Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Ulushli mulkdagi mol-mulk uning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan tasarruf etiladi
[Koʻchirma]
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi “Samarqand” muqobil mashina-traktor parki manfaatida (bundan buyon matnda “Samarqand” MMTP deb yuritiladi) “Aksiya biznes” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Samarqand” MMTP bilan “Aksiya biznes” MChJ oʻrtasida tuzilgan 2008-yil 10-martdagi 5-sonli topshiriq shartnomasini hamda 2008-yil 16-aprelda 44169-sonli raqam bilan qayd qilingan savdo bitimini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2009-yil 2-fevraldagi ajrimi bilan “Semurg” IF ishga uchinchi shaxs sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 5-martdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 27-maydagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Sudning 2009-yil 19-iyundagi ajrimi bilan ishga “Nishon” MTP DAJ, “Davr investkom” BK411(1)-sonli broker idorasi, “Kitob-76” OAJ, “Brok Stock” 349-(2)-sonli brokerlik idorasi, 2009-yil 10-iyuldagi ajrimi bilan “Toshkent” Respublika fond birjasi uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 20-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan hal qiluv qarorining sud xarajatlarini undirish haqidagi qismini oʻzgartirib, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Samarqand” MMTP bilan “Aksiya biznes” MChJ oʻrtasida 2008-yil 10-martda qimmatli qogʻozlarni sotish yuzasidan 5-sonli topshiriq-shartnomasi tuzilgan. Shartnoma shartlariga koʻra, “Aksiya biznes” MChJ (broker) “Samarqand” MMTPning topshirigʻiga asosan “Nishon” MTP DAJning jami 879 dona aksiyalarini sotish majburiyatini olgan.
2008-yil 16-aprelda “Toshkent” Respublika fond birjasida 44169-sonli savdo bitimi qayd qilinib, unga asosan “Samarqand” MMTP tasarrufidagi Nishon MTP DAJning 308 dona aksiyalarini “Semurg” IF sotib olgan.
2008-yil 22-aprelda “Toshkent” Respublika fond birjasida 44309-sonli savdo bitimi qayd qilinib, unga asosan “Samarqand” MMTP tasarrufidagi “Nishon” MTP DAJning 571 dona aksiyalarini “Kitob -76” OAJ sotib olgan.
Shu sababli, Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi “Samarqand” MMTP manfaatida “Aksiya biznes” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Samarqand” MMTP bilan “Aksiya biznes” MChJ oʻrtasida tuzilgan 2008-yil 10-martdagi 5-sonli topshiriq shartnomasini hamda 2008-yil 16-aprelda 44169-sonli raqam bilan qayd qilingan savdo bitimini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 58-moddasining birinchi qismiga muvofiq ulushlarga (qoʻshilgan hissalarga) yoki muassislarning (ishtirokchilarning) aksiyalariga boʻlingan ustav fondi (ustav kapitali)ga ega boʻlgan tijoratchi tashkilotlar xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari hisoblanadi. Muassislar (ishtirokchilar) qoʻshgan hissalar yoki ular sotib olgan aksiyalar hisobiga vujudga keltirilgan, shuningdek xoʻjalik shirkati yoki jamiyati oʻz faoliyati jarayonida ishlab chiqargan va sotib olgan mol-mulk mulk huquqi asosida unga tegishli ekanligi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 218-moddasiga muvofiq ulushli mulkdagi mol-mulk uning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan tasarruf etiladi.
“Samarqand” MMTP rahbari B.Pirboboyev oʻz vakolat doirasidan chetga chiqqan holda “Aksiya biznes” MChJ bilan 2008-yil 10-martda tuzilgan 5-sonli topshiriq shartnomasini imzolagan. Chunki, mazkur nizo “Samarqand” MMTP rahbarining bevosita aybi bilan yuzaga kelgan.
Birinchi instansiya sudi 2009-yil 20-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Biroq, ishni koʻrish natijalari boʻyicha sud xarajatlarini “Aksiya-biznes” MChJ zimmasiga qoldirib, xatolikka yoʻl qoʻygan.
Shuning uchun ishni birinchi instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini “Samarqand” MMTP zimmasiga, kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini “Semurg” IF zimmasiga yuklash lozim boʻladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, hal qiluv qarorini oʻzgartirib, birinchi instansiya sudida ishni koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini “Samarqand” MMTP zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2009-yil 28-oktabr,
18-0903/2097-son