Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak
[Koʻchirma]
“DOʼSTLIK” kichik xususiy korxonasi Denov tuman hokimligi, “Lola” va “Mustaqillik” fermer xoʻjaliklariga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Denov tuman hokimining 2007-yil 16-noyabrdagi 1678-son qarorini toʻliq, 2008-yil 7-noyabrdagi 1956-son qarorini qisman haqiqiy emas deb topishni, Denov tuman hokimligiga “DOʼSTLIK” kichik xususiy korxonasiga tegishli boʻlgan yerlarni qaytarish va tegishli tartibda rasmiylashtirib berish majburiyatini yuklashni soʻragan.
2009-yil 24-dekabrdagi sud ajrimi bilan Denov tuman yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi ishga jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2010-yil 5-fevraldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2010-yil 7-apreldagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun yuborilgan.
Birinchi instansiya sudining 2010-yil 14-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan. Shuningdek, xususiy ajrimlar chiqarilib, Surxondaryo viloyat Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi va Denov tuman hokimligiga yuborilgan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Denov tuman hokimining 2007-yil 16-noyabrdagi 1678-son qarori bilan tuman hokimligi zaxirasidagi 198-konturdan 0,30 ga yer maydoni “Lola” fermer xoʻjaligiga qoʻshib berilgan.
Tuman hokimligi huzuridagi Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiqish komissiyasining xulosasiga asosan 11,16 ga, shu jumladan nizoli 0,30 ga yer maydoni tuman hokimining 2008-yil 7-noyabrdagi 1956-son qarori bilan “Mustaqillik” fermer xoʻjaligiga qoʻshib berilgan.
Bundan norozi boʻlgan “DOʼSTLIK” kichik xususiy korxonasi tuman hokimining 2007-yil 16-noyabrdagi 1678-son qarorini toʻliq, 2008-yil 7-noyabrdagi 1956-son qarorini qisman haqiqiy emas deb topishni, Denov tuman hokimligiga “DOʼSTLIK” kichik xususiy korxonasiga tegishli boʻlgan 0,30 ga yerni qaytarish va tegishli tartibda rasmiylashtirib berish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi 23-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq yer uchastkalarini ajratib berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar, shaharlar hokimlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ushbu Kodeksning 31-moddasiga koʻra, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga boʻlgan huquqi joyning oʻzida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga boʻlgan huquq davlat roʻyxatiga olinganidan keyin vujudga keladi.
Ammo daʼvogar nizoli yer maydoni “DOʼSTLIK” kichik xususiy korxonasiga tegishli boʻlganligini tasdiqlovchi dalillarni (tuman hokimining yer ajratish haqidagi qarori, yer uchastkasining davlat roʻyxatiga olinganligini tasdiqlovchi hujjatlarni) sudga taqdim qilmagan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 55-moddasining birinchi qismiga muvofiq ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi asosli ravishda daʼvoni rad etgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2010-yil 17-avgust,
19-0902/17530-son