Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Bank mijozning pul mablagʻlaridan qay tarzda foydalanishni belgilashga va nazorat qilishga hamda uning pul mablagʻlarini oʻz xohishiga koʻra tasarruf etish huquqlariga qonunda yoki bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa cheklashlarni belgilashga haqli emas
[Koʻchirma]
“ISTIQLOL UMIDLARI” xususiy savdo ishlab chiqarish korxonasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, OATB “AGROBANK” Mirzachoʻl tuman boʻlimidan 2551561 soʻm, bank ustav kapitalining 0,1 fozi miqdorida jarima va notoʻgʻri toʻlangan summaning 10 foizi miqdorida — 255156 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning 2009-yil 31-iyuldagi ajrimi bilan OATB “AGROBANK” va uning Jizzax viloyat boshqarmasi ishga javobgar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 25-avgustdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. OATB “AGROBANK” va uning Jizzax viloyat boshqarmasi, Mirzachoʻl tuman boʻlimidan solidar tartibda 2551561 soʻm va 5500 soʻm pochta xarajatlari undirilgan, daʼvoning qolgan qismi rad etilgan. Shuningdek, OATB “AGROBANK” Jizzax viloyat boshqarmasiga xususiy ajrim yuborilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 16-oktabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni toʻliq qanoatlantirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “ISTIQLOL UMIDLARI” xususiy savdo ishlab chiqarish korxonasi va OATB “AGROBANK” Mirzachoʻl tuman boʻlimi oʻrtasida 2006-yil 4-yanvarda 01-sonli bank hisobvaragʻi shartnomasi imzolangan. Shartnomaga koʻra bank korxonadan 2006-yildagi hisob-toʻlov operatsiyalari uchun toʻlov summasining 0,05 foizi miqdorida va 2007-yildagi hisob-toʻlov operatsiyalari uchun toʻlov summasining 0,02 foizi miqdorida xizmat haqi olishi belgilangan. Bank 2006-2007-yillarda oʻtkazilgan operatsiyalar uchun 1168542 soʻm xizmat haqi olishi lozim boʻlsa-da, 3721103 soʻm ushlab qolgan. Natijada bank korxonadan 2551561 soʻmni asossiz undirgan.
Shu sababli daʼvogar oʻzining shartnoma oldidagi qonun bilan qoʻriqlanadigan huquqlari buzilgan deb hisoblab, xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bergan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 773-moddasining ikkinchi qismiga asosan, bank mijozning pul mablagʻlaridan qay tarzda foydalanishni belgilashga va nazorat qilishga hamda uning pul mablagʻlarini oʻz xohishiga koʻra tasarruf etish huquqlariga qonunda yoki bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa cheklashlarni belgilashga haqli emas.
Ushbu Kodeks 777-moddasida agar bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bank qonunda, qonunga muvofiq belgilab qoʻyilgan bank qoidalarida va bank amaliyotida qoʻllanadigan ish muomalasi odatlarida ushbu turdagi hisobvaraqlar uchun belgilab qoʻyilgan operatsiyalarni amalga oshirish yoʻli bilan hisobvaraqqa kelib tushayotgan pul mablagʻlarini qabul qilishi va kiritib qoʻyishi hamda mijozning pul mablagʻlarini qoʻlga berish haqidagi topshiriqlarini bajarishi shartligi qayd etilgan.
Mazkur holatda bank tomonidan shartnoma shartlari asossiz ravishda buzilgan. OATB “AGROBANK” Jizzax viloyat boshqarmasining 2008-yil 3-oktabrdagi maʼlumotnomasida bank boʻlimi tomonidan “ISTIQLOL UMIDLARI” xususiy savdo ishlab chiqarish korxonasining 2006-2007-yillar davomida amalga oshirgan operatsiyalaridan ortiqcha bank xizmati undirilganligi qayd etilgan.
Shuningdek, daʼvogar bank ustav kapitalining 0,1 fozi miqdorida jarima va notoʻgʻri toʻlangan summaning 10 foizi miqdorida — 255156 soʻm penya undirishni soʻragan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan bank hisobvaragʻi shartnomasining 5.1-bandida mijozga hisobvaragʻ ochish asossiz ravishda kechiktirilganda yoki rad etilganda, shu jumladan qonunchilik meʼyorlarida belgilanmagan hujjatlar talab qilinganda bank mijozga qonunchilikda belgilangan bank ustav sarmoyasining minimal miqdorining 0,05 foiz miqdorida jarima toʻlashi belgilangan. Ammo, daʼvogar tomonidan shartnomaning mazkur bandi talabi buzilganligi hujjatlar asosida isbotlab berilmagan.
Qolaversa, daʼvo talabining asossiz undirilgan 2551561 soʻmning 10 foizi miqdorda penya undirish talabi ham asoslantirilmagan va uni tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim etmagan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq aniqlab, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, daʼvoni qisman qanoatlantirgan. Hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalar ish holatlariga muvofiq keladi. Apellatsiya instansiyasi sudi esa hal qiluv qarorini asosli ravishda oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 22-dekabr,
13-0901/9685-son