Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart
[Koʻchirma]
Daʼvogar — Oʻzbekiston — Germaniya “Savdogar” aksiyadorlik tijorat bankining Samarqand viloyat filiali ishonchnoma asosida viloyat xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, javobgar — “Friday-Baxt” xususiy ishlab chiqarish korxonasi hamda qoʻshimcha javobgar — “2518-sonli avtokorxona” DUKdan 50000000 soʻm kredit qarzi va 246575 soʻm foizlarini mulkiy kafilga tegishli boʻlgan mol-mulk hisobidan undirish hamda “Friday-Baxt” xususiy ishlab chiqarish korxonasi bilan tuzilgan 2008-yil 10-martdagi kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini qisman oʻzgartirish, undiruvni “2518-sonli avtokorxona” DUKning mol-mulkiga qaratish haqidagi qismini bekor qilish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Oʻzbekiston — Germaniya “Savdogar” aksiyadorlik tijorat bankining Samarqand viloyat filiali — “Bank” va Kattaqoʻrgʻon shahridagi “Friday-Baxt” xususiy ishlab chiqarish korxonasi — “qarz oluvchi” oʻrtasida 2008-yil 10-mart kuni 4-sonli kredit shartnomasi imzolangan.
Ushbu shartnomaga asosan Oʻzbekiston — Germaniya “Savdogar” aksiyadorlik tijorat bankining Samarqand viloyat filiali “Friday-Baxt” xususiy ishlab chiqarish korxonasiga “Qishloq va fermer xoʻjaliklariga borona ishlab chiqarish uchun metall sotib olish” maqsadida yillik 18 foiz ustama toʻlash sharti bilan 2 yil muddatga 50000000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratgan.
Ushbu kredit mablagʻlarining kelgusida qaytmaslik xavfini oldini olish maqsadida 2008-yil 14-martdagi garov shartnomasiga asosan Kattaqoʻrgʻon shahridagi “2518-sonli avtokorxona”ga tegishli boʻlgan KAMAZ-5511 rusumli, davlat raqami 14 AG 675 boʻlgan, KAMAZ-5511 rusumli, davlat raqami 14 AJ 930 va KAMAZ-5511 rusumli, davlat raqami 14 AK 479 boʻlgan avtomashinalar gorovga qoʻyilgan. Ushbu shartnoma hozirgi kunda qonuniy kuchda.
Kredit mablagʻlarini qaytarish boʻyicha ikki tomonlama tuzilgan rejaga asosan “Friday-Baxt” xususiy ishlab chiqarish korxonasi 2000000 soʻmni 2009-yil 9-sentabrda, 8000000 soʻmni 2009-yil 9-oktabrda, 8000000 soʻmni 2009-yil 9-noyabrda, 8000000 soʻmni 2009-yil 9-dekabrda, 8000000 soʻmni 2010-yil 9-yanvarda, 8000000 soʻmni 2010-yil 9-fevralda toʻlashi kerak boʻlgan, qolgan 8000000 soʻmni esa 2010-yil 9-martda toʻlashi lozim boʻlgan.
Lekin, “Friday-Baxt” xususiy ishlab chiqarish korxonasi bankning bir necha bor rasmiy ravishda ogohlantirishiga qaramasdan ajratilgan kredit summasining asosiy qarzini umuman toʻlamagan. Natijada, “Friday-Baxt” xususiy ishlab chiqarish korxonasi oʻz zimmasiga olgan majburiyatlari boʻyicha bank oldida 42000000 soʻm miqdorida qarz boʻlib qolgan. Bu bilan javobgar tuzilgan kredit shartnomasining 4.2.1-bandini qoʻpol ravishda buzib kelgan.
Ish koʻrilayotgan paytdagi “Friday-Baxt” xususiy ishlab chiqarish korxonasining bank oldida muddati oʻtgan asosiy qarzi 50000000 soʻmni va foizi 246575 soʻmni — jami 50246575 soʻmni tashkil etgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga asosan, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi shart. Ushbu Kodeksning 735-moddasiga asosan qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart. Kodeksning 382-moddasiga koʻra, ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa, taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Birinchi instansiya sudi yuqorida qayd etilgan huquq normalariga asoslangan holda Oʻzbekiston — Germaniya “Savdogar” aksiyadorlik tijorat bankining Samarqand viloyat filialining javobgar — Kattaqoʻrgʻon shahridagi “Friday-Baxt” xususiy ishlab chiqarish korxonasi hamda qoʻshimcha javobgar — Kattaqoʻrgʻon shahridagi “2518-sonli avtokorxona”dan jami 50246575 soʻm kredit qarzi va foizlarini undirish hamda “Friday-Baxt” xususiy ishlab chiqarish korxonasi bilan tuzilgan 2008-yil 10-martdagi kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish toʻgʻrisida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Qayd etilganlarga asosan, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni va sud xarajatlarini javobgar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2010-yil 26-iyul,
14-10-04/328(11)-son