Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Kredit shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi kredit tashkilotini kredit shartnomasini bekor qilish paytidan boshlab qaytarish kuniga qadar pul mablagʻlaridan foydalanilgan butun davr uchun FKning 734-moddasida nazarda tutilgan foizlarni olish huquqidan mahrum qilmaydi
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda — Palata) DT “Xalq banki” Karaul filiali (bundan buyon matnda — Filial) manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “CARAVAN XIVA” xususiy korxonasidan (bundan buyon matnda — Xususiy korxona) 37 740 000 soʻm kredit foizi undirishni soʻragan.
Sudning 2014-yil 15-avgustdagi ajrimi bilan ishga DT “Xalq banki” (bundan buyon matnda — Bank) daʼvogar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 28-avgustdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi toʻliq qanoatlantirilgan. Xususiy korxonadan Bank foydasiga 37 740 000 soʻm kredit foizi undirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Raisining 2014-yil 19-sentabrdagi 06-04/1-36-sonli Farmoyishiga asosan ishni Xorazm viloyat xoʻjalik sudining apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun kvorum mavjud emasligi sababli, ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun Navoiy viloyat xoʻjalik sudiga oʻtkazilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2014-yil 24-noyabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Xususiy korxona kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilib, unda sud tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar oʻrganilmaganligi, Xorazm viloyat xoʻjalik sudida qoʻzgʻatilgan 22-1304/9279-sonli ish yuzasidan 2013-yil 14-oktabrda qabul qilingan hal qiluv qarori bilan kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinib, kredit qarzdorlik va unga hisoblangan foizlar jarimasi bilan birgalikda undirilib, undiruv garov mulklariga qaratilganligi, ushbu holda, ikkinchi marotoba kredit foizi notoʻgʻri undirilganligi bayon etilib, sud qarorlarini bekor qilish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Filial va Xususiy korxona oʻrtasida 2012-yil 4-oktabrda tuzilgan 181-sonli kredit shartnomasiga asosan savdo faoliyatini kengaytirish uchun 1 yil muddatga yillik 18 foiz ustama toʻlash sharti bilan 740 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratilgan.
Ushbu kredit taʼminoti sifatida 2012-yil 18-oktabrda tuzilgan garov shartnomasiga asosan “Xorazmulgurjisavdoinvest” MChJ va “Xorazm mega beton” MChJga tegishli boʻlgan, 2012-yil 19-oktabrda tuzilgan garov shartnomasiga asosan Xususiy korxonaga tegishli boʻlgan mulklar garovga qoʻyilgan.
Palataning Filial manfaatida bergan daʼvo arizasi boʻyicha Xorazm viloyat xoʻjalik sudida qoʻzgʻatilgan 22-1304/9279-sonli ish yuzasidan 2013-yil 14-oktabrda qabul qilingan hal qiluv qaroriga koʻra, Filial va Xususiy korxona oʻrtasida 2012-yil 4-oktabrda tuzilgan 181-sonli kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan. Bank foydasiga Xususiy korxonaga tegishli boʻlgan Restoran binosi, “Xorazmulgurjisavdoinvest” MChJga tegishli boʻlgan ““LASETTI” rusumli avtomashina, “Xorazm mega beton” MChJga tegishli boʻlgan “LG-936L” rusumli yuklagich (traktor) hisobidan 740 000 000 soʻm kredit qarz, 61 200 000 soʻm kredit foizi, 5 550 000 soʻm jarima undirilgan. Xususiy korxonaga tegishli boʻlgan Restoran binosining boshlangʻich sotuv bahosi 760 000 000 soʻm, “Xorazmulgurjisavdoinvest” MChJga tegishli boʻlgan ““LASETTI” rusumli avtomashinaning boshlangʻich sotuv bahosi 50 000 000 soʻm, “Xorazm mega beton” MChJga tegishli boʻlgan “LG-936L” rusumli yuklagich (traktor)ning boshlangʻich sotuv bahosi 120 000 000 soʻm qiymatida belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fukarolik kodeksi (bundan buyon matnda — FK) ning 744-moddasiga koʻra, kredit shartnomasi boʻyicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablagʻlari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar toʻlash majburiyatini oladi.
Kredit shartnomasining 3.11-bandiga koʻra, qarz oluvchi kreditni qaytarish muddati buzilgan hollarda xususan 30 kungacha kechiktirilgan qarz uchun 1,3 baravari, 30 kundan ortiq kechiktirilgan qarz uchun 1,5 baravari miqdorida ajratilgan kredit summasiga belgilangan yillik miqdoriga nisbatan foizlar toʻlash majburiyatini olgan.
Shu bois, 2013-yilning sentyabr oyi uchun 1,3 baravari miqdorida 14 430 000 soʻm, oktyabr oyi uchun 1,5 baravari miqdorida 16 650 000 soʻm, noyabr oyining 12 kuni uchun 1,5 baravari miqdorida 6 660 000 soʻm miqdorida, jami 37 740 000 soʻm miqdorida oshirilgan kredit foizi hisoblangan.
FK 734-moddasining birinchi qismiga koʻra, agar qonunda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz beruvchi (yuridik shaxs yoki fuqaro) qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foizlar olish huquqiga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 20-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarori 10-bandining ikkinchi xatboshiga koʻra, kredit shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi kredit tashkilotini kredit shartnomasini bekor qilish paytidan boshlab qaytarish kuniga qadar pul mablagʻlaridan foydalanilgan butun davr uchun FKning 734-moddasida nazarda tutilgan foizlarni olish huquqidan mahrum qilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 186-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Ishni koʻrishda birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan.
Bunday holatda sudlov hayʼati, sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 188 700 soʻm davlat boji va 7000 soʻm pochta xarajatlarini Xususiy korxona zimmasida qoldirishni hamda ishni kassatsiya instansiyasi sudida videokonferensaloqa rejimi orqali koʻrish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud harajatini uning zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2015-yil 21-yanvar,
22-1404/7683-son