Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Gʻayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq hajmda qoplanadi
[Koʻchirma]
Daʼvogar — “Nabiyev Ibrohim bobo” xususiy ishlab chiqarish korxonasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, “Janubgaztaʼminot” unitar korxonasi Qarshi shahar filialidan 11200000 soʻm yetkazilgan zarar va boy berilgan foydani undirib berishni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida ishga “Janubgaztaʼminot” unitar korxonasi jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2008-yil 11-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 24-sentabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 15-dekabrdagi qarori bilan sud qarorlari bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun yuborilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 17-fevraldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, “Janubgaztaʼminot” unitar korxonasidan “Nabiyev Ibrohim bobo” XIChK foydasiga 9000000 soʻm yetkazilgan zarar undirilgan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2006-yil 3-yanvarda ulgurji isteʼmolchiga tabiiy gazni yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolangan boʻlib, unga koʻra, javobgar daʼvogarga gaz yetkazib berish majburiyatini, daʼvogar esa gazni qabul qilish va uning qiymatini toʻlash majburiyatini olgan. Daʼvogar tomonidan isteʼmol qilingan gaz uchun belgilangan tartibda va miqdorda toʻlovlar amalga oshirib kelingan.
Daʼvogar 2007-yil 12-yanvarda javobgarga 3-sonli xat bilan murojaat qilib, gʻisht zavodiga gaz hisoblagich apparati oʻrnatib berishni soʻragan.
Mazkur xatga asosan javobgar tomonidan daʼvogarning gʻisht zavodiga 2007-yilning 14-fevralida gaz hisoblagich apparati oʻrnatib berilgan va gazdan foydalanishi mumkinligi toʻgʻrisida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Javobgar — “Oʻztransgaz” ABning 2007-yil 6-oktabrdagi 21/276-sonli faksogrammasiga asosan 2007-yil 6-oktabr kuni daʼvogar korxonasiga qarashli gʻisht zavodini gaz tarmogʻidan uzib qoʻygan.
Daʼvogar asossiz gaz uzib qoʻyilishi oqibatida 11200000 soʻm zarar koʻrganligini asos qilib, xoʻjalik sudidan javobgar va qoʻshimcha javobgardan yetkazilgan zarar va boy berilgan foydani undirishni soʻragan.
Daʼvogar korxonaning gʻisht zavodida 5 dona gʻisht pishiradigan pechkasi boʻlib, uning har biriga 18000 donadan jami 90000 dona gʻisht ketadi. Ushbu 90000 dona gʻisht gazning uzib qoʻyilishi natijasida yaroqsiz holga kelib qolgan. Shartnoma narxida har bir gʻishtning bahosi 100 soʻmdan sotilgan boʻlib, 90000 dona gʻishtning shartnoma narxidagi bahosi 9000000 soʻmni tashkil qiladi.
Shartnoma shartlarida gazni uzib qoʻyish holatlari koʻrsatilgan boʻlib, ushbu asoslar mavjud boʻlmasa-da, javobgar tomonidan asossiz ravishda daʼvogarning gaz tarmogʻi uzib qoʻyilgan va bu ham uning zarar koʻrishiga sabab boʻlgan.
Gazni uzib qoʻyish oqibatida daʼvogar zarar koʻrganligi ish hujjatlari va ekspert xulosasi bilan ham oʻz tasdigʻini topgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 14-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari, uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.
Mazkur Kodeksning 985-moddasiga koʻra, gʻayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim.
Birinchi instansiya sudi javobgarlarning daʼvoni rad etish toʻgʻrisidagi vajlari dalillar bilan isbotlab berilmaganligi uchun toʻgʻri rad etgan. Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasida ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Bunday holatda sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, sud xarajatlarini javobgar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 4-may,
18-0807/1858-son