Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Mijoz bankning hisobvaraqda turgan pul mablagʻlari bilan operatsiya qilish boʻyicha xizmatlariga bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida haq toʻlaydi
[Koʻchirma]
“MUSHTARI” xususiy kichik korxonasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, AT “Paxtabank” Gulbahor filialidan 3167283,30 soʻm asosiy qarz, 3167283,30 soʻm zarar, jami 6334566,60 soʻm undirishni soʻragan.
2009-yil 26-fevraldagi sud ajrimi bilan ishga daxldor boʻlmagan shaxs — AT “Paxtabank” Gulbahor filiali ishga daxldor boʻlgan shaxs — AT “Paxtabank”ka almashtirilgan.
Hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar daʼvogar daʼvo talabining miqdorini koʻpaytirib, javobgardan 3167283,30 soʻm asosiy qarz, 4854162,16 soʻm neustoyka, 14957402 soʻm zarar, jami 22978847,46 soʻm undirishni soʻragan. Keyinchalik daʼvo talabi miqdorini kamaytirib, javobgardan 3167283,30 soʻm asosiy qarz, 4854162,16 soʻm neustoyka, 7177012,74 soʻm zarar, jami 15198458,20 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 25-martdagi hal qiluv qarori bilan AT “Paxtabank”dan 3167283,30 soʻm asosiy qarz, 7177012,74 soʻm zarar, 7000 soʻm pochta xarajatlari undirilgan. Qolgan daʼvo talablari rad etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-martdagi PQ-1084-son Qaroriga asosan AT “Paxtabank” AT “Agrobank” sifatida qayta tashkil etilganligi sababli 2009-yil 19-maydagi sud ajrimi bilan AT “Paxtabank” AT “Agrobank”ka almashtirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, daʼvo rad etilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorini bekor qilib, hal qiluv qarorini kuchda qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga asosan sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “MUSHTARI” xususiy kichik korxonasi va AT “Paxtabank” Gulbahor filiali oʻrtasida 2004-yil 9-aprelda 273-son bank hisobvaragʻi shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, bank xususiy kichik korxonaga keng koʻlamli hisob-kitob — kassa xizmatini koʻrsatish, uning topshirigʻiga binoan amaldagi qonunlar va meʼyoriy hujjatlarda koʻzda tutilgan barcha hisob-kitob va kassa operatsiyalarini oʻtkazish majburiyatini, xususiy kichik korxonasi esa, oʻz navbatida, bank tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun mazkur shartnomada belgilangan miqdorda haq toʻlash majburiyatini olgan.
“MUSHTARI” xususiy kichik korxonasi tomonidan 2005-yil apreldan 2008-yil martgacha inkassatsiya xizmati orqali AT “Paxtabank” Gulbahor filialiga topshirilgan naqd pullar xususiy kichik korxonaning AT “Turonbank” Zangiota filialidagi hisob raqamiga oʻtkazilgan. AT “Paxtabank” Gulbahor filiali ushbu davrdagi hisob-toʻlov operatsiyasi oʻtkazilgan toʻlov summasining 0,5 foizi, 3167283,30 soʻm miqdorida xizmat haqi ushlab qolgan.
Daʼvogar javobgardan 3167283,30 soʻm asosiy qarz hamda unga hisoblangan neustoyka va zararni undirishni soʻragan. Birinchi instansiya sudi asosiy qarz va zararni undirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 780-moddasining birinchi qismiga asosan mijoz bankning hisobvaraqda turgan pul mablagʻlari bilan operatsiya qilish boʻyicha xizmatlariga bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida haq toʻlaydi.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnoma 4.1-bandining uchinchi xatboshisiga binoan hisob-toʻlov operatsiyasi oʻtkazish uchun bank xususiy kichik korxonadan toʻlov summasining 0,5 foizi miqdorida haq olishi belgilangan.
Shunga koʻra, AT “Paxtabank” Gulbahor filiali “MUSHTARI” xususiy kichik korxonasidan hisob-toʻlov operatsiyasi oʻtkazilgan toʻlov summasining 0,5 foizi, 3 167 283,30 soʻm miqdorida xizmat haqini ushlab qolgan.
Asosiy qarzning rad etilishi unga hisoblangan neustoyka va zararning ham rad etilishiga asos boʻladi. Apellatsiya instansiyasi sudi asosli ravishda hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni rad etgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 7-iyul,
11-0928/458-son