Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda qoplashlari shart. Zararni qoplash aybdorlarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod qilmaydi
[Koʻchirma]
Toshkent shahar Tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, “Gulira'no Lyuks servis” MChJdan (bundan buyon matnda — MChJ) oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan 10 824 240 soʻm zararni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Kassatsiya shikoyatida ishni koʻrishda sud moddiy va protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllaganligi, ish hujjatlari toʻliq oʻrganilmaganligi bayon qilinib, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining 15-moddasiga koʻra, oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga faqat sanitariya maqsadlarida hamda binolar, inshootlar va kommunikatsiyalar qurilishi bilan bogʻliq holdagina mahalliy davlat hokimiyati organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan qaroriga binoan yoʻl qoʻyiladi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, daʼvogarning Davlat noziri tomonidan 2013-yil 14-iyunda Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan Chimkent koʻchasi 9-uy orqa tomonidan 1 dona d-65 sm boʻlgan yongʻoq daraxti MChJ tomonidan tegishli ruxsatnomasiz, noqonuniy kesilganligi holati aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan 2013-yil 14-iyunda dalolatnoma rasmiylashtirilib, oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori huquqbuzarlik aniqlangan paytda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 27-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan jarima miqdorlarini hisoblash taksalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 293-sonli qarori asosida hisoblab chiqilgan.
Daʼvogarning 2013-yil 14-iyundagi 13-053-sonli qarori bilan MChJ direktori tegishli ruxsatnomasiz yongʻoq daraxtini kesganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilib, unga 238 770 soʻm miqdorida jarima solingan. Maʼmuriy jarima summasi MChJ direktori tomonidan 2013-yil 9-iyulda ixtiyoriy ravishda toʻlangan.
“Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni 28-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, yuridik va jismoniy shaxslar oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda qoplashlari shart. Zararni qoplash aybdorlarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Shunga koʻra, birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Sudlov hayʼati MChJning ishni koʻrish vaqti va joyi haqida MChJ tegishli ravishda ogohlantirilmaganligi haqidagi vajlari asossiz deb hisoblaydi.
Chunki, birinchi instansiya sudining 2013-yil 30-iyuldagi ajrimi MChJning yuridik manziliga yuborilgan boʻlib, biroq koʻrsatilgan manzilda MChJ yoʻqligi sababli pochta aloqa xizmati tomonidan ajrim sudga qaytarilgan. Birinchi instansiya sudining 2013-yil 20-avgustdagi ajrimi esa 2013-yil 2-sentabrda “Sharof Rashidov” MFY raisi ishtirokida MChJ rahbari N.U. Mamajonovga topshirilganligi haqida maʼlumot mavjud.
Bunday holatda sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilib, asoslantirilgan qaror qabul qilingan deb hisoblab, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, toʻlangan 54 121 soʻm davlat boji va 7 000 soʻm pochta xarajatini MChJ zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2014-yil 17-dekabr,
10-1316/13265-son