Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Umumiy sud, xoʻjalik sudining ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boʻlsa, xoʻjalik sudi ish yuritishni tugatadi
[Koʻchirma]
Jomboy tumani davlat oʻrmon xoʻjaligi daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar — “Jomboy elektr tarmoqlari” korxonasi hisobidan 12660989 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 14-maydagi ajrimi bilan javobgar — “Jomboy elektr tarmoqlari” korxonasi “Samarqand elektr tarmoqlari” OAJ bilan almashtirilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 22-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 9852992 soʻm asosiy qarz, 98530 soʻm davlat boji va 7000 soʻm pochta xarajatlari undirilgan. Daʼvo talabining 2802997 soʻm undirish qismi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Jomboy elektr tarmoqlari” korxonasining Jomboy tuman davlat oʻrmon xoʻjaligi oldida 2802997 soʻm qarzi mavjud boʻlgan. Ushbu qarzdorlik Samarqand viloyat xoʻjalik sudining 2006-yil 14-avgustdagi 14-0604/9845-sonli xoʻjalik ishi boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori bilan undirilgan. Lekin, shu kunga qadar hal qiluv qarorining ijrosi taʼminlanmagan.
Jomboy tuman davlat oʻrmon xoʻjaligi 2007-yil 1-yanvardan 2009-yil 1-yanvar kunigacha boʻlgan davrda “Jomboy elektr tarmoqlari” korxonasiga 10654875 soʻm toʻlovni amalga oshirgan.
Biroq, Jomboy tuman davlat oʻrmon xoʻjaligi 2007-yil 1-yanvardan 2009-yil 1-yanvar kunigacha boʻlgan davrda 801883 soʻm miqdoridagi elektr energiyasidan foydalangan.
Ushbu holatda Jomboy tuman davlat oʻrmon xoʻjaligi tomonidan “Jomboy elektr tarmoqlari” korxonasiga 9852992 soʻmlik ortiqcha toʻlov amalga oshirilgan.
Daʼvo talabining 2802997 soʻm undirish qismi boʻyicha esa Samarqand viloyat xoʻjalik sudining 2006-yil 14-avgustdagi 14-0604/9845-sonli xoʻjalik ishi boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori bilan javobgardan daʼvogar foydasiga 2802997 soʻm undirish belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 86-moddasining birinchi qismi 2-bandida umumiy sud, xoʻjalik sudining ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boʻlsa, xoʻjalik sudi ish yuritishni tugatishi belgilangan.
Qayd etilgan holatlar asosida birinchi instansiya sudi daʼvo talabini qisman qanoatlantirib, javobgar — “Samarqand elektr tarmoqlari” OAJ hisobidan daʼvogar — Jomboy tuman davlat oʻrmon xoʻjaligi foydasiga 9852992 soʻm undirib va davʼo talabining 8802997 soʻm undirish qismi boʻyicha ish yuritishni tugatib, toʻgʻri xulosaga kelgan.
Bunday holatda sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy huquq normalari bilan asoslantirilgan qonuniy qaror qabul qilingan deb hisoblab, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni hamda ishni sudda koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini “Samarqand elektr tarmoqlari” OAJ zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 12-oktabr,
14-0910/6225-son