Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MAKROIQTISODIYOT VA STATISTIKA VAZIRLIGI HUZURIDA BIRLAShGAN HAYʼAT TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Islohotlar va investitsiyalar boʻyicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengashning 2001-yil 11-yanvardagi qaroriga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasi Umumiqtisodiyot kompleksining samarali, maqsadga yoʻnaltirilgan ishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1.Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi Birlashgan hayʼatning shaxsiy tarkibi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi Birlashgan hayʼat toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi Birlashgan hayʼat qoshida tashkil etiladigan ekspert kengashlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Birlashgan hayʼatning asosiy vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Umumiqtisodiyot kompleksining iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilishning quyidagi ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishga qaratilgan samarali, maqsadga yoʻnaltirilgan va uygʻun ishlashini taʼminlash etib belgilansin:
makroiqtisodiy barqarorlikni va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash;
iqtisodiyotdagi tarkibiy qayta oʻzgartirishlarni maqsadga yoʻnaltirilgan holda amalga oshirish;
koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish va unda xususiy mulkning yetakchi rolini taʼminlash;
tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish va valyuta bozorini bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
zamonaviy yaxlit bozor, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish;
demografik prognozlar amalga oshirilishini nazorat qilish va mehnatga layoqatli aholini ish bilan taʼminlashga doir faol siyosat yurgizish, mehnat bozorini shakllantirish;
xalqning moddiy farovonligi barqaror izchil oʻsishini taʼminlash, aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish.
3. Birlashgan hayʼat raisi (R.S. Azimov) Birlashgan hayʼat ishi yuksak tashkil etilishini, Umumiqtisodiyot kompleksiga kiruvchi vazirliklar va idoralar ishini muvofiqlashtirish, uning uygʻunligi va samaradorligi darajasi oshirilishini, idoraviy manfaatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturiga muvofiq Umumiqtisodiyot kompleksi oldida turgan yagona vazifalar hal etilishiga boʻysundirilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 19-yanvar,
42-son
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi Birlashgan hayʼat toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
nizom
I. Umumiy qoidalar
1.1. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi Birlashgan hayʼat (keyingi oʻrinlarda Birlashgan hayʼat deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksi ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
1.2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksi ishining samaradorligi va maqsadga yoʻnaltirilganligini, uning tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturiga muvofiq iqtisodiyotni erkinlashtirishning ustuvorliklari va strategik vazifalarini hal etish, iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va barqaror iqtisodiy oʻsish, idoraviy manfaatlarni Umumiqtisodiyot kompleksi oldida turgan yagona vazifalarni hal etishga boʻysundirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan va oʻzaro bogʻliq faoliyatini taʼminlash Birlashgan hayʼat faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
1.3. Birlashgan hayʼat oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga amal qiladi.
1.4. Birlashgan hayʼat oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Umumiqtisodiyot kompleksi tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning bajarishi uchun majburiy hisoblanadi.
II. Birlashgan hayʼatning vazifalari
2.1. Belgilangan maqsadlarga muvofiq iqtisodiyotni yanada erkinlashtirishning dolzarb muammolarini hal etishning eng natijali va samarali yoʻllarini ishlab chiqish, iqtisodiyotni isloh qilish va rivojlantirishning quyidagi ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish Birlashgan hayʼatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
makroiqtisodiy barqarorlikni va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash;
iqtisodiyotdagi tarkibiy qayta oʻzgartirishlarni maqsadga yoʻnaltirilgan holda amalga oshirish;
koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish va unda xususiy mulkning yetakchi rolini taʼminlash;
tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish va valyuta bozorini bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
zamonaviy yaxlit bozor, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish;
demografik prognozlar amalga oshirilishini nazorat qilish va mehnatga layoqatli aholini ish bilan taʼminlashga doir faol siyosat yurgizish, mehnat bozorini shakllantirish;
xalqning moddiy farovonligi barqaror izchil oʻsishini taʼminlash, aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish.
III. Birlashgan hayʼatning funksiyalari
3.1. Koʻrsatib oʻtilgan vazifalarga muvofiq Birlashgan hayʼatga quyidagi funksiyalar yuklanadi:
iqtisodiyotni isloh qilish va rivojlantirishning ustuvorliklari va strategik vazifalari yuzasidan qabul qilinayotgan qarorlarning kollegialligini taʼminlash;
balanslar tizimi, mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishning maqsadli kompleks dasturlari asosida, shuningdek jahon iqtisodiy rivojlanishining shakllanayotgan tendensiyalarini hisobga olgan holda iqtisodiyotni qisqa muddatli, oʻrtacha muddatli va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishning kelishilgan prognozlarini ishlab chiqish, ekspert baholash, Hukumatning koʻrib chiqishi uchun kiritish;
Umumiqtisodiyot kompleksi vazirliklari va idoralari tomonidan iqtisodiyotni erkinlashtirish va isloh qilish boʻyicha ustuvor vazifalarni hal etish yuzasidan ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar, shuningdek Birlashgan hayʼatning qabul qilingan qarorlari bajarilishini muntazam nazorat qilish va monitoringini olib borish;
iqtisodiy idoralar faoliyati samaradorligini va iqtisodiy rivojlantirish va isloh qilish vazifalarini amalga oshirishga ular qoʻshgan hissani tahlil qilish va baholash.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Birlashgan hayʼatning huquqlari va majburiyatlari
4.1. Birlashgan hayʼat quyidagi huquqlarga egadir:
Umumiqtisodiyot kompleksi tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan yuklangan vazifalar bajarilishi hamda ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar doirasiga kiruvchi boshqa masalalar boʻyicha vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan iqtisodiyotni isloh qilish ustuvorliklaridan va Oʻzbekiston Respublikasi oldida turgan strategik vazifalardan kelib chiqib iqtisodiy rivojlantirish va isloh qilish masalalari, Umumiqtisodiyot kompleksining samarali, uygʻun va maqsadga yoʻnaltirilgan ishini taʼminlash Chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish boʻyicha Umumiqtisodiyot kompleksiga kirmaydigan vazirliklar, idoralar, korxonalarning hisobotlarini eshitish;
vazirliklar va idoralarga, ilmiy-tadqiqot va loyihalashtirish institutlariga, markazlarga iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilish bilan bogʻliq muammolar, dasturlar loyihalari, chora-tadbirlar va tadbirlar ishlab chiqilishini topshirish;
doimiy ishlovchi ekspert kengashlari, shuningdek zarurat boʻlganda idoralararo komissiyalar va ishchi guruhlari tashkil etish;
Birlashgan hayʼat va doimiy ishlovchi ekspert kengashlari ishiga Umumiqtisodiyot kompleksi tarkibiga kirmaydigan vazirliklar va idoralarning yetakchi mutaxassislarini, oliy oʻquv yurtlarining olimlari va oʻqituvchilarini, xorijiy olimlar va mutaxassislarni jalb qilish;
investitsiya dasturlariga va yirik loyihalarga ekspert baho berish va ular boʻyicha xulosalar berish.
4.2. Birlashgan hayʼat quyidagilarga majburdir:
har yili Birlashgan hayʼat ish rejasini tasdiqlash va uning amalga oshirilishini taʼminlash;
oʻz majlislarida birinchi navbatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning birinchi sessiyasidagi maʼruzasida bayon qilingan iqtisodiyotni erkinlashtirish va isloh qilish boʻyicha ustuvor vazifalar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 2-iyundagi PF-2612-son Farmoni bilan tasdiqlangan Jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy sohalarida islohotlarni erkinlashtirish va chuqurlashtirish, mamlakat xavfsizligini taʼminlash boʻycha dasturlarni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan iqtisodiyotni isloh qilish ustuvorliklaridan va Oʻzbekiston Respublikasi oldida turgan strategik vazifalardan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasi Umumiqtisodiyot kompleksining samarali, uygʻun va maqsadga yoʻnaltirilgan ishini taʼminlash boʻyicha Chora-tadbirlar dasturi bajarilishiga qaratilgan masalalarni chuqur va har tomonlama koʻrib chiqish;
vazirliklar va idoralar tomonidan Birlashgan hayʼatning iqtisodiyotni rivojlantirish, erkinlashtirish va isloh qilish masalalari boʻyicha qarorlari bajarilishini nazorat qilish;
Birlashgan hayʼatga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga muntazam axborot berish.
V. Birlashgan hayʼat faoliyatini tashkil etish
5.1. Birlashgan hayʼatning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi tomonidan tasdiqlanadi. Birlashgan hayʼat aʼzolari boshqa ishga oʻtganlari taqdirda ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar Birlashgan hayʼat tarkibiga kiritiladi.
5.2. Birlashgan hayʼatga Birlashgan hayʼat Raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Vazirlar Mahkamasi Umumiqtisodiyot kompleksi rahbari – Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vaziri rahbarlik qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Rais:
Birlashgan hayʼatning rejali va rejadan tashqari majlislarini chaqirish;
Birlashgan hayʼat majlislari protokollarini imzolash;
Birlashgan hayʼat majlislariga vazirliklar, idoralar rahbarlarini, mutaxassislar, ekspertlarni va masalalarni muhokama qilishda zarur boʻladigan boshqa shaxslarni taklif etish huquqiga ega.
Rais:
Birlashgan hayʼatning oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha samarali, bahamjihat, muvofiqlashtirilgan va aniq maqsadni koʻzlagan holda ishlashini;
Birlashgan hayʼat majlislarining Birlashgan hayʼatning har yili tasdiqlanadigan ish rejasiga muvofiq muntazam ravishda oʻtkazilishini taʼminlashi shart.
5.3. Birlashgan hayʼat huzurida iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilishning ayrim eng muhim masalalarini oʻrganish, tahlil qilish va ular boʻyicha takliflar kiritish uchun tegishli mutaxassislardan, shu jumladan Birlashgan hayʼat aʼzolari boʻlmagan mutaxassislardan iborat boʻladigan doimiy ishlaydigan ekspert kengashlari tuziladi.
Ekspert kengashlari toʻgʻrisidagi nizom va ularning shaxsiy tarkibi Birlashgan hayʼat qarori bilan tasdiqlanadi.
5.4. Birlashgan hayʼat majlislari tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq, lekin har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
5.5. Birlashgan hayʼat majlislari uning aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda qonuniy huquqqa ega boʻladi.
5.6. Birlashgan hayʼat qarorlari ular uchun majlisda qatnashgan Birlashgan hayʼat aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.
5.7. Koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha barcha zarur materiallarni tayyorlash va rasmiylashtirishni Birlashgan hayʼat Raisi tomonidan tayinlanadigan Birlashgan hayʼat kotibi tashkil etadi.
5.8. Birlashgan hayʼat ishlari natijalari protokollar shaklidagi qarorlar bilan rasmiylashtiriladi, ularni Rais imzolaydi. Birlashgan hayʼat kotibi belgilangan tartibda majlislar protokollarini majlisdan keyin uch kun muddatdan kechiktirmay Birlashgan hayʼatning barcha aʼzolariga, shuningdek zarurat boʻlganda esa protokollardan koʻchirmalar holida bevosita ijrochilarga belgilangan tartibda joʻnatadi.
5.9. Birlashgan hayʼat majlislarida qabul qilingan qarorlarning bajarilishini Birlashgan hayʼat kotibi nazorat qilib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Birlashgan hayʼat qoshida tuziladigan doimiy ishlaydigan ekspert kengashlari
Keyingi tahrirga qarang.
roʻyxati
1. Yoqilgʻi-energetika kompleksini balansli rivojlantirish hamda uglevodorod va mineral xomashyo zaxirasidan oqilona foydalanish boʻyicha ekspert kengashi.
2. Tarkibiy qayta oʻzgartirishlar va investitsiya siyosati boʻyicha ekspert kengashi.
3. Demografik oʻsish, mehnat bozorini rivojlantirish va aholini ish bilan oqilona taʼminlash masalalari boʻyicha ekspert kengashi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 1-2-son, 6-modda; 2003-y., 4-son, 42-modda; 22-son, 222-modda)