Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ishning xoʻjalik sudi tomonidan aniqlangan holatlari, xoʻjalik sudining bu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalariga asos boʻlgan dalillar va xoʻjalik sudi u yoki bu dalillarni rad qilishiga hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qonun hujjatlarini qoʻllamasligiga sabab boʻlgan vaj, shuningdek sud hal qiluv qarorini qabul qilishida tayangan qonun hujjatlari koʻrsatilishi lozim
[Koʻchirma]
“Ilhom” xususiy firmasi Qoʻqon shahar hokimligiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, hokimiyat zimmasiga buzib tashlangan savdo doʻkoni oʻrniga bozor hudididan teng qiymatli savdo doʻkonini (256,4 kv.m.) xususiy mulk sifatida ajratib berish, ajratib berilgan savdo doʻkoni joylashgan yer uchastkasini “Ilhom” xususiy firmasining xususiy mulki sifatida rasmiylashtirish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 7-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan. Qoʻqon shahar hokimligi zimmasiga Qoʻqon shahridagi “Ilhom” xususiy firmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi Fargʻona viloyat boshqarmasining 1996-yil 12-iyundagi 876/110-3er buyrugʻi, 000803-sonli davlat orderi bilan xususiy mulk sifatida berilgan savdo doʻkoni hamda 003015-sonli davlat orderi bilan xususiy mulk sifatida berilgan 256,4 kv.m. yer maydoni buzib tashlangan savdo doʻkoni oʻrniga teng qiymatida savdo doʻkoni va 256,4 kv.m. yer maydoni ajratib berish va rasmiylashtirish majburiyati yuklatilgan.
Birinchi instansiya sudi 2009-yil 19-iyunda hal qiluv qaroridagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida quyidagi mazmunda ajrim chiqargan: “Hal qiluv qarori xulosa qismining 2-qismiga quyidagi daʼvo talablari kiritilsin: “Javobgar — Qoʻqon shahar hokimligi zimmasiga noqonuniy buzib tashlangan savdo doʻkoni oʻrniga Qoʻqon shahar dehqon bozori hududidan daʼvogar — “Ilhom” xususiy firmasiga teng qiymatli savdo doʻkonini (256,4 kv.m.) xususiy mulk sifatida ajratib berish majburiyati yuklatilsin.
Javobgar — Qoʻqon shahar hokimligi zimmasiga ajratib berilgan savdo doʻkoni joylashgan yer uchastkasini daʼvogar — “Ilhom” xususiy firmasining xususiy mulki sifatida rasmiylashtirish majburiyati yuklatilsin”, deb oʻqilishi haqida taraflarga tushuntirilsin”.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Kassatsiya protestida hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati va protestida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga asosan hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 5-maydagi “Fargʻona va Qoʻqon shaharlarini 2008 — 2012-yillarda rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar Dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 860-sonli qarori asosida Qoʻqon shahar hokimining 2008-yil 8-maydagi 216-sonli qarori qabul qilingan. Ushbu qaror asosida daʼvogarga tegishli boʻlgan savdo doʻkoni buzilgan.
Daʼvogar unga tegishli boʻlgan savdo doʻkoni noqonuniy buzilganligini bildirib, xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi taqdim etgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 138-moddasining beshinchi qismiga koʻra, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ishning xoʻjalik sudi tomonidan aniqlangan holatlari, xoʻjalik sudining bu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalariga asos boʻlgan dalillar va xoʻjalik sudi u yoki bu dalillarni rad qilishiga hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qonun hujjatlarini qoʻllamasligiga sabab boʻlgan vaj, shuningdek sud hal qiluv qarorini qabul qilishida tayangan qonun hujjatlari koʻrsatilishi lozim.
Birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorida Qoʻqon shahar dehqon bozori hududidan savdo doʻkoni ajratish majburiyatini Qoʻqon shahar hokimligi zimmasiga yuklashda Qoʻqon shahar dehqon bozorining alohida yuridik shaxs ekanligi, uning mazkur hududdan savdo doʻkoni ajratilishida manfaatdorligiga eʼtibor bermagan. Qoʻqon shahar dehqon bozoridan savdo doʻkoni ajratish Qoʻqon shahar hokimining vakolat doirasiga kirish-kirmasligini oʻrganmagan.
Qoʻqon shahar dehqon bozorini ishga jalb qilish masalasi hal etilmagan.
Qoʻqon shahar hokimining 2008-yil 21-apreldagi 200-sonli qarori asosida tashkil etilgan dehqon bozorini mukammal rekonstruksiya qilish munosabati bilan bozorning tasdiqlangan bosh rejasiga asosan buzilishga tushgan savdo rastalari, shoxobchalari va boshqa bino-inshootlarni buzishni tashkil etish komissiyasi tomonidan “Ilhom” xususiy firmasining buzilgan savdo doʻkoni inventarizatsiya qilingan yoki qilinmaganligi oʻrganilmagan.
Birinchi instansiya sudi ushbu komissiya raisi va aʼzolarini sud majlisida guvoh sifatida ishga jalb qilish choralarini koʻrmagan, buzilgan savdo doʻkoni oʻrniga shahar hokimligi tomonidan yer uchastkasi ajratilgan yoki ajratilmaganligi holatiga aniqlik kiritmasdan, daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi 86-moddasining birinchi qismida yerlar olib qoʻyilganda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlarga yetkazilgan zararning oʻrni (shu jumladan boy berilgan foyda) toʻla hajmda qoplanishi kerakligi belgilangan.
Birinchi instansiya sudi “Ilhom” xususiy firmasiga yetkazilgan zararlar miqdorini shahar hokimligi tomonidan tuzilgan komissiya aniqlagan yoki aniqlamaganligini oʻrganmagan. Komissiyadan buzilgan bino-inshootlarga yetkazilgan zarar qiymatini aniqlash jadvalini talab qilib olmagan va ushbu hujjatlarni oʻrganmagan.
Bayon etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini va protestni qanoatlantirib, hal qiluv qarorini bekor qilishni, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etib, ishdagi taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib, taraflardan ish uchun ahamiyatli boʻlgan hujjatlarni talab qilib olib, Qoʻqon shahar dehqon bozorini ishga jalb qilish masalasini hal etib, taraflarning vajlariga, ishdagi va toʻplangan dalillarga huquqiy baho berib, qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim.
2010-yil 10-fevral,
15-0906/5594-son