Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi
[Koʻchirma]
“Muhammadsodiq Sobir Servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) bilan Namangan viloyati hokimligining yagona buyurtmachi-injiniring kompaniyasi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) oʻrtasida 2011-yil 10-oktabrda va 2012-yil 8-oktabrda pudrat shartnomalari tuzilgan.
Shartnomalar shartlariga binoan, daʼvogar pudratchi sifatida loyihada nazarda tutilgan ishlarni turar-joy binolarini kapital taʼmirlash boʻyicha ishlarni amalga oshirishi, javobgar esa, buyurtmachi sifatida pudratchiga qurilish uchun zarur sharoitlarni yaratishi va bajarilgan ishlarni qabul qilib, ularning haqini toʻlashi lozim boʻlgan.
Taraflar oʻrtasida imzolangan bajarilgan ishlar boʻyicha hisob-kitob fakturasi maʼlumotnomalaridan koʻrinishicha, daʼvogar tomonidan Namangan shahri, 5-A kichik tuman, 64-uyda 16 570 300 soʻmlik, 6-kichik tuman, 31-uyda 16 207 200 soʻmlik, 1-kichik tuman, 66-uyda 5 335 500 soʻmlik, Sharshara koʻchasi, 35-uyda 17 649 500 soʻmlik, Murabbiy koʻchasi, 18-uyda 2 152 600 soʻmlik, Koʻzagarlik koʻchasi, 29-47-uylarda 401 065 soʻmlik, Mustaqillik koʻchasi, 6-uyda 9 713 200 soʻmlik, Qumqoʻrgʻon koʻchasi, 1-uyda 1 874 400 soʻmlik, Chortoq tumani, Orzu koʻchasi, 7-uyda 1 306 600 soʻmlik hamda Orzu koʻchasi, 8-uyda esa 1 300 800 soʻmlik taʼmirlash ishlari bajarilgan.
Javobgar tomonidan toʻlov majburiyati bajarilmaganligi oqibatida daʼvogar oldida 72 511 530 soʻmlik qarzdorlik vujudga kelgan. Qarzdorlik summasi taraflar oʻrtasida 2014-yil 15-oktabrda imzolangan taqqoslash dalolatnomasi bilan tasdiqlanadi.
Qarzdorlikni undirish boʻyicha choralar samara bermagach, Namangan viloyat prokuraturasi daʼvogar manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgardan 72 511 530 soʻm asosiy qarz va 36 255 765 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning 2014-yil 5-noyabrdagi ajrimi bilan Namangan viloyat moliya boshqarmasi, 2014-yil 10-noyabrdagi ajrimi bilan Namangan viloyat Gʻaznachilik boshqarmasi ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida jalb etilishgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya tartibida koʻrilmagan.
Ushbu hal qiluv qarori ustidan javobgar tomonidan kassatsiya shikoyati berilib, unda birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq oʻrganmasdan, moddiy va protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan holda, jumladan mablagʻlar budjetdan moliyalashtirilishi holatiga eʼtibor bermagan holda qarzni moliya boshqarmasidan undirish choralarini koʻrmay daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelinganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish haqida qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi:
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi)ning 135-moddasiga muvofiq xoʻjalik sudining hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 8 va 234-moddasining ikkinchi qismiga asosan majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.
Ushbu holatda, taraflar oʻrtasidagi nizo pudrat shartnomasidan kelib chiqqan.
FK 631-moddasining birinchi qismiga koʻra, pudrat shartnomasi boʻyicha bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirigʻiga binoan maʼlum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq toʻlash majburiyatini oladi. Agar qonun hujjatlarida yoxud taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ishni bajarish uchun pudratchi tavakkal qiladi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida tuzilgan pudrat shartnomalari asosida daʼvogar tomonidan bajarilgan va hisob-kitob fakturalari asosida javobgar tomonidan qabul qilingan 294 763 248 soʻmlik taʼmirlash ishlari uchun shartnomalarda belgilangan toʻlovlarni amalga oshirish majburiyati lozim darajada bajarilmaganligi, yaʼni mavjud toʻlov topshiriqnomalariga koʻra 222 251 718 soʻm toʻlanganligi bois, javobgarning daʼvogar oldidagi qarzi 72 511 530 soʻmni tashkil etgan. Ushbu qarzdorlik javobgar tomonidan ham tarflar oʻrtasida 2014-yil 15-oktabrda imzolangan taqqoslash dalolatnomasi asosida tan olingan.
Ushbu holatda, birinchi instansiya sudi daʼvo talablarining asosiy qarz summasini qanoatlantirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan. Chunki, ushbu qarz ish hujjatlari bilan oʻz tasdigʻini topgan va javobgar tomonidan ham tan olingan.
Shartnomaning 58-bandi talabiga koʻra, javobgarga kechiktirilgan toʻlov kunlariga daʼvogar tomonidan asosli ravishda 36 255 765 soʻm penya summasi hisoblangan.
FKning 260-moddasiga koʻra qonun hujjatlari yoki shartnoma bilan belgilangan, qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorga toʻlashi shart boʻlgan pul summasi neustoyka hisoblanadi.
Keltirilgan Kodeks 261-moddasining birinchi qismiga koʻra, neustoyka jarima yoki penya shaklida boʻladi.
Ushbu holatda, sud, FKning 326-moddasi talabini inobatga olgan holda qarzdorning moddiy ahvolidan kelib chiqib, soʻralgan penya summasini toʻgʻri 8 136 689 soʻmga kamaytirgan.
FK 333-moddasining birinchi qismida, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob berishi belgilangan boʻlib, qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarish uchun oʻziga bogʻliq boʻlgan hamma choralarni koʻrganligini isbotlasa, u aybsiz deb topiladi.
Ushbu holatda, sudlov hayʼati, javobgarning “shartnomalar shartlari boʻyicha taʼmirlash ishlari budjetdan moliyalashtirilishi lozimligi bois, moliya boshqarmasini javobgar sifatida jalb etib, undan qarzni undirish lozimligi haqida”gi fikri bilan kelisha olmaydi. Chunki, keltirilgan amaldagi qonun normalariga koʻra, taraflar oʻrtasidagi majburiyat pudrat shartnomasidan kelib chiqadi hamda unga koʻra moliya boshqarmasi bajarilgan taʼmirlash ishlari boʻyicha daʼvogar oldida toʻlov majburiyatini olmagan.
XPK 188-moddasining birinchi qismida moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻlishi nazarda tutilgan.
Ushbu holatda, hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar mavjud emas.
Shunga koʻra, sudlov hayʼati, Namangan viloyat xoʻjalik sudining 2014-yil 14-noyabrdagi hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, javobgarning kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, shu bilan birga XPKning 95-moddasiga asoslangan holda kassatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlari, chunonchi ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini javobgardan undirishni lozim topdi.
2015-yil 20-aprel,
16-1402/13069-son