Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Nizoni sudgacha hal qilish tartibi qonunda yoki shartnomada nazarda tutilmagan boʻlsa, ishni shu asosda koʻrmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi
[Koʻchirma]
“Fayzbaland baxt” MChJ va “Talaba taom” xususiy firmasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Fayzbaland baxt” MChJ, “Talaba taom” xususiy firmasi va “Talaba savdo” xususiy korxonasiga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk chegarasini belgilab, Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi hamda “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri xizmati” davlat unitar korxonasiga koʻchmas mulkni “Talaba taom” xususiy firmasi nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2008-yil 31-oktabrdagi ajrimi bilan koʻchmas mulkni “Talaba taom” xususiy firmasi nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazish majburiyatini yuklash toʻgʻrisidagi talab boʻyicha daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan. “Fayzbaland baxt” MChJ, “Talaba taom” xususiy firmasi va “Talaba savdo” xususiy korxonasiga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk chegarasini belgilash haqidagi talab boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida sud ajrimini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish, kassatsiya protestida esa sud ajrimini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va protest vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud ajrimini bekor qilib, ishni birinchi instansiya sudiga koʻrish uchun yuborishni lozim topadi.
Birinchi instansiya sudi protsessual huquq normalarini buzgan holda ishni koʻrib chiqqan. Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 88-moddasining 8-bandiga asosan yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ariza koʻrilayotganda huquq toʻgʻrisida nizo kelib chiqqan boʻlsa, daʼvo koʻrmasdan qoldiriladi.
Ammo, daʼvogar koʻchmas mulkka nisbatan yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktni aniqlash toʻgʻrisida emas, balki koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish majburiyatini yuklash toʻgʻrisidagi talab bilan daʼvo taqdim qilgan.
Bundan tashqari, sud daʼvoni koʻrmasdan qoldirishda daʼvogar nizoni sudgacha hal etish tartibiga rioya qilmaganligini asos qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 88-moddasining 5-bandiga binoan daʼvogar nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan, bu esa shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, daʼvo koʻrmasdan qoldiriladi.
“Fayzbaland baxt” MChJ va “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri xizmati” davlat unitar korxonasi oʻrtasida 2008-yil 4-martda tuzilgan 8-1368-08P-sonli shartnomada yoki shu toifadagi nizolar uchun qonunda nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilanmagan.
Qolaversa, “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri xizmati” davlat unitar korxonasi 2008-yil 20-mayda 4411/D-son xati bilan koʻchmas mulklar chegarasi tasdiqlanmagunicha roʻyxatga olish ishlari vaqtincha toʻxtatilishini maʼlum qilgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud ajrimini bekor qilib, ishni koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni koʻrishda birinchi instansiya sudi taraflarning vajlariga va ishdagi dalillarga huquqiy baho berib, qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim.
2009-yil 11-fevral,
10-0817/13681(30)-son