Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Xoʻjalik sudiga yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan fuqarolar ishtirokidagi nizolarga doir ishlar, agar tegishli talablar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqsa, taalluqlidir
[Koʻchirma]
“PLC ASIA” MChJ tugatish boshqaruvchisi (bundan buyon matnda – daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojat qilib, Ergashev Odil Fazilovichdan (bundan buyon matnda – javobgar) 24 000 000 soʻm asosiy qarz undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 12-avgustdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 24 000 000 soʻm asosiy qarz undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2014-yil 8-oktabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilingan. Ish boʻyicha ish yuritishni tugatish haqida yangi qaror qabul qilingan.
Daʼvogar kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojat qilib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 23-moddasiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra xoʻjalik sudiga, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan fuqarolar ishtirokidagi nizolarga doir ishlar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqsa, taalluqli ekanligi, javobgar yakka tartibdagi tadbirkorlik maqomini yoʻqotgan boʻlsada, nizo uning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqanligi, biroq, apellatsiya instansiyasi sudi protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllab, hal qiluv qarorini bekor qilish va ish yuritishni tugatish haqida notoʻgʻri xulosaga kelganligi bayon etilib, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish soʻralgan.
Fargʻona viloyat prokuraturasi kassatsiya protesti bilan murojaat qilib, unda birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar oʻrganilmaganligi, daʼvogarning qarzdorlikni undirish borasidagi harakatsizligi, shartnomani saqlash choralarini koʻrmaganligi holatlariga huquqiy baho bermaganligi, apellatsiya instansiyasi sudi esa protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllab, javobgarning tadbirkorlik maqomi tugagan degan asos bilan hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tugatish haqida barvaqt xulosaga kelganligi bayon etilib, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati va kassatsiya protestida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra qarorni bekor qilishni va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, javobgarga dehqon xoʻjaligi (chorvachilik) faoliyatini amalga oshirishi uchun yuridik shaxs boʻlmasdan tashkil etilgan dehqon xoʻjaliklarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida 1044-sonli guvohnoma berilgan, guvohnomaning amal qilish muddati 2012-yil 6-oktabrga qadar belgilangan.
Daʼvogarning bank hisobraqamidagi aylanmasidan koʻchirmaga koʻra 2010-yil 16-iyulda daʼvogar tomonidan javobgarning hisob raqamiga 2010-yil 6-iyulda tuzilgan moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan 24 000 000 soʻm oʻtkazib berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-372-sonli Qonuni 15-moddasining 2-bandiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda – XPK) 23-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilgan. “Xoʻjalik sudiga shuningdek yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan fuqarolar ishtirokidagi nizolarga doir ishlar, agar tegishli talablar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqsa, taalluqlidir”.
Shu bois, daʼvogar javobgardan 24 000 000 soʻm qarzdorlikni undirish haqida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Biroq, apellatsiya instansiyasi sudi protsessual huquq normalarini notoʻgʻri talqin qilgan holda, nizo javobgarning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqanligiga huquqiy baho bermasdan, hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tugatish haqida barvaqt xulosaga kelgan. Garchand, javobgarga dehqon xoʻjaligi (chorvachilik) faoliyatini amalga oshirishi uchun berilgan guvohnomaning amal qilish muddati XPKning 23-moddasiga qoʻshimcha kiritilgunga qadar tugagan boʻlsada, daʼvo arizasi ushbu qoʻshimcha kiritilganidan keyin xoʻjalik sudiga taqdim etilgan. Dyemak mazkur nizo xoʻjalik sudi sudloviga taalluqlidir.
Vaholanki, XPK 23-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi), yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar xoʻjalik sudiga taalluqlidir.
XPKning 188-moddasiga koʻra moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Qayd etilganlarga koʻra sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasi sudining 2014-yil 8-oktabrdagi qarorini bekor qilishni va ishni koʻrib chiqish uchun apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda apellatsiya instansiyasi sudi yuqorida qayd etilgan holatlarni muhokama qilib, hal qiluv qarorining qonuniyligiga huquqiy baho berib, moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan qaror qabul qilishi lozim boʻladi.
2014-yil 10-dekabr,
15-1404/10675-son