Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak
[Koʻchirma]
“Edige kurilis” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy meditsina markazi Nukus filialidan 7324470 soʻm asosiy qarz, 3662235 soʻm penya, jami 10986705 soʻm undirib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan 7324470 soʻm asosiy qarz, 1200000 soʻm penya undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan. Kassatsiya protestida sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va protestda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, birinchi instansiya sudi ishni koʻrishda protsessual huquq normasini buzgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 23-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra xoʻjalik sudiga iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar taalluqlidir.
Agar daʼvo yuridik shaxsning oʻziga emas, balki uning alohida boʻlinmasiga nisbatan taqdim etilgan boʻlsa, u holda yuridik shaxsning oʻzini ishda ishtirok etishga jalb qilish sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 38-moddasiga muvofiq hal etiladi. Daʼvo qanoatlantirilgan taqdirda, undiriladigan summa ishga tegishli javobgar sifatida jalb qilingan yuridik shaxsdan undirilishi lozim. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 162-sonli qarorining 9-bandida tushuntirish berilgan.
Ammo, daʼvogar Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy meditsina markazining Nukus filialiga nisbatan daʼvo qilgan boʻlsada, birinchi instansiya sudi yuridik shaxs hisoblangan Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy meditsina markazini ishga javobgar sifatida jalb qilish masalasini hal etmagan. Daʼvoni qisman qanoatlantirib, asosiy qarz va penyani filialdan undirib, xatoga yoʻl qoʻygan.
Bu xatoni apellatsiya instansiyasi sudi ham takrorlab, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirib, notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak. Qayd etilgan talablarga rioya etmaslik Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 169, 188 va 200-moddalariga muvofiq qarorning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlishi mumkin. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori toʻgʻrisida”gi 161-sonli qarorining 1-bandida tushuntirish berilgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish lozim.
Ishni yangidan koʻrishda sud dalillarga toʻliq baho berib, yuqorida aytib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etib, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy meditsina markazini ishga javobgar sifatida jalb qilishi, sud xarajatlarini undirish masalalarini hal etib, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim.
2011-yil 17-yanvar,
23-1003/6733(8)-son