Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Bir taraf shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda koʻrsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat boʻlmaganida esa — oʻttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Farhod gilami” fermer xoʻjaligiga nisbatan 2005-yil 12-sentabrda tuzilgan 109-sonli oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni soʻragan.
Xorazm viloyat xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad qilingan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, yangi qaror qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi hamda “Farhod gilami” fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2005-yil 12-sentabrda tuzilgan 109-sonli oldi-sotdi shartnomasi bekor qilingan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorini bekor qilib, hal qiluv qarorini kuchda qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Xorazm viloyati boshqarmasi bilan “Farhod gilami” fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2005-yil 12-sentabrda 109-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
Ushbu shartnomaga muvofiq, davlat mulki boʻlgan “Xivakinovideo” masʼuliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi 25 foiz davlat ulushini sotish boʻyicha oldi-sotdi kelishuvi, keyinchalik “Xususiylashtirish obyekti”, deb atalib, uni Davlat mulki qoʻmitasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi “Farhod gilami” fermer xoʻjaligiga 2005-yil 8-iyundagi 129-B-sonli buyruq bilan savdoga chiqargan va 2005-yil avgustda oʻtkazilgan markazlashtirilgan elektron birjasining 091-sonli bayonnomasiga asosan sotilishini rasmiylashtirishi, sotib oluvchi ushbu shartnoma shartlari asosida xususiylashtirish obyektining sotilish qiymatini, yaʼni 3460000 soʻmni toʻlashi belgilangan.
“Farhod gilami” fermer xoʻjaligi ushbu shartnomaga muvofiq “Xivakinovideo” masʼuliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi 25 foiz davlat ulushini sotib olgan.
Ammo, taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 2-boʻlimi “v” kichik bandiga koʻra “Farhod gilami” fermer xoʻjaligi xususiylashtirish obyektida “Xivakinovideo” masʼuliyati cheklangan jamiyatining oʻn yilgacha faoliyat yoʻnalishini oʻzgartirmagan holda, yaʼni kinovideo xizmat koʻrsatish ishlari bilan shugʻullanish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Ushbu shartnomaning 4.2-bandida sotib oluvchi ushbu shartnoma shartini bajarmagan taqdirda, sotuvchi sotib oluvchini yozma ravishda ogohlantirib, shartnomaning bekor boʻlishi sabablarini koʻrsatgan holda uni bekor qilishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 384-moddasiga koʻra, shartnoma qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishuv ham shunday shaklda tuziladi, basharti qonun hujjatlaridan, shartnoma yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa. Bir taraf shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda koʻrsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat boʻlmaganida esa — oʻttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin.
Daʼvogar javobgarga kinovideo faoliyatini tiklashni, aks holda oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishi toʻgʻrisida 2009-yil 26-iyundagi 01/08-093-sonli ogohlantirish xatini yuborgan.
Ammo, “Farhod gilami” fermer xoʻjaligi tomonidan ushbu ogohlantirish xati eʼtiborsiz qoldirilgan.
Shuningdek, Davlat mulki qoʻmitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga Xorazm viloyat prokuraturasining 2009-yil 3-iyuldagi taqdimnomasi kiritilgan boʻlib, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi viloyat hududiy boʻlimiga qarashli boʻlgan bino va inshootlarning davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi hamda faoliyatning qonuniyligi yuzasidan agentlik va boshqarma mutaxassislari ishtirokida tekshirish oʻtkazilganida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, sud xarajatlarini javobgar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2010-yil 26-aprel,
22-0904/12452-son