Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Kafillik shartnomasi boʻyicha kafil boshqa shaxs oʻz majburiyatini toʻla yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni oʻz zimmasiga oladi
Davlat tijorat “Xalq banki” Zafarobod tuman filiali (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) bilan “Oʻtkir tex” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) oʻrtasida 2009-yil 3-oktabrda tuzilgan 6-sonli kredit shartnomasiga koʻra daʼvogar tomonidan javobgarga yillik 14 foizlik ustama haq toʻlash sharti bilan 5 yil muddatga 31 404 000 soʻmlik TTZ 8011 rusumli traktori va 7 008 000 soʻmlik 2PTS-4793A-03A rusumli tirkama sotib olish uchun jami 38 412 000 soʻm kredit ajratilgan.
Kredit mablagʻining taʼminoti sifatida 2010-yil 7-yanvarda Paxtakor tuman notarial idorasida kreditga olingan traktorni va tirkamani garovga qoʻyish boʻyicha garov shartnomasi rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, javobgar bilan “Obid-A” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda kafil deb yuritiladi) oʻrtasida 2009-yil 29-sentabrda tuzilgan kafillik shartnomasiga muvofiq javobgar tomonidan kreditni qaytarish majburiyati bajarilmagan taqdirda, kafil tomonidan daʼvogarga 10 000 000 soʻmlik kafillik berilgan.
Kredit shartnomasi shartlari daʼvogar tomonidan bajarilgan holda javobgarga kredit mablagʻi ajratilgan boʻlsada, javobgar tomonidan toʻlovni amalga oshirish boʻyicha majburiyatlar lozim darajada bajarilmaganligi sababli javobgarning 2014-yil 11-mart holatiga daʼvogar oldida kredit boʻyicha 31 631 082 soʻm asosiy qarz va 2 196 000 soʻm foiz qarzdorligi vujudga kelgan.
Nizoni sudgacha hal etish boʻyicha javobgarga yuborilgan talabnomalar javobgar tomonidan natijasiz qoldirilganligi sababli Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi daʼvogar manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar bilan kafil hisobidan 31 631 082 soʻm asosiy qarz va 2 196 000 soʻm undirishni soʻragan.
Sudning 2014-yil 17-apreldagi ajrimi bilan ishga Davlat tijorat “Xalq banki” daʼvogar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 13-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgar va kafildan daʼvogar foydasiga 26 677 537 soʻm asosiy qarz va 184 184 soʻm foiz undirilib, daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya tartibida koʻrilmagan.
Ushbu hal qiluv qaroriga nisbatan Jizzax viloyat prokurorining oʻrinbosari tomonidan kassatsiya protesti keltirilib, unda birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarni oʻrganmasdan, kafillik shartnomasining shartlariga huquqiy baho bermagan holda kafilni toʻliq kredit summasi boʻyicha javobgar qilganligi, yuridik maqomi boʻlmagan tarafga nisbatan ish yuritishni tugatish choralarini koʻrmaganligi, moddiy va protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan holda daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini oʻzgartirib, kafilning daʼvogar oldidagi javobgarligini ushbu 10 000 000 soʻm miqdorda belgilanishi soʻralgan.
Prokurorning hal qiluv qarorini oʻzgartirib, kafilning daʼvogar oldidagi javobgarligini 10 000 000 soʻm miqdorda belgilash haqidagi fikrini tinglab, ishdagi hujjatlarini kassatsiya protestida keltirilgan vajlari bilan birgalikda muhokama qilib, sudlov hayʼati quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgartirishni, kassatsiya protestini esa toʻliq qanoatlantirishni lozim topdi.
XPKning 135-moddasiga muvofiq xoʻjalik sudining hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 8 va 234-moddasining ikkinchi qismiga asosan majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.
Ushbu holatda, taraflar oʻrtasidagi nizo kredit va kafillik boʻyicha shartnomalardan kelib chiqqan.
FK 236-moddasida majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerakligi belgilangan.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida 2009-yil 3-oktabrda tuzilgan kredit shartnomasi asosida daʼvogar tomonidan javobgarga yillik 14 foizlik ustama haq toʻlash sharti bilan ajratiltgan 38 412 000 soʻm kredit mablagʻining taʼminoti sifatida 2010-yil 7-yanvarda kredit evaziga olingan traktor va tirkamani garovga qoʻyish haqida garov, shuningdek javobgar bilan kafil oʻrtasida 2009-yil 29-sentabrda kafillik shartnomalari tuzilgan.
Ushbu kafillik shartnomasining 1.1-bandida, kafil shartnoma asosida 10 000 000 soʻm miqdorda kreditni vaqtida qaytarish toʻgʻrisida majburiyatni bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil daʼvogarning birinchi talabiga binoan kredit boʻyicha toʻlovlarni, unga hisoblab yozilgan foizlarni hisobvaraqasidagi mablagʻlari yoxud likvidli mol-mulki bilan soʻzsiz toʻlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
FK 292-moddasining birinchi qismida, kafillik shartnomasi boʻyicha kafil boshqa shaxs oʻz majburiyatini toʻla yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni oʻz zimmasiga olishi nazarda tutilgan.
FK 293-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi.
Dyemak, qayd etilgan qonun normasiga binoan kafil kreditor oldidagi qarzdorning majburiyatlari boʻyicha, agar kafillik shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, qarzdor bilan birgalikda solidar boʻladi.
Ushbu holatda esa, kafillik shartnomasining 1.1-bandiga koʻra kafil qarzdorning kreditor oldidagi faqat 10 000 000 soʻmlik majburiyati boʻyicha javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan.
FKning 333-moddasiga muvofiq, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi.
Ushbu holatda, birinchi instansiya sudi tomonidan barcha qarzdorlik summasini javobgar bilan birga kafildan ham solidar tartibda undirish haqida notoʻgʻri toʻxtamga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
XPK 188-moddasiga koʻra moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Ushbu holatda, hal qiluv qarorining kafildan toʻliq daʼvo summasini undirish haqidagi qismi 10 000 000 soʻmga oʻzgartirilishi lozim.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati, Jizzax viloyat xoʻjalik sudining 2014-yil 13-maydagi hal qiluv qarorini oʻzgartirishni, ushbu hal qiluv qarorining kafildan daʼvogar foydasiga 26 677 537 soʻm asosiy qarz va 184 184 soʻm foiz undirish qismini, kafildan 10 000 000 soʻm undirilsin deb oʻzgartirishni, Jizzax viloyat prokurorining oʻrinbosari tomonidan kiritilgan kassatsiya protestini esa toʻliq qanoatlantirishni lozim topdi.
2015-yil 17-iyun,
13-1403/3437-son