Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Pul, tovar-moddiy va boshqa boyliklarni qabul qilish va berish uchun asos boʻlib xizmat qiladigan hujjatlar, korxona, muassasa va tashkilotning kredit va hisob-kitob majburiyatlari, shuningdek buxgalteriya hisobotlari va balanslari rahbar yoki u belgilaydigan shaxslar tomonidan imzolanadi
[Koʻchirma]
“Lik-Asia-Plus” qoʻshma korxonasi xoʻjalik sudiga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, “Temur Chin” MChJni bankrot deb topishni soʻragan.
Sudning 2010-yil 22-martdagi ajrimi bilan ariza qaytarilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2010-yil 26-maydagi qarori bilan ajrim oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish masalasi qoʻyilgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Lik-Asia-Plus” qoʻshma korxonasi (qarz beruvchi) bilan “Temur Chin” MChJ (qarz oluvchi) oʻrtasida 2008-yil 4-dekabrda raqamsiz moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida qarz shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, “Lik-Asia-Plus” qoʻshma korxonasi “Temur Chin” MChJga foizsiz 300000000 soʻm miqdorida moliyaviy yordam koʻrsatish, “Temur Chin” MChJ esa olingan mablagʻni 2009-yil 1-mayda toʻliq qaytarish majburiyatini olgan.
“Lik-Asia-Plus” qoʻshma korxonasi “Temur Chin” MChJ tomonidan shartnomaviy majburiyat lozim darajada bajarilmaganligi va shartnomada koʻrsatilgan muddat ichida 170000000 soʻm qarz oʻz vaqtida qaytarilmaganligini asos qilib, uni bankrot deb topishni soʻragan.
Arizaga asos qilib, MChJ bosh hisobchisi tomonidan imzolangan taqqoslash dalolatnomalarini ilova qilgan.
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 39-moddasining ikkinchi qismida kreditorning qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasida kreditor talablari asosliligini tasdiqlovchi dalillar, shu jumladan sudning qonuniy kuchga kirgan qarori, mazkur talablar qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar, notariusning ijro xati koʻrsatilishi kerakligi qayd etilgan.
Sudlov hayʼati arizaga ilova qilingan hujjatlarni kreditor talablarining asosliligini tasdiqlovchi dalil sifatida qabul qilish mumkin emas deb hisoblaydi. Chunki, “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga koʻra, pul, tovar-moddiy va boshqa boyliklarni qabul qilish va berish uchun asos boʻlib xizmat qiladigan hujjatlar, korxona, muassasa va tashkilotning kredit va hisob-kitob majburiyatlari, shuningdek buxgalteriya hisobotlari va balanslari rahbar yoki u belgilaydigan shaxslar tomonidan imzolanadi.
Rahbar imzolash huquqiga ega boʻlgan shaxslarning ikkita roʻyxatini tasdiqlaydi. Birinchi roʻyxatga rahbarlik vazifalarini amalga oshiruvchi, ikkinchisiga buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar kiradi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning imzosi boʻlmagan hujjatlar haqiqiy hisoblanmaydi.
Qoʻshma korxona taqqoslash dalolatnomasi qarzdor tomonidan yuqoridagi huquq normasiga rioya etilgan holda imzolanganligini tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim etmagan. Bu esa, qarzdorni bankrot deb topish haqidagi ariza tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 112-moddasining 4, 5-bandlarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmasdan taqdim etilganligidan dalolat beradi.
Shuning uchun birinchi instansiya sudi yuqorida qayd etilgan qonun normasiga tayangan holda asosli ravishda arizani qaytargan. Apellatsiya instansiyasi sudi ajrimni oʻzgarishsiz qoldirib, toʻgʻri xulosaga kelgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq pochta xarajatlarini “Lik-Asia-Plus” qoʻshma korxonasi zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2010-yil 25-avgust,
18-1002/6702-son