Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi
[Koʻchirma]
“Davr avto biznes” MChJ (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Markaziy XDAAYSITFDK”dan (bundan buyon matnda — javobgar) 12 411 819 soʻm asosiy qarz undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2013-yil 25-apreldagi ajrimi bilan daʼvo arizasi Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda — XPK) 88-moddasi birinchi qismining 6-bandiga asosan koʻrmasdan qoldirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya protestida sudning 2013-yil 11-apreldagi ajrimi bilan ishni koʻrish 2013-yil 25-aprel kuniga qoldirilganligi, lekin daʼvogarga sudning ajrimi yetkazilmaganligi, daʼvogar sud majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor etilmagan boʻlsada, sud asossiz ravishda daʼvoni koʻrmasdan qoldirganligi bayon qilinib, sud ajrimini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sud majlisida daʼvogar vakili kassatsiya protestida keltirilgan vajlarni quvvatlab, sud ajrimi daʼvogarga yetkazilmaganligini bildirib, sud ajrimini bekor qilishni soʻradi.
Sudlov hayʼati daʼvogar vakilining tushuntirishini va prokurorning sud ajrimini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish haqidagi fikrini tinglab, kassatsiya protestida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan sud ajrimini bekor qilib, daʼvo arizani koʻrib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Birinchi instansiya sudi tomonidan nizoni hal etishda protsessual huquq normalari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Chunki, sudning 2013-yil 11-aprel kunidagi sud majlisiga taraflar vakillari kelmaganligi sababli, sudning 2013-yil 11-apreldagi ajrimi bilan ishni koʻrish 2013-yil 25-aprel kuniga qoldirilgan. Lekin sud ajrimi taraflarga yuborilmagan.
Daʼvogar sud majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor etilmagan boʻlsa-da, sud daʼvogar sud majlisiga kelmaganligi asosi bilan XPK 88-moddasining 6-bandiga asosan daʼvoni koʻrmasdan qoldirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
XPK 188-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi, agar bu buzilish notoʻgʻri hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, hal qiluv qarorini yoki qarorni oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Bunday holatda sudlov hayʼati kassatsiya protestini qanoatlantirishni, sud ajrimini bekor qilishni hamda daʼvo arizani koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda sud yuqorida qayd etilgan holatlarni muhokama qilib, shartnoma shartlari va ish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlashga xizmat qiladigan dalillar hamda daʼvo talablarini asoslovchi hujjatlarning asl nusxalarini talab qilib olib, ularni muhokama qilib, ishda taraflar vakillari ishtirokini taʼminlab, ularning vajlariga huquqiy baho berib, moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim boʻladi.
2014-yil 23-iyun,
12-1306/3403-son