Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak
[Koʻchirma]
Toshkent viloyat adliya boshqarmasi “Piskent tumani paxta tozalash zavodi” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, “ABDULAZIZ SARBON” fermer xoʻjaligi hisobidan 4585305 soʻm jarima undirib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2008-yil 13-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
“ABDULAZIZ SARBON” fermer xoʻjaligining yangi ochilgan holat boʻyicha bergan arizasi asosida birinchi instansiyasi sudining 2009-yil 16-martdagi ajrimi bilan 2008-yil 13-noyabrdagi hal qiluv qarori bekor qilingan va 2009-yil 16-martdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari rad etilgan hamda xususiy ajrimlar chiqarilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 22-maydagi qarori bilan hal qiluv qarori va xususiy ajrimlar bekor qilinib, daʼvo qanoatlantirilgan.
Kassatsiya shikoyatida apellatsiya instansiyasi sudi qarorini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati vajlarini muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Piskent tumani paxta tozalash zavodi” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati va “ABDULAZIZ SARBON” fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2008-yil 20-yanvarda davlat ehtiyoji uchun paxta xomashyosi xarid qilish boʻyicha 133-sonli kontraktatsiya shartnomasi tuzilgan. Mazkur shartnomaning 1.2-bandiga asosan xoʻjalik (javobgar) davlat ehtiyoji uchun tayyorlovchi (daʼvogar)ga 2008-yil hosilidan jami 68,7 tonna paxta xomashyosi topshirish majburiyatini olgan. Biroq, fermer xoʻjaligi tomonidan shartnoma majburiyatlari toʻliq bajarilmagan va daʼvogarga 42,65 tonna paxta xomashyosi topshirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga koʻra, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Mazkur Kodeks 466-moddasining birinchi qismiga koʻra, qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtiruvchi oʻstirilgan (ishlab chiqarilgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotini tayyorlovchiga kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan miqdor va assortimentda topshirishi shart.
Kodeksning 333-moddasiga koʻra, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 5.2-bandida xoʻjalik shartnoma shartlariga muvofiq mahsulot yetkazib berishdan asossiz ravishda boʻyin tovlagan taqdirda, tayyorlovchiga topshirilmagan mahsulot qiymatining 25 foizi miqdorida jarima toʻlashi belgilangan.
Fermer xoʻjaligining shartnoma tuzilmaganligi toʻgʻrisidagi vajlari bilan kelishib boʻlmaydi. Chunki, ish hujjatlarida kontraktatsiya shartnomasi asosida uning 400 kg. urugʻlik chigit olganligi toʻgʻrisida yuk xati mavjud. Bundan tashqari, kontraktatsiya shartnomasi asosida 2008-yil hosili uchun DT “Xalq banki”dan 5 498 700 soʻm imtiyozli kredit olganligi bilan ham “Piskent tumani paxta tozalash zavodi” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati va “ABDULAZIZ SARBON” fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2008-yil 20-yanvarda davlat ehtiyoji uchun paxta xomashyosi xarid qilish boʻyicha 133-son kontraktatsiya shartnomasi tuzilganligi oʻz isbotini topgan.
Shartnoma majburiyatlari toʻliq bajarilmaganligi uchun apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan daʼvoni qanoatlantirish haqida toʻgʻri xulosaga kelinib, asosli ravishda hal qiluv qarori va xususiy ajrimlar bekor qilingan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasi sudi qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini javobgar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2009-yil 22-iyul,
11-0809/20639-son