajirovka oʻtashning har yarim yillik rejasi (keyingi oʻrinlarda reja deb yuritiladi) tasdiqlanadi va ushbu reja asosida stajorlar oʻz vazifalarini amalga oshiradi. Rejada fuqarolik va notariat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalarining toʻliq oʻrganilishi, shuningdek notarial tasdiqlanadigan yoki shahodatlanadigan hujjatlar loyihalari bilan ishlash masalalari hamda stajorning kasbiy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishiga yoʻnaltirilgan tadbirlar nazarda tutilishi lozim.”.
3. 23-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Stajorni notarial faoliyat bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlarga jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
4. 25-bandda:
“ish rejaning” degan soʻzlar “rejalarning” degan soʻz bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻtkazilgan monitoringlar yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga maʼlumot taqdim etib boriladi.”.
5. 26-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“26. Stajirovka davrida stajor notarial faoliyatning barcha yoʻnalishlaridagi sohalarda kasbiy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi lozim. Bunda stajirovka rahbari:
stajorga rejada belgilangan tadbirlarni bajarish bilan bogʻliq materiallardan, xususan oʻrganish uchun zarur boʻlgan qonun hujjatlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlaydi;
rejada nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilishi va sifatini muntazam ravishda nazorat qiladi;
stajorning siyosiy-huquqiy, fuqarolik va notariat sohasidagi umumiy bilim darajasini, shuningdek notarial amaliyot bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantiradi;
stajorga zarur maslahatlar va tushuntirishlar beradi;
stajorning ish vaqtidan maqsadli foydalanilishini taʼminlaydi.”.
6. 282-bandning ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Stajor maxsus komissiya tomonidan yetarli tayyorgarlikka ega emas deb topilgan taqdirda, stajorga va uning stajirovka rahbariga tegishli chora koʻrish, zarur holda boshqa stajirovka rahbari tayinlash haqida adliya boshqarmasi rahbariga taklif kiritiladi.”.
7. 33-bandning birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Stajor stajirovka oʻtash muddati tugagandan keyin rejalarni bajarish yakunlari boʻyicha yozma hisobot tayyorlaydi”.
8. 35-banddagi “stajirovka rejasi” degan soʻzlar “rejalar” degan soʻz bilan almashtirilsin.
9. 381-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“381. Stajor stajirovka muddati tugagandan soʻng bir oylik muddat ichida malaka imtihonini topshirish uchun tegishli hujjatlarni adliya boshqarmasiga topshirishi shart, uzrli sabablarga (kasallik, homiladorlik va tugʻish taʼtillari, harbiy yigʻinlarga chaqirilganlik va shu kabilar bilan bogʻliq) koʻra ushbu muddat ichida topshira olmagan hollar bundan mustasno. Bunda, stajorning tegishli hujjatlarni oʻz vaqtida topshirishi uchun stajirovka rahbari masʼuldir.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 52-son, 652-modda)