Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Sudning hal qiluv qarorida ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan, taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarini tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlsa, u asoslantirilgan hisoblanadi. Hal qiluv qarori ish holatlari haqidagi taxminlarga asoslangan boʻlishi mumkin emas
[Koʻchirma]
“Mangu” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda — fermer xoʻjaligi) xoʻjalik sudiga murojaat qilib, lizing kompaniyasi Qashqadaryo viloyat filialidan jami 8273393 soʻm undirishni soʻragan.
Sudning 2010-yil 24-maydagi ajrimi bilan lizing kompaniyasi qoʻshimcha javobgar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2010-yil 17-iyundagi hal qiluv qarori bilan lizing kompaniyasidan fermer xoʻjaligiga 456000 soʻm asosiy qarz, 4500 soʻm pochta xarajatlari, 91200 soʻm davlat boji undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2010-yil 25-sentabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya protestida sud qarorlarini bekor qilib, qonuniy qaror qabul qilish soʻralgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni toʻliq rad etish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati protest hamda kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarori va qarorni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, fermer xoʻjaligi va Lizing kompaniyasi oʻrtasida 2009-yil 22-aprelda 09/05-4-173-sonli lizing shartnomasi tuzilgan.
Shartnoma shartiga koʻra Lizing kompaniyasi TS-6070 rusumli bir dona traktorni fermer xoʻjaligining buyurtmasi asosida “OʻzKeystraktor” qoʻshma korxonasidan oʻz mulki etib sotib oladi va ushbu shartnomada belgilangan lizing shartlarida haq evaziga egalik qilish hamda foydalanish uchun kelgusida sotib olish huquqi bilan fermer xoʻjaligiga berish majburiyatini olgan.
Shartnomaning 4.1 bandida lizing oluvchi traktorning chet el valyutasida belgilangan qiymatining 15 foizidan kam boʻlmagan qismining soʻmdagi ekvivalentini avans shaklida shartnoma imzolangan kundan boshlab 15 bank ish kuni ichida lizing beruvchiga toʻlab berishi belgilangan. Shunga koʻra, daʼvogar javobgarga oldindan 25000000 soʻm avans toʻlab bergan. Biroq, Lizing kompaniyasi traktorni oʻz vaqtida yetkazib bermagan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga koʻra, gʻayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan, boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 11-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni koʻrishda ish boʻyicha barcha dalillarni bevosita tekshirishi shart.
Sudning hal qiluv qarorida ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan, taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarini tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlsa, u asoslantirilgan hisoblanadi. Hal qiluv qarori ish holatlari haqidagi taxminlarga asoslangan boʻlishi mumkin emas. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 3-bandida tushuntirish berilgan.
Daʼvogarning daʼvo talabida asosiy qarz undirish qismi mavjud boʻlmasa-da, birinchi instansiya sudi 456000 soʻm asosiy qarz undirib, xatoga yoʻl qoʻygan. Apellatsiya instansiyasi sudi esa, hal qiluv qarorini asossiz ravishda oʻzgarishsiz qoldirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 95-moddasining birinchi qismiga asosan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdorida mutanosib ravishda yuklanadi.
Birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvogar daʼvo talabining 7917393 soʻm qismi rad etilgan boʻlsa-da, javobgar — Lizing kompaniyasidan daʼvoning rad etilgan qismi boʻyicha ham davlat boji undirilgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini bekor qilishni hamda ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi taraflardan daʼvo talablarini aniqlashtirib, har bir daʼvo talabi boʻyicha aniq hisob-kitoblarni talab qilib, nizo yuzasidan tuzilgan shartnomalarning asl nusxasini talab qilib olib, taraflarning vajlariga huquqiy baho berib, sud xarajatlarini undirish masalasini hal etib, toʻplangan dalillar yigʻindisi asosida qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim.
2010-yil 25-oktabr,
18-1006/12715-son