Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Daʼvo tartibida koʻrilayotgan ishda javobgarga nisbatan bankrotlik ishining mavjudligi aniqlansa, xoʻjalik nizosi boʻyicha ish yuritish tugatiladi
[Koʻchirma]
Hamza tuman davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, davlat budjeti va budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar oldidagi 81634906,53 soʻm soliq qarzi undiruvini “Jahon-paypoq” masʼuliyati cheklangan jamiyatining mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tugatish, kassatsiya protestida esa hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va protest vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tugatishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Hamza tuman davlat soliq inspeksiyasi davlat budjeti va budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar oldidagi 81634906,53 soʻm soliq qarzi undiruvini “Jahon-paypoq” masʼuliyati cheklangan jamiyatining mol-mulkiga qaratishni xoʻjalik sudidan soʻragan.
Birinchi instansiya sudi protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllab, daʼvoni qanoatlantirgan.
Hamza tuman davlat soliq inspeksiyasining “Jahon-paypoq” masʼuliyati cheklangan jamiyatini bankrot deb topish haqidagi arizasi boʻyicha 2008-yil 21-noyabrdagi sud ajrimi bilan ish yuritishga qabul qilinib, qarzdorga nisbatan bankrotlik ishi qoʻzgʻatilgan.
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi qismiga binoan bankrotlik taomili qoʻllanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini ushbu Qonunga muvofiq tashkil etiladigan kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi himoya qiladi. Xoʻjalik sudi qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizani ish yuritish uchun qabul qilib olgan paytdan eʼtiboran kreditorlar qarzdorga oʻz talablarini qondirish maqsadida yakka tartibda murojaat etishga haqli emas.
Ammo birinchi instansiya sudi qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza ish yuritish uchun qabul qilinganidan keyin soliq qarzi undiruvini uning mol-mulkiga qaratish haqidagi daʼvoni ish yuritish uchun qabul qilib, ishni mazmunan koʻrgan.
Vaholanki, agar bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilganidan keyin qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza berilgunga qadar paydo boʻlgan qarzni undirish haqida kreditordan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi tushgan boʻlsa, Xoʻjalik protsessual kodeksi 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq daʼvo arizasini qabul qilish rad etiladi. Daʼvo tartibida koʻrilayotgan ishda javobgarga nisbatan bankrotlik ishining mavjudligi aniqlansa, u holda Xoʻjalik protsessual kodeksi 86-moddasining 1-bandiga asosan xoʻjalik nizosi boʻyicha ish yuritish tugatiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini xoʻjalik sudlari tomonidan qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2006-yil 27-yanvardagi 142-son qarori 6-bandining ikkinchi va uchinchi qismlarida tushuntirish berilgan.
Qayd etilganlarga koʻra sudlov hayʼati hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tugatishni lozim topadi.
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrish bilan bogʻliq 7200 soʻm pochta xarajatlari daʼvogar zimmasiga yuklanadi. Kassatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrish uchun toʻlangan 5000 soʻm pochta xarajatlari daʼvogardan javobgarga undiriladi, ortiqcha toʻlangan 2200 soʻm pochta xarajatlari esa javobgarga qaytariladi.
2009-yil 7-aprel,
10-0806/15714-son