Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ishtirokida koʻrib chiqiladi
[Koʻchirma]
“Oʻzbekqishloqxoʻjalikmashlizing” aksiyadorlik-lizing kompaniyasi nomidan Fargʻona viloyat filiali “Olimjon Isomiddinov” fermer xoʻjaligiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 4394780 soʻm lizing toʻlovlaridan boʻlgan asosiy qarzni, 1757912 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 16-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan.
Sudning 2009-yil 16-yanvardagi qarori bilan “Olimjon Isomiddinov” fermer xoʻjaligi rahbari T. Isomiddinov maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya protestida 2009-yil 16-yanvardagi “Olimjon Isomiddinov” fermer xoʻjaligi rahbari T. Isomiddinovni maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi qarorni bekor qilish masalasi qoʻyilgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya protestida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, kassatsiya protestini qanoatlantirishni, maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi qarorni bekor qilishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Oʻzbekqishloqxoʻjalikmashlizing” ALK Fargʻona viloyat filiali va “Olimjon Isomiddinov” fermer xoʻjaligi oʻrtasida TTZ-80.11 rusumli traktor vositasini lizingga berish toʻgʻrisida 2006-yil 14-fevralda 06/12-4-101-sonli traktorni sotib olish huquqini beruvchi lizing shartnomasi tuzilib, “Olimjon Isomiddinov” fermer xoʻjaligiga 1 dona TTZ-80.11 rusumli traktor lizing asosida topshirilgan.
Unga koʻra, oʻzaro shartnomaviy munosabatlarga kirishganligi sababli qarzdorlik hosil boʻlganligi, shartnoma shartlariga asosan javobgar lizing asosida olingan traktor vositasi uchun har oyda belgilangan jadvalga muvofiq toʻlovlarni toʻlab borishi lozim boʻlgani holda, javobgar xoʻjalik rahbari shartnoma majburiyatlarini buzib, toʻlov muddatlarini asossiz ravishda 1 yildan ortiq muddatga kechiktirib kelgani uchun sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 4-martdagi “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy nochorligi va shartnoma majburiyatlarining bajarilishi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PF-1938-sonli Farmoniga asosan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1761-moddasi talablari asosida shartnoma intizomi buzilganligi sababli “Olimjon Isomiddinov” fermer xoʻjaligi rahbari T. Isomiddinovga nisbatan maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan va unga eng kam ish haqining ikki baravari, yaʼni 5080 soʻm miqdorida jarima solingan.
Oʻzbekiston Respublikasi MJTK 315-moddasining birinchi qismida xoʻjalik sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkinligi belgilangan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda qonun talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish MJTKning 294-moddasiga muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ishtirokida koʻrib chiqiladi. Mazkur shaxsga ishni koʻrib chiqish joyi va vaqti haqida xabar qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlgan va undan ishni koʻrib chiqishni kechiktirish xususida hech qanday iltimos tushmagan hollardagina ish uning ishtirokisiz koʻrib chiqilishi mumkin.
Birinchi instansiya sudi ishni koʻrib chiqish joyi va vaqti haqida huquqbuzarni tegishli tartibda xabardor qilmasdan, huquqbuzarning shaxsi, oilaviy ahvoli, deputat etib saylanganligi kabi holatlarni tekshirmasdan, maʼmuriy jazoga tortgan.
Cud maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 308-moddasiga asosan bayonnoma tuzmagan, 2009-yil 16-yanvardagi sud majlisi bayonnomasi xoʻjalik nizosiga oid boʻlib, unda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish koʻrib chiqilganligi, biron bir shaxsning maʼmuriy javobgarlikka tortilayotganligi haqida umuman soʻz yuritilmagan. Faqatgina hal qiluv qarori va qarorning xulosa qismi oʻqib eshittirilganligi, shikoyat berish tartibi va muddatlari tushuntirilganligi koʻrsatilgan, ammo mazkur qaror nima haqidaligi qayd etilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi 172-sonli qarorida sud majlisi bayonnomasida mansabdor shaxsga nisbatan javobgarlikka tortish asoslari aniqlanganligi va bu asoslarni tasdiqlovchi daliliy hujjatlar haqidagi maʼlumot hamda sud tomonidan mansabdor shaxsga nisbatan javobgarlik qoʻllanilayotgan holatlar qayd etilishi haqida tushuntirish berilgan. Bayonnoma va qarorda esa qachon, qanday huquqbuzarlik sodir etilganligi yoki bu huquqbuzarlik qachon aniqlanganligi koʻrsatilmagan.
Birinchi instansiya sudi T. Isomiddinovning aybdorlik darajasini, mulkiy ahvoli, javobgarlikni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarni oʻrganmasdan uni maʼmuriy jarimaga tortish haqida barvaqt xulosaga kelganligi sababli, sudlov hayʼati sudning 2009-yil 16-yanvardagi qarorini bekor qilishni lozim deb hisoblaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi MJTK 315-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat bergan shaxs davlat boji toʻlashdan ozod etiladi.
2009-yil 6-iyul,
15-0807/32348-son