Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Ish yuritishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi xoʻjalik sudining ajrimi ustidan shikoyat berish (protest keltirish) mumkin
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi TIF “Milliy bank” manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “ELDOR-1” fermer xoʻjaligi hamda “Sarvar” shuʼba korxonasining garovga qoʻyilgan mol-mulklari hisobidan 160868,34 AQSh dollari — asosiy qarz, 562,27 AQSh dollari — komissiya xarajatlari, 20511,16 AQSh dollari — penya, jami 182007,46 AQSh dollari undirishni soʻragan.
“ELDOR-1” fermer xoʻjaligi qarshi daʼvo arizasida TIF “Milliy bank”dan 40000 AQSh dollari hamda 90800000 soʻm miqdordagi zararni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 21-yanvardagi hal qiluv qarori bilan dastlabki daʼvo qisman qanoatlantirilgan, “ELDOR-1” fermer xoʻjaligi hamda “Sarvar” shuʼba korxonasidan 21139,12 AQSh dollari miqdorida penya undirilgan, daʼvoning qolgan qismi rad etilgan. Qarshi daʼvo qisman qanoatlantirilib, TIF “Milliy bank”dan “ELDOR-1” fermer xoʻjaligi foydasiga 67790766 soʻm undirilgan, qarshi daʼvoning qolgan qismi rad etilgan. Shuningdek, xususiy ajrim chiqarilgan va Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 20-martdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilgan. “ELDOR-1” fermer xoʻjaligi hamda “Sarvar” shuʼba korxonasidan TIF “Milliy bank” foydasiga 160868,34 AQSh dollari — asosiy qarz, 562,27 AQSh dollar — komissiya xarajatlar, 20511,16 AQSh dollari — penya, jami 182007,46 AQSh dollari undirilgan. Undiruv “ELDOR-1” fermer xoʻjaligi hamda “Sarvar” shuʼba korxonasining garovdagi mol-mulklariga qaratilgan hamda garovdagi mol-mulklarning boshlangʻich sotuv bahosi belgilangan. Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 26-maydagi qarori bilan 2009-yil 21-yanvardagi hal qiluv qarori, 2009-yil 20-martdagi qaror oʻzgartirilgan. Sud qarorlarining javobgarning qarshi daʼvo arizasini qisman qanoatlantirish, daʼvogar — Respublika TIF “Milliy bank” hisobidan “Eldor-1” fermer xoʻjaligi foydasiga 67790766 soʻm undirish va respublika budjetiga hamda sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 1016860 soʻm davlat boji undirish qismlari bekor qilingan hamda qarshi daʼvo rad etilgan. Sud qarorlarining qolgan qismi va 2009-yil 21-yanvardagi xususiy ajrim oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Shundan soʻng, “ELDOR-1” fermer xoʻjaligi xoʻjalik sudiga ariza berib, garovdagi mol-mulkning hozirgi kundagi boshlangʻich bahosini belgilab berishni soʻragan.
Sudning 2010-yil 19-martdagi ajrimi bilan ariza ish yuritishga qabul qilinib, ishni koʻrish 2010-yil 6-aprel kuniga tayinlangan. Sudning shu kungi ajrimi bilan ekspertiza tayinlanib, ish yuritish toʻxtatilgan.
TIF “Milliy bank”ning 2010-yil 6-apreldagi ajrimiga nisbatan bergan kassatsiya shikoyatini qabul qilish sudning 2010-yil 20-maydagi ajrimi bilan rad etilgan.
Kassatsiya shikoyatida sudning 2010-yil 20-maydagi ajrimini bekor qilib, kassatsiya shikoyatini mazmunan koʻrish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyatda keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud ajrimini bekor qilib, kassatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan aniqlanishicha, sud tomonidan “ELDOR-1” fermer xoʻjaligining garovdagi mol-mulkning hozirgi kundagi boshlangʻich bahosini belgilab berish toʻgʻrisidagi arizasiga asosan 2010-yil 6-aprelda ajrim chiqarilib, ekspertiza tayinlangan hamda ish yuritish toʻxtatilgan.
TIF “Milliy bank” ushbu ajrimdan norozi boʻlib, kassatsiya shikoyati bergan.
Sud ekspertiza Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 67-moddasiga asosan tayinlanganligini, ushbu moddada ekspertiza tayinlash haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilish nazarda tutilmaganligini asos qilib, Xoʻjalik protsessual kodeksi 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan kassatsiya shikoyatini qabul qilishni rad etib, notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Sudning ajrimi bilan nafaqat ekspertiza tayinlangan, balki ish yuritishni toʻxtatish ham belgilangan. Xoʻjalik protsessual kodeksi 85-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, ish yuritishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi xoʻjalik sudining ajrimi ustidan shikoyat berish (protest keltirish) mumkinligi sudning eʼtiboridan chetda qolgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sud ajrimini bekor qilib, kassatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilish lozim.
2010-yil 26-iyul,
13-0803/13115-son