Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Agar daʼvogarning daʼvodan voz kechishi, javobgarning daʼvoni tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi qonun hujjatlariga xilof boʻlsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa, xoʻjalik sudi daʼvodan voz kechishini, daʼvo talablari miqdorini kamaytirishni, daʼvoni tan olishni qabul qilmaydi, kelishuv bitimini tasdiqlamaydi
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi (bundan buyon matnda – Palata) “Oʼzavtosanoat-Leasing” MChJ lizing kompaniya (bundan buyon matnda – Lizing kompaniya)si manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Oq oltin don maxsulotlari” AJ (bundan buyon matnda – AJ) bilan 2012-yil 18-aprelda tuzilgan 14/12-sonli lizing shartnomasini bekor qilishni, lizing obyekti boʻlgan 10 dona “MAN CLA 26 280 E-3 6x4” rusumli, “MAN CLA 18 280 4x2 E-3” rusumli transport vositalarini hamda 10 dona “SERT” rusumli yarimtirkamalarni qaytarishni soʻragan.
Sudning 2014-yil 16-maydagi ajrimi bilan taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi tasdiqlangan hamda xoʻjalik ishi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Ish apelatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Lizing kompaniyasi kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilib, unda kelishuv bitimi daʼvo talabidan chetga chiqib tuzilganligiga huquqiy baho berilmaganligi, 2014-yil 18-aprel kuni holatiga Lizing kompaniyasining qarzdorligi 479 815 664 soʻmni tashkil etishi, biroq kelishuv bitimi 1 511 271 149,28 soʻmga tuzilganligi, shuningdek, kelishuv bitimida 2 foiz komission toʻlovlarni AJ amalga oshirishi belgilanganligi bayon etilib, ajrimni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Toshkent shahar prokuraturasi kassatsiya tartibida protest keltirib, unda ish uchun ahamiyatli holatlar oʻrganilmaganligi, kelishuv bitimi daʼvo talabidan chetga chiqqan holda tuzilganligi, kelishuv bitimi shartlarida noaniqliklar mavjudligi, unda ilovalar nazarda tutilganligi bayon etilib, sud ajrimini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati va protestda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan sud ajrimini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Lizing kompaniyasi va AJ oʻrtasida 2012-yil 18-aprelda 14/12-sonli umumiy bahosi 3 923 541 704,83 soʻm boʻlgan lizing shartnomasi tuzilgan.
Shartnoma shartlariga koʻra, Lizing kompaniyasi MChJga 10 dona “MAN CLA 26 280 E-3 6x4” rusumli, “MAN CLA 18 280 4x2 E-3” rusumli transport vositalarini hamda 10 dona “SERT” rusumli yarimtirkamalar (bundan buyon matnda – Lizing obyekti)ni lizingga berish, MChJ esa shartnomaning ajralmas qismi boʻlgan toʻlov jadvali asosida lizing toʻlovlarini amalga oshirish majburiyatini olgan.
Lizing kompaniyasi tomonidan berilgan Lizing obyekti uchun toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi natijasida, MChJning Lizing kompaniyasi oldidagi qarzdorligi 2014-yil 19-mart kuni holatiga 273 595 541 soʻmni tashkil etgan.
Shu bois, Palata Lizing kompaniyasi manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, AJ bilan 2012-yil 18-aprelda tuzilgan 14/12-sonli lizing shartnomasini bekor qilishni, Lizing obyektini qaytarishni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida Lizing kompaniyasi va AJ oʻrtasida 2014-yil 16-mayda kelishuv bitimi tuzilib, suddan ushbu kelishuv bitimini tasdiqlash soʻralgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlash va ish yuritishni tugatishda moddiy va protsessual huquq normalari buzilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda — XPK)ning 40-moddasiga koʻra taraflar har qanday instansiyada ishni kelishuv bitimi bilan tamomlashlari mumkin, agar daʼvogarning daʼvodan voz kechishi, javobgarning daʼvoni tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi qonun hujjatlariga xilof boʻlsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa, xoʻjalik sudi daʼvodan voz kechishini, daʼvo talablari miqdorini kamaytirishni, daʼvoni tan olishni qabul qilmaydi, kelishuv bitimini tasdiqlamaydi. Bu haqda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2009-yil 18-dekabrdagi “Kelishuv bitimini tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik protsessual kodeksi normalarining qoʻllanilishi haqida”gi 204-sonli qarorining 13-bandida tushuntirish berilgan.
Shuningdek, mazkur Plenum qarorining 2-bandiga koʻra, kelishuv bitimi deganda, oʻzaro kelishishga asoslangan, daʼvo talabi (talablari)ga nisbatan aniqlikka erishishga qaratilgan, nizoni hal qilish toʻgʻrisidagi taraflarning yozma kelishuvi tushuniladi, 7-bandida esa sudlarga kelishuv bitimining shakli va mazmuni, uni tuzish tartibiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilgan holda tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash sudning huquqi emas, balki majburiyati ekanligi tushuntirilgan.
Biroq, sud daʼvo arizasida lizing shartnomasini bekor qilish va Lizing obyektini qaytarish soʻralgan boʻlsada, daʼvo talabidan chetga chiqib, AJ kelishuv bitimida 2014-yil 21-may holatiga Lizing kompaniyasi oldidagi 479 815 664 soʻm lizing qarzdorligini tan olganligini inobatga olgan holda, kelishuv bitimini tasdiqlab xatolikka yoʻl qoʻygan.
Ushbu holda, birinchi instansiya sudi daʼvo arizasi sudda 2014-yil 9-aprelda kirim qilinganligiga, daʼvo arizasida MChJning Lizing kompaniyasi oldidagi qarzdorligi 2014-yil 19-mart kuni holatiga 273 595 541 soʻmni tashkil etganligiga, kelishuv bitimining birinchi ilovasida 489 411 977,28 soʻmga, ikkinchi ilovasida esa 1 021 859 172 soʻmga toʻlov jadvali tasdiqlanganligiga, kelishuv bitimida 2 foizlik komission toʻlovni AJ amalga oshirishi belgilanganligiga huquqiy baho berilmagan.
Shuningdek, kelishuv bitimining birinchi ilovasida Toshkent shahar xoʻjalik sudida qoʻzgʻatilgan 10-1308/19615-sonli ish boʻyicha 2013-yil 6-dekabrda qabul qilingan hal qiluv qarori bilan undirilgan penyadan tashqari penya hisoblanmasligi belgilangan boʻlib, ushbu hal qiluv qarori bilan AJdan Lizing kompaniyasi foydasiga qancha miqdorda penya undirilganligi oʻrganilmagan.
Yuqorida qayd etilgan Plenum qarorining 14-bandiga koʻra, sudlar kelishuv bitimi huquqiy tabiatiga koʻra bitim ekanligini va kelishuvning qonun hujjatlariga muvofiqligini oʻrganishda uni tuzish tartibini ham tekshirishlari lozimligini hisobga olishlari kerak. Agar kelishuv bitimining tarafi aksiyadorlik jamiyati yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat boʻlsa, mazkur kelishuv yirik bitim belgilariga javob berishini, u “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Masʼuliyati cheklangan hamda koʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibga muvofiq tuzilganligini aniqlash talab qilinadi.
Biroq sud tomonidan Lizing kompaniyasi va AJ oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi yirik bitim belgilariga javob berishi, qonun hujjatlariga muvofiqligi, kelishuv bitimini imzolagan shaxslarning haqiqatdan ham kelishuv bitimini imzolash vakolatlari borligi oʻrganilmagan, uni tuzish tartibi tekshirilmagan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sudning 2014-yil 16-maydagi ajrimini bekor qilishni va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda, birinchi instansiya sudi yuqorida qayd etilgan holatlarni muhokama qilib, taraflarni ishni koʻrish vaqti va joyi haqida tegishli ravishda ogohlantirib, ularning vajlariga baho berib, moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim boʻladi.
2015-yil 13-may,
10-1414/6387-son