Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kontraktatsiya shartnomasida belgilangan assortiment va turlarda, muddatlarda topshirishdan asossiz boʻyin tovlagan xoʻjalik tayyorlovchiga topshirilmagan mahsulot qiymatining 25 foizi miqdorida jarima toʻlaydi
[Koʻchirma]
Toshkent viloyat adliya boshqarmasi “Ohangarondonmahsulot” OAJ manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Bahodir” fermer xoʻjaligidan 1509809 soʻm jarima undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2010-yil 4-avgustdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan “Ohangarondonmahsulot” OAJ foydasiga 603923 soʻm jarima undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni qayta koʻrib chiqish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Ohangarondonmahsulot” OAJ va “Bahodir” fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2010-yil 21-yanvarda davlat ehtiyoji uchun don xarid qilish boʻyicha 1/7-sonli kontraktatsiya shartnomasi tuzilgan. Ushbu shartnomaning 1.1-bandiga muvofiq “Bahodir” fermer xoʻjaligi 2010-yil hosili uchun jami 27,0 gektar yer maydoniga bugʻdoy ekib, 64,5 tonna boshoqli don yetkazib berish majburiyatini olgan. Ammo, javobgar 39,018 tonna boshoqli don yetkazib berib, oʻzining shartnomaviy majburiyatini toʻliq bajarmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga asosan majburiyatlar majburiyat shartlariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-sentabrdagi 383-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan tayyorlov, xizmat koʻrsatish tashkilotlari oʻrtasida shartnomalar tuzish, ularni roʻyxatdan oʻtkazish, bajarish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringini olib borish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 67-bandiga koʻra, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kontraktatsiya shartnomasida belgilangan assortiment va turlarda, muddatlarda topshirishdan asossiz boʻyin tovlagan xoʻjalik tayyorlovchiga topshirilmagan mahsulot qiymatining 25 foizi miqdorida jarima toʻlaydi.
Fermer xoʻjaligi tomonidan shartnomada nazarda tutilgan miqdordan 25,482 tonna kam bugʻdoy toshirilganligi “Ohangarondonmahsulot” OAJ tomonidan 2010-yil 27-iyul holatiga taqdim etilgan maʼlumotnoma bilan tasdiqlangan. Shuningdek, javobgar ham shartnoma majburiyatlarini toʻliq bajarganligini isbotlab bermagan.
Javobgar tomonidan kontraktatsiya shartnomasi shartlari toʻliq bajarilmaganligi uchun birinchi instansiya sudi mazkur qaror hamda shartnomaning 4.1-bandiga asosan javobgardan jarima undirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan. Sud javobgarning mulkiy ahvolini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asoslangan holda jarima miqdorini 603923 soʻmga kamaytirgan. Apellatsiya instansiyasi sudi esa hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirib, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini javobgar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2011-yil 13-aprel,
11-1028/17806-son