Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Agar qonun hujjatlarida boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, yoʻlovchi, bagaj va yuk tashiganlik uchun taraflar kelishuvi bilan belgilangan miqdorda haq olinadi
[Koʻchirma]
“Angren logistika markazi” AJ (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Safari Trans” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan (bundan buyon matnda — javobgar) ortiqcha toʻlangan 54 462 885 soʻm toʻlovni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga ortiqcha toʻlangan 43 898 577 soʻm toʻlov undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Javobgar kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, unda ishni koʻrishda moddiy va protsessual huquq normalari buzilganligi, hisob-fakturalar QQSsiz rasmiylashtirilganligi, toʻlov hujjatlari ham QQSsiz deb koʻrsatilganligi bayon qilinib, sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, sud qarorlarini esa oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, taraflar oʻrtasida 2010-yil 4-yanvarda 26-sonli transport ekspeditsiyasi shartnomasi tuzilgan.
Shartnoma shartlariga koʻra javobgar haq evaziga SL “Angren” – Fargʻona vodiysi SL “Angren” mashruti boʻyicha yuklarni tashish bilan bogʻliq ekspeditsiya xizmatlarini koʻrsatish, daʼvogar esa koʻrsatilgan xizmatlarni qabul qilish hamda uning haqini toʻlash majburiyatini olgan.
Javobgar shartnoma shartlarini bajarib, daʼvogarga jami 362 923 162 soʻmlik xizmatlar koʻrsatgan. Daʼvogar esa yoqilgʻi xarajatlari uchun 75 274 855 soʻm va koʻrsatilgan xizmatlar uchun 5 foizlik komission toʻlov 17 292 563 soʻmni ushlab qolib, koʻrsatilgan xizmatlar uchun 263 391 465 soʻm toʻlagan.
Keyinchalik, daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati tergov boshqarmasi tomonidan daʼvogarning faoliyati tekshirilganda mazkur shartnomaga asosan javobgar yagona soliq toʻlovchi boʻlsada koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha u tomonidan toʻldirilgan hisob-fakturalarda QQS summasiz deb koʻrsatilgan boʻlsada, aslida QQSni qoʻshib yuborishi oqibatida jami 356 777 311 soʻmlik hisob-fakturalar daʼvogarga taqdim etilganligi, daʼvogar tomonidan javobgar korxona yagona soliq toʻlovchisi boʻlganligi hisobga olinmasdan, koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov amalga oshirilganligi va natijada 54 462 885 soʻmlik QQS summasi javobgarga ortiqcha toʻlab yuborilganligi asosida javobgardan ortiqcha toʻlangan 54 462 885 soʻmni undirishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 715-moddasiga koʻra, agar qonun hujjatlarida boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, yoʻlovchi, bagaj va yuk tashiganlik uchun taraflar kelishuvi bilan belgilangan miqdorda haq olinadi.
Taraflar oʻrtasida 2010-yil 4-yanvarda tuzilgan 26-sonli transport ekspeditsiyasi shartnomasining 3.2-bandida, koʻrsatilgan xizmatlar haqi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tariflar boʻyicha hisoblanishi kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2010-yil 17-martdagi YOT/15-04-19-12/18-602-sonli xati va unga ilova qilingan tariflarga koʻra xizmatlar QQS bilan birga deb koʻrsatilgan.
Javobgar esa koʻrsatilgan xizmatlar haqini shartnomaga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tariflar boʻyicha hisoblab, QQS toʻlovchi boʻlmasada, hisoblangan summalarda QQSni chegirib tashlamasdan daʼvogarga toʻlov uchun hisob-fakturalarni taqdim qilib kelgan.
Buning oqibatida, daʼvogar javobgarga 43 898 577 soʻm ortiqcha toʻlov oʻtkazib bergan.
Javobgarning kassatsiya shikoyatidagi vajlari bilan kelishib boʻlmaydi, chunki daʼvogar va javobgar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 3.2-bandida koʻrsatilgan xizmatlar haqi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tariflar boʻyicha hisoblanishi kelishilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 153-moddasiga koʻra, daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi.
Biroq javobgar hal qiluv qarori chiqarilgunga qadar daʼvo muddatini qoʻllash haqida ariza bermagan.
Birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida, apellatsiya instansiya sudi esa hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Biroq, javobgar oʻz eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlab bermadi.
Bunday holatda sudlov hayʼati, sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, toʻlangan 7 000 soʻm pochta xarajati hamda 219 492,5 soʻm davlat bojini javobgar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 20-may,
11-1408/17884-son