Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Mulkdor oʻz mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishga haqli (vindikatsiya)
[Koʻchirma]
Navoiy viloyat adliya boshqarmasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, Nurota shahar, Sh.Rashidov koʻchasidagi 5-uyni “Sarkor” fermer xoʻjaligidan olib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga asosan sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi mavjud hujjatlardan koʻrinishicha, Navoiy viloyat davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasiga qarashli xoʻjalik hisobidagi ijara markazi, Navoiy viloyat adliya boshqarmasi va “Sarkor” fermer xoʻjaligi oʻrtasida nizoli boʻlgan mulkni ijaraga berish toʻgʻrisida 1997-yil 15-dekabrda 11-p-sonli ijara shartnomasi tuzilgan. Shartnomaga koʻra fermer xoʻjaligiga 10 yil muddatga Nurota shahridagi “Baxt uyi” ijaraga berilgan.
Adliya boshqarmasi va “Sarkor” fermer xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan ijara shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida 2004-yil 29-yanvarda bitim tuzilgan. Ushbu bitimga koʻra, ijara shartnomasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblangan.
Shuningdek, ijara shartnomasining beshinchi boʻlimi 5.1 bandida ijara shartnomasining muddati belgilangan. Ushbu bandga koʻra, 2007-yil 1-oktabrda ijara muddati tugagan.
Kassatsiya shikoyatida “Sarkor” fermer xoʻjaligi “Baxt uyi” binosi sobiq rayispolkom tomonidan asossiz ravishda adliya boshqarmasiga berilganligini vaj qilib koʻrsatsa-da, bu vajlarni asoslovchi biron bir hujjat sudga taqdim qilinmagan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 55-moddasining birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Fermer xoʻjaligining Nurota shahrida joylashgan “Baxt uyi” binosi adliya boshqarmasining mulki ekanligini tasdiqlovchi hujjat mavjud emas, degan vaji bilan kelishib boʻlmaydi. Chunki nizoli mulk Nurota tuman hokimining 1994-yil 25-apreldagi 177/4-son qarori bilan adliya boshqarmasiga tekinga berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 164-moddasiga muvofiq, mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek oʻzining mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.
Ushbu Kodeksning 228-moddasiga koʻra, mulkdor oʻz mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishga haqli (vindikatsiya).
Birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari daʼvo asosli boʻlganligini inobatga olib, binoni haqiqiy egasiga olib berish haqida toʻgʻri va qonuniy xulosaga kelgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini javobgar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2008-yil 15-avgust,
21-0804/297-(30)-son