Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Bankning aybi bilan soliq toʻlovchining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini oʻtkazish topshiriqnomasi, tegishli vakolatli organning ularni undirish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomasi bajarilmagan (bajarilishi kechiktirilgan) taqdirda, bankdan har bir kechiktirilgan kun uchun soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻtkazilmagan summasini 0,5 foizi miqdorida belgilangan tartibda penya undiriladi
[Koʻchirma]
Toshkent shahar Shayxontohur tuman davlat soliq inspeksiyasi (bundan buyon matnda – DSI) ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Turonbank” ATB markaziy amaliyot boshqarmasiga (bundan buyon matnda – Bank) nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (bundan buyon matnda – Soliq kodeksi) 53-moddasiga asosan 6 989 543 100 soʻm miqdorida moliyaviy sanksiya qoʻllashni soʻragan.
Sudning 2015-yil 27-fevraldagi ajrimi bilan “Turonbank” OAT javobgar sifatida ishga jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 27-martdagi hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab toʻliq qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 16-apreldagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sudlar tomonidan moddiy va protsessual kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, moddiy huquq normalari hamda Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qarorlari notoʻgʻri qoʻllanilganligi haqida vajlar keltirilib, sud qarorlarini qisman bekor qilib, yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga koʻra, shikoyatni qanoatlantirishni rad etib, sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekistan Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati tergov boshqarmasining 7244-sonli jinoyat ishi yuzasidan “Hujjatli taftish tayinlash toʻgʻrisida” 2014-yil 27-iyundagi qaroriga hamda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshligʻining 2014-yil 8-iyuldagi 806 x/s-sonli, 2014-yil 9-iyuldagi 810 x/s-sonli, 2014-yil 15-oktabrdagi 1171 x/s sonli, 2014-yil 09-dekabrdagi 1354 x/s-sonli buyruqlariga asosan Bankda 2011 — 2013-yillarda soliq qonunchiligiga rioya qilinishi, soliq va majburiy toʻlovlarni davlat budjeti va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻgʻri hisoblanishi hamda toʻliq toʻlanishi, valyuta, eksport-import operatsiyalari qonuniyligi yuzasidan hujjatli tekshiruv oʻtkazilgan.
Tekshiruvda Bankda Oʻzbekistan Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 14-yanvarda 2065-son bilan roʻyxatga olingan 2010-yil 7-yanvarda Moliya vazirligining 2-sonli, Davlat soliq qoʻmitasining 2010-1-sonli, Markaziy bank boshqaruvining 39/4-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ulgurji savdo korxonalari tomonidan yagona soliq toʻlovini boʻnak toʻlovlarini hisobga olgan holda toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan korxonalarning faoliyat koʻrsatgan davrda yagona soliq toʻlovi boʻyicha boʻnak toʻlovi, shuningdek yagona soliq toʻlovi boʻyicha joriy toʻlovlar budjetga oʻtkazilishi natijasida bank mijozi bulgan boshqa banklarda hisob raqamlari boʻlmagan 21 ta korxonaning bank hisob raqamlaridan yagona soliq toʻlovi uchun oʻtkazilgan boʻnak hamda joriy toʻlovlarning toʻgʻri budjetga oʻtkazilishi Bank tomonidan 18 905 978 400 soʻm yagona soliq toʻlovi boʻyicha boʻnak summalari davlat budjetiga toʻlanmaganligi natijasida shu miqdorda davlat budjetiga zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Shuningdek, tekshirishda Bank tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 15-martda 2342-son bilan roʻyxatga olingan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisob raqamlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma (bundan buyon matnda – 2342-sonli Yoʻriqnoma) talablari buzilganligi ham aniqlangan.
2342-sonli Yoʻriqnoma hamda Soliq kodeksining 53-moddasi talablariga asosan Bank mijozlari tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan 2 482 799 400 soʻmlik soliqlarning toʻlovini amalga oshirishga toʻsqinlik qilib, mijozlar hisob raqamiga tushishi lozim boʻlgan 2 482 799 500 soʻm pul mablagʻlarini asossiz qaytarib yuborilganligi, soliq toʻlovlarining oʻz muddatida oʻtkazib bermaganligi sababli toʻlov kechiktirilgan kunlar uchun 2014-yil 28-avgust holatiga jami 6 988 108 100 soʻm miqdorda ustama hisoblash lozim topilgan.
Bank muassasasiga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomalari toʻlovini kechiktirganligi hamda davlat budjetiga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlamaganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 53-moddasining oltinchi qismiga asosan Bankka nisbatan jami 6 989 543 100 soʻm miqdorida penya hisoblangan.
Tekshirish natijalari yuzasidan DSI tomonidan 2015-yil 4-fevralda Bankka nisbatan Soliq kodeksi 53-moddasining oltinchi qismiga asosan 6 989 543 100 soʻm miqdorida penya hisoblash toʻgʻrisida qaror chiqarilgan.
Qaror ixtiyoriy ravishda Bank tomonidan bajarilmagach, DSI xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Bankka nisbatan moliyaviy sanksiya qoʻllashni soʻragan.
2342-sonli Yoʻriqnomaning 2-bandiga muvofiq xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻida yetarli miqdorda pul mablagʻlari boʻlganda, mablagʻlarni hisobdan chiqarish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mijozning farmoyishiga va boshqa pul-hisob-kitob hujjatlarining kelib tushishi tartibida amalga oshirilishi, 4-bandining toʻrtinchi xatboshisiga koʻra esa, xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy hisobvaragʻida 2-sonli kartoteka paydo boʻlgandan soʻng, uning boshqa barcha ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochilgan banklar tomonidan pul-hisob-kitob hujjatlarini qabul qilish va asosiy hisobvaragʻiga boʻlgan toʻlovlardan tashqari boshqa toʻlovlarni amalga oshirish taqiqlanishi belgilangan.
DSI tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari tekshirish natijasi boʻyicha tuzilgan dalolatnoma, DSI qarori, tushuntirish xatlari va boshqa hujjatlar bilan oʻz isbotini topgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Birinchi instansiya sudi ushbu Plenum qarori talablariga rioya qilgan holda ishdagi mavjud hujjatlarga huquqiy baho berib, arz qilingan talabni qanoatlantirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Oʻz navbatida apellatsiya instansiyasi sudi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida” 2007-yil 28-dekabrdagi 173-sonli qarorining 15-bandi talablari asosida hal qiluv qarorining qonuniyligi va asoslantirilganligini ishdagi mavjud hujjatlar boʻyicha tekshirib, hal qiluv qarorini qonuniyligiga baho bergan holda uni asosli ravishda oʻzgarishsiz qoldirgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar bilan kelishmaydi.
Chunki, Soliq kodeksi 53-moddasining oltinchi qismida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 1-fevralda 2320-son bilan roʻyxatga olingan “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining kassa ijrosi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaning 16-bandida bankning aybi bilan soliq toʻlovchining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini oʻtkazish topshiriqnomasi, tegishli vakolatli organning ularni undirish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomasi bajarilmagan (bajarilishi kechiktirilgan) taqdirda, bankdan har bir kechiktirilgan kun uchun soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻtkazilmagan summasini 0,5 foizi miqdorida belgilangan tartibda penya undirilishi belgilangan. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2010-yil 18-iyundagi 210-sonli “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi umumiy qismini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” qarorining 37.2-bandida taʼkidlangan.
Ushbu holatda, birinchi instansiya sudi tekshirish natijasida 2342-sonli Yoʻriqnoma talablarini buzilishi natijasida Bankning aybi bilan soliq toʻlovchi tomonidan budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalarga toʻlovlar oʻz vaqtida oʻtkazib berilmaganligi sababli Soliq kodeksi 53-moddasining oltinchi qismiga asosan jami 6 989 543 100 soʻm miqdorida penya hisoblanganligini asosli deb topib, arz qilingan talabni qanoatlantirib toʻgʻri xulosaga kelgan.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati sud instansiyalari tomonidan nizoni hal qilishda moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllanilib, arz qilingan talabni qanoatlantirish haqida asosli xulosaga kelinganligi, kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar asosida sud qarorlarini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar mavjud emas deb hisoblab, sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun Bank tomonidan oldindan toʻlangan 592 000 soʻm davlat boji va 7000 soʻm pochta xarajatlarini uning zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 26-may,
10-1513/2926-son