Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Yuridik va jismoniy shaxslar- sud ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan xoʻjalik sudlariga qilgan shikoyatlari boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan
[Koʻchirma]
“Ixtirochi-P 3761” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash Departamenti Sirdaryo viloyat xududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda — javobgar) Oqoltin tuman boʻlimi sud ijrochilarining xatti-harakatlarini (harakatsizligini) noqonuniy deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qanoatlantirilgan. Shuningdek xususiy ajrim chiqarilib, javobgarga yuborilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Mazkur hal qiluv qarori ustidan javobgar tomonidan kassatsiya shikoyati berilgan boʻlib, unga koʻra sudning hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi daʼvogar vakilining tushuntirishini, prokurorning hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish haqidagi fikrini tinglab, kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini qisman bekor qilishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, sud ijrochilarining xatti-harakatlarini (harakatsizligini) noqonuniy deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi asosli ravishda daʼvogarning arz qilgan talabini qanoatlantirib, javobgarga nisbatan xususiy ajrim chiqargan.
Daʼvogarning arz qilingan talabini qanoatlantirishda javobgar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 45-moddasiga koʻra majburiy ijro etish choralarini koʻrmaganligi, yaʼni javobgar tomonidan 2012-yil 28-mayda ijro ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa-da, ijro harakatlarining faqat undiruvni qarzdorning pul mablagʻlariga qaratish (bankdagi hisob raqamiga band solish) chorasi koʻrilishi bilan cheklangan.
Biroq, birinchi instansiya sudi ishni koʻrish yakuni boʻyicha javobgardan 1.184.000 soʻm davlat boji undirishda xatolikka yoʻl qoʻygan.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 330-moddasining 25-bandiga asosan yuridik va jismoniy shaxslar — sud ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan xoʻjalik sudlariga qilgan shikoyatlari boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan. Shuningdek ushbu Kodeksning 328-moddasi 2-bandiga muvofiq bunday arizalar davlat boji undiriladigan obyektlarga kirmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarorining 1-bandida sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi, qayd etilgan talablarga rioya etmaslik qarorning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlishi mumkinligi deb belgilangan.
Qayd etilganlarga koʻra sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirib, hal qiluv qarorining javobgardan 1.184.000 soʻm davlat boji undirish qismini bekor qilishni, qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishni hamda videokonferensaloqa rejimida ish koʻrilishi munosabati bilan 30.000 soʻm sud xarajatlarini javobgardan undirishni lozim topadi.
2015-yil 30-iyun,
12-1506/1798-son