Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Huquqlari buzilgan shaxs oʻziga yetkazilgan zarar summasini toʻla qoplanishini talab qilishga haqli
[Koʻchirma]
“XXI-asr” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda — fermer xoʻjaligi) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, javobgarlar — “Tashselmash-Agrokapital” shuʼba korxonasi (bundan buyon matnda — shuʼba korxonasi) hamda “Toshqishloqmash” OAJga nisbatan, DT Xalq banki Qarshi shahar va Koson tuman filiallarini uchinchi shaxs sifatida koʻrsatgan holda taraflar oʻrtasida tuzilgan 2008-yil 20-martdagi 19-sonli shartnomani va unga qoʻshimcha qilingan 2008-yil 15-iyuldagi kelishuvni haqiqiy emas deb topish hamda javobgarlardan 111900000 soʻm asosiy qarz, 20880000 soʻm kredit foizi, 20880000 soʻm zarar summasini undirishni soʻragan.
Ishni sudda koʻrish davomida daʼvogar sudga qoʻshimcha daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2008-yil 20-martdagi “Toshqishloqmash” OAJ, shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan 19-sonli shartnomani bekor qilishni, shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2008-yil 15-iyulda tuzilgan 19-sonli shartnomaga qoʻshimcha kelishuvni haqiqiy emas deb topishni, shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2008-yil 20-martda tuzilgan 19/23a-sonli shartnomani va ushbu shartnomaga 2008-yil 15-iyulda tuzilgan qoʻshimcha kelishuvni hamda shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan 2009-yil 2-iyuldagi 19/23-sonli shartnomaga qoʻshimcha kelishuvni haqiqiy emas deb topishni, shuʼba korxonasi va “Toshqishloqmash” OAJdan fermer xoʻjaligi foydasiga 111 900 000 soʻm asosiy qarzni, 28 111 756 soʻm bank foizini hamda kredit foizini toʻlash oqibatida yetkazilgan 28 111 756 soʻm zararni undirib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2010-yil 5-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvosi qisman qanoatlantirilib, 2008-yil 20-martdagi “Toshqishloqmash” OAJ, shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan 19-sonli shartnoma bekor qilingan, shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan 2008-yil 15-iyuldagi 19-sonli shartnomaga qoʻshimcha kelishuv, shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasidagi 2008-yil 20-martdagi 19/23a-sonli shartnoma va ushbu shartnomaga 2008-yil 15-iyuldagi qoʻshimcha kelishuv hamda shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan 2009-yil 2-iyuldagi 19/23-sonli shartnomaga qoʻshimcha kelishuvlar haqiqiy emas deb topilgan, shuʼba korxonasidan fermer xoʻjaligi foydasiga 28111756 soʻm bank foizi hamda 28111756 soʻm zarar undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini oʻzgartirib, daʼvo talabini toʻliq qanoatlantirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Toshqishloqmash” OAJ, shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2008-yil 20-martda 19-sonli shartnoma tuzilgan.
Shartnomaga koʻra, shuʼba korxonasi fermer xoʻjaligiga bahosi 111900000 soʻm boʻlgan “Belarus 1222” rusumli bir dona traktorni yetkazib berishi lozim boʻlgan.
Shartnomaga asosan fermer xoʻjaligi 2008-yil 14-iyulda oldindan 100 foizli toʻlov sifatida shuʼba korxonasi hisobiga 111900000 soʻm oʻtkazib bergan.
Biroq, shuʼba korxonasi shartnoma shartini bajarmasdan, traktorni oʻz vaqtida fermer xoʻjaligiga yetkazib bermagan.
Shundan soʻng, shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida yuqorida qayd etilgan 2008-yil 20-martdagi 19-sonli shartnomaga qoʻshimcha sifatida 2008-yil 20-martda 19/23a-sonli shartnoma, 2008-yil 15-iyulda va 2009-yil 2-iyulda qoʻshimcha kelishuvlar imzolangan.
Shuʼba korxonasi rahbari M.F.ga nisbatan shartnoma ijrosi va unga qoʻshimcha ravishda tuzilgan kelishuvlar yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tuman jinoyat ishlari boʻyicha sudining 2010-yil 25-martdagi hukmi bilan shuʼba korxonaning sobiq rahbari M.F. ozodlikdan mahrum etilgan hamda undan fuqaroviy daʼvogar — fermer xoʻjaligi foydasiga 111900000 soʻm undirilgan. Sudlanuvchi M.F.ga tegishli shuʼba korxona hududida saqlanayotgan 145780809 soʻmlik asbob-uskunalar fermer xoʻjaligiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 60-moddasining toʻrtinchi qismida jinoyat ishi boʻyicha umumiy sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilgan yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha xoʻjalik sudi uchun majburiy ekanligi belgilangan.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi tomonidan shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2008-yil 15-iyulda tuzilgan 19-sonli shartnomaga qoʻshimcha kelishuvni, shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasidagi 2008-yil 20-martdagi 19/23a-sonli shartnoma va ushbu shartnomaga 2008-yil 15-iyulda tuzilgan qoʻshimcha kelishuv hamda shuʼba korxonasi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan 2009-yil 2-iyuldagi 19/23-sonli shartnomaga qoʻshimcha kelishuvlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo talablarini asosli ravishda qanoatlantirgan hamda daʼvo talabining 111900000 soʻm asosiy qarzni undirish toʻgʻrisidagi qismini qanoatlantirishni toʻgʻri rad etgan.
Fermer xoʻjaligi tomonidan shuʼba korxonasi va “Toshqishloqmash” OAJga 2009-yil 10-sentabrda 12-sonli talabnoma yuborilib, unda taraflar oʻrtasida 2008-yil 20-martda tuzilgan 19-sonli mahsulot yetkazib berish haqidagi shartnoma shartlari javobgar tomonidan buzilganligi sababli mazkur shartnomani bekor qilish soʻralgan.
Daʼvogarning mazkur talabnomasi javobgarlar tomonidan javobsiz qoldirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 384-moddasiga muvofiq, bir taraf shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifiga ikkinchi tarafdan rad javobi olgandan keyingina yoki taklifda koʻrsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat boʻlmaganida esa — oʻttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin.
Bundan kelib chiqadiki, daʼvo talabining 2008-yil 20-martdagi 19-sonli shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi qismi birinchi instansiya sudi tomonidan asosli ravishda qanoatlantirilgan.
Daʼvogarning daʼvo arizasida 2008-yil 20-martdagi 19-sonli shartnoma yuzasidan traktor sotib olish uchun 111900000 soʻm pul mablagʻini DT Xalq banki Qarshi filialidan 2008-yil 10-iyuldagi kredit shartnomasi asosida olganligi, biroq javobgar tomonidan shartnoma shartlari bajarilmaganligi oqibatida u bank muassasasiga oʻtgan vaqt davomida jami 28111756 soʻm kredit foizini toʻlab, zarar koʻrganligini bildirgan hamda ushbu zarar summasi, shuningdek Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga muvofiq 28111756 soʻm bank foizini ham undirish soʻralgan.
Fuqarolik kodeksining 14-moddasiga muvofiq, huquqlari buzilgan shaxs oʻziga yetkazilgan zarar summasining toʻla qoplanishini talab qilishga haqli.
Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari, uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.
Mazkur Kodeksning 327-moddasida esa, boshqa shaxslar oʻzganing pul mablagʻlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun ushbu summaga foiz toʻlashi kerakligi belgilangan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan 2008-yil 20-martdagi 19-sonli shartnomaning 6.3 bandida shuʼba korxonasi tomonidan ushbu shartnoma majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan taʼsischi kafolat berishi belgilangan.
Biroq, taʼsischi “Toshqishloqmash” OAJ tomonidan qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor koʻrgan boshqa zararlarni toʻlash yuzasidan kafolat bermagan.
Shu sababdan, birinchi instansiya sudi daʼvogarning 28111756 soʻm bank foizi hamda 28111756 soʻm zarar summasini faqat qarzdor shuʼba korxonasidan undirish toʻgʻrisidagi daʼvo talablarini qanoatlantirib, asosli xulosaga kelgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi. Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq toʻlanishi lozim boʻlgan 1119000 soʻm davlat boji fermer xoʻjaligidan undiriladi.
2010-yil 26-iyul,
10-0913/16289-son