Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Daʼvogar nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan, bu esa shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, xoʻjalik sudi daʼvoni koʻrmasdan qoldiradi
[Koʻchirma]
Toʻrtkul tuman Davlat soliq inspeksiyasi (bundan keyin matnda — DSI) xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, yakka tartibdagi tadbirkor Karimbayev Sharafaddin Umarovich (bundan keyin matnda — YTT)ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (bundan buyon matnda — Soliq kodeksi)ning 114-moddasiga asosan 115 591 400 soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab toʻliq qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, arizani koʻrmasdan qoldirish haqida yangi qaror qabul qilingan.
Kassatsiya shikoyatida tadbirkor tomonidan DSIning qarori yuzasidan moliyaviy jarima toʻlashi yoki uni rad etishi toʻgʻrisida yozma bildirish taqdim etilmaganligi haqida vajlar keltirilib, qarorni bekor qilib, YTTga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllash soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyatda keltirilgan vajlarni ishdagi hujjatlar bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Departamenti Qoraqalpogʻiston Respublikasi Boshqarmasining (bundan buyon matnda — Boshqarma) Toʻrtkul tuman boʻlimi tomonidan qoʻzgʻatilgan 176552-sonli jinoyat ishi boʻyicha 2012-yil 5-sentabrda qabul qilingan “Hujjatli taftish tayinlash haqida”gi qarori, Boshqarmaning 2012-yil 25-sentabrdagi 397-sonli buyrugʻiga asosan YTTda soliq qonunchiligiga rioya qilinishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Maxqamasi qarorlari talablarining bajarilishi yuzasidan tekshiruv oʻtkazilgan.
Tekshirish natijalari yuzasidan DSI tomonidan 2012-yil 1-noyabrda moliyaviy jarima qoʻllash toʻgʻrisida qarori qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2014-yil uchun tasdiqlangan ish rejasiga asosan soliq organlarining maxsus nazorat-taftish boshqarmasi tomonidan DSI oʻtkazgan tekshirish natijasi boʻyicha YTTga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllanilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 31-sonli boʻyrugʻi ijrosini taʼminlash maqsadida DSIning “Soliqqa oid qonunbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida”gi 2014-yil 6-avgustdagi qarori qabul qilingan. Unga koʻra, YTTga nisbatan Soliq kodeksi 114-moddasining ikkinchi qismiga asosan 115 591 400 soʻm miqdorida moliyaviy jarima hisoblangan.
Qaror asosida hisoblangan moliyaviy jarimalar ixtiyoriy toʻlanmaganligi sababli, DSI sudga murojaat qilib, YTTga nisbatan yuqorida qayd etilgan moliyaviy jarimani qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi DSIning arz qilingan talabini toʻliq qanoatlantirib, YTTga nisbatan Soliq kodeksi 114-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq 115 591 400 soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllab, barvaqt xulosaga kelgan.
Chunki, DSI tomonidan 2014-yil 6-avgustda qabul qilingan “Soliqqa oid qonunbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida”gi qaror YTTga 1002-sonli kvitansiya bilan 2014-yil 19-avgust kuni buyurtma xat orqali yuborilgan. DSI xoʻjalik sudiga YTTga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllash haqida ariza bilan 2014-yil 21-avgustda murojaat qilgan. Vaholanki, Soliq kodeksi 104-moddasining toʻrtinchi qismida agar davlat soliq xizmati organining qarori budjetga hamda davlat maqsadli jamgʻarmalariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning tushmasligiga olib kelmagan soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun soliq toʻlovchiga nisbatan jarima qoʻllanilishini nazarda tutsa, soliq toʻlovchi qaror nusxasini olgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organiga mazkur huquqbuzarliklardagi aybini tan olganligi va ixtiyoriy ravishda jarima toʻlashi toʻgʻrisida yoki uni rad etishi toʻgʻrisida yozma bildirish taqdim etishi (yuborishi) shartligi, mazkur moddaning oltinchi qismida ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq soliq toʻlovchi sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarliklardagi aybini tan olganligi va jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlash toʻgʻrisidagi yoki uni rad etganligi toʻgʻrisidagi yozma bildirishni taqdim etmagan yoxud rad etganligi toʻgʻrisida yozma bildirish taqdim etgan taqdirda, shuningdek ushbu moddaning beshinchi qismiga muvofiq berilgan muddat ichida jarima toʻlanmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchiga nisbatan jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishi belgilangan.
Ushbu qoida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2010-yil 18-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi umumiy qismini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 210-sonli qarorining 33-bandida ham nazarda tutilgan.
Ammo, DSI yuqorida qayd etilgan talablarga rioya qilmasdan, yaʼni YTTning sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarliklardagi aybini tan olganligi va jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlash toʻgʻrisidagi yoki uni rad etganligi toʻgʻrisidagi yozma bildirishni kutmasdan, sudga ariza bilan murojaat qilib xatolikka yoʻl qoʻygan. Bu esa daʼvoni koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-sonli qarori 17-bandining uchinchi xatboshisida agar apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrishda ishning faktik holatlari taqdim etilgan dalillarni har tomonlama, toʻliq va obyektiv tekshirish asosida aniqlangan, ammo sudning xulosalari ushbu holatlarga muvofiq emas deb topsa, apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qilishi va yangi qaror qabul qilishi haqida tushuntirish berilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi oʻz navbatida ushbu Plenum qarori talablariga rioya qilgan holda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, ish boʻyicha arizani koʻrmasdan qoldirish haqida yangi qabul qaror qilib qonuniy toʻxtamga kelgan.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻla olmaydi deb hisoblab, uni oʻzgarishsiz, shikoyatni esa qanoatlantirmasdan, ishni kassatsiya instansiyasida koʻrish bilan bogʻliq DSI tomonidan oldindan toʻlangan 7000 soʻm pochta xarajatlarini uning zimmasida qoldirishni, shuningdek sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan 30 000 soʻm sud xarajatlarini DSIdan undirishni lozim topadi.
2015-yil 20-yanvar,
23-1403/8836-son