Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun javob beradi
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda — Palata) DAT “Asaka” bank Sirdaryo viloyat filiali (bundan buyon matnda — Filial) manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Shoʻrsuv oltingugurt kimyo” MChJ (bundan buyon matnda — MChJ)dan 220 000 000 soʻm asosiy qarz, 11 000 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar, Palata daʼvo talabini oʻzgartirib, MChJdan 250 000 000 soʻm asosiy qarz, 11 825 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning 2014-yil 1-dekabrdagi ajrimi bilan ish boʻyicha DAT “Asaka” bank (bundan buyon matnda — Bank) daʼvogar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 16-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan. MChJdan Bank foydasiga 250 000 000 soʻm asosiy qarz, 11 825 000 soʻm penya undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 20-fevraldagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
MChJ kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilib, unda birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq oʻrganilmaganligi, Filial va MChJ oʻrtasida tuzilgan koʻchmas mulkni oldi-sotdi shartnomasiga asosan 200 000 000 soʻmlik toʻlov amalga oshirilganligi, qolgan 250 000 000 soʻmlik toʻlov esa MChJga bogʻliq boʻlmagan holda amalga oshirilmaganligi, Filial tomonidan oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan bino-inshootlarining ayrimlari MChJga topshirilmaganligi, 2011-yil 22-oktabrda bino inshootlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi imzolangan boʻlsada, bino-inshootlarga kirishning imkoni boʻlmaganligi, apellatsiya instansiyasi sudi esa ushbu holatlarni inobatga olmasdan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirganligi bayon etilib, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Koʻchmas mulk savdo xizmati” MChJ Sirdaryo mintaqaviy filialida toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar yoʻli bilan tashkillashtirilgan koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlari savdolarining natijasida tuzilgan 11-sonli savdo bayonnomasiga asosan Filial va MChJ oʻrtasida 2011-yil 21-oktabrda 11-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
Shartnomaning 1.1-bandiga koʻra, Filial oʻziga tegishli boʻlgan, shartnomaning 2-ilovasida koʻrsatilgan, Jizzax viloyati, Jizzax shahri, umumiy yer maydoni 4,87 ga., bino-inshootlar joylashgan yer maydoni 5461,39 kv.m. boʻlgan “B” sanoat hududida joylashgan, A-liter maʼmuriy bino, B-liter oshxona binosi, V-liter oshxona binosi, G-liter transformator binosi, D-liter yogʻoch binosi, E-liter armatura sexi, J-liter garaj binosi, Z-liter ombor binosini MChJga topshirish, MChJ esa shartnomaning ajralmas qismi hisoblangan 1-ilovaga muvofiq, 450 000 000 soʻmning 10 000 000 soʻmini shartnoma imzolangan kundan boshlab oʻn kun ichida, qolgan toʻlovni esa belgilangan jadval asosida uch yil mobaynida, 2014-yilning 20-oktabriga qadar toʻlash va ularni qabul qilib olish majburiyatini olgan.
Taraflar oʻrtasida 2011-yil 22-oktabrda imzolangan “Obyektni topshirish va qabul qilish” dalolatnomasiga koʻra, Jizzax viloyati, Jizzax shahri, umumiy yer maydoni 4,87 ga., bino-inshootlar joylashgan yer maydoni 5461,39 kv.m. boʻlgan “B” sanoat hududida joylashgan, 803,67 kv. m. maydonni egallagan 34 xonadan iborat 2 qavatli maʼmuriy bino, 452,93 kv. m. maydonni egallagan 5 xonadan iborat oshxona, 241,60 kv.m. maydonni egallagan 3 xonadan iborat oshxona, 32,95 kv. m. maydonni egallagan 1 xonadan iborat transformator binosi, 834,24 kv. m. maydonni egallagan 4 xonadan iborat yogʻoch sexi, 576,0 kv.m. maydonni egallagan 2 xonadan iborat armatura sexi, 1656,0 kv. m. maydonni egallagan 6 xonadan iborat garaj, 864,0 kv. m. maydonni egallagan 5 xonadan iborat omborxona binosi (bundan buyon matnda — Koʻchmas mulk) Filial tomonidan MChJga topshirilgan, MChJ esa ushbu Koʻchmas mulklarni qabul qilib olgan.
Shuningdek, mazkur dalolatnomada, Koʻchmas mulkni topshirishda MChJning Filialga, Filialning MChJga hech qanday eʼtirozlari mavjud emasligi, lekin Koʻchmas mulkning sobiq egasi “Xumo” MChJ tomonidan Filial va MChJga nisbatan eʼtirozlari mavjudligi sababli maʼmuriy organlar orqali hal etilishi belgilangan.
MChJ tomonidan Koʻchmas mulk uchun 200 000 000 soʻmlik toʻlov amalga oshirilib, qolgan 250 000 000 soʻmlik toʻlov bugungi kunga qadar amalga oshirilmasdan qolgan.
Filialning Koʻchmas mulk uchun toʻlovni amalga oshirish haqidagi talabanomalari MChJ tomonidan oqibatsiz qoldirilgan.
Shartnomaning 8.3-bandida MChJ tomonidan shartnomaning 3.2-bandida belgilangan tartibda toʻlov amalga oshirilmagan yoki kechiktirilgan taqdirda, toʻlov kechiktirilgan har bir kun uchun 0,05 foiz, biroq, kechiktirilgan toʻlov summasining 5 foizidan oshmagan holda penya toʻlashi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda — FK)ning 236-moddasiga koʻra, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
FKning 333-moddasiga koʻra, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun javob beradi.
FKning 263-moddasiga koʻra, neustoyka toʻlash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qatʼi nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoyka (qonuniy neustoyka)ni toʻlashni talab qilishga haqli.
Shu bois, birinchi instansiya sudi qayd etilgan holatlarni inobatga olgan holda, daʼvo talablarini toʻliq qanoatlantirish, MChJdan Bank foydasiga 250 000 000 soʻm asosiy qarz, 11 825 000 soʻm penya haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 186-moddasiga koʻra xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Ishni koʻrishda birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan.
Bunday holatda sudlov hayʼati, sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 1 309 125 soʻm davlat boji va 7000 soʻm pochta xarajatini MChJ zimmasiga yuklashni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 30.000 soʻm sud harajatini uning zimmasiga yuklashni lozim topdi.
2015-yil 29-aprel,
15-1407/16654-son