Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Ishda ishtirok etuvchi shaxs boʻlmish tashkilot tugatilgan boʻlsa, xoʻjalik sudi ish yuritishni tugatadi
[Koʻchirma]
“Shani” qoʻshma korxonasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, javobgar — “Emek” qoʻshma korxonasidan 3000000 soʻm asosiy qarz va 300000 soʻm penya, jami 3300000 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tugatish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “Shani” qoʻshma korxonasi va “Emek” qoʻshma korxonasi oʻrtasida 2007-yil 13-martda 40-sonli shartnoma tuzilib, unga koʻra javobgar daʼvogarga 6000 dona polipropilen qoplarini yetkazib berish, daʼvogar esa mahsulot uchun oldindan 100 foiz toʻlovni amalga oshirish majburiyatini olgan.
Daʼvogar tomonidan mahsulot uchun toʻlov 100 foiz, yaʼni 2007-yil 14-martdagi 39-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 3000000 soʻm miqdorida javobgarga oʻtkazilgan. Javobgar tomonidan esa mahsulot daʼvogarga yetkazib berilmagan.
Shartnomaning 4.1-bandiga asosan javobgar mahsulotni oʻz vaqtida yetkazib bermasa, kechiktirilgan har bir kun uchun shartnoma summasining 0,05 foizi, ammo shu summaning 10 foizidan oshmagan miqdorda penya toʻlashi kerak.
Shu bois, daʼvogar xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgardan yetkazib berilmagan mahsulotning qiymati — 3000000 soʻm asosiy qarz va 300000 soʻm penya, jami 3300000 soʻm undirish haqida daʼvo arizasi bilan murojaat etgan.
Biroq, Toshkent shahar xoʻjalik sudining 10-0911/7028-sonli ishi yuzasidan 2009-yil 8-iyundagi hal qiluv qaroriga asosan “Emek” qoʻshma korxonasi bankrot deb topilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizani ish yuritish uchun qabul qilib olgan paytdan eʼtiboran kreditorlar qarzdorga oʻz talablarini qondirish maqsadida yakka tartibda murojaat etishga haqli emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 86-moddasining 4-bandiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxs boʻlmish tashkilot tugatilgan boʻlsa, xoʻjalik sudi ish yuritishni tugatadi.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrish jarayonida yuqorida qayd etilgan holatlarga huquqiy baho berilmagan.
Cudlov hayʼati, hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tugatishni, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirishni, birinchi va kassatsiya instansiyasida ishni koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini “Shani” qoʻshma korxonasidan undirishni lozim topadi.
2009-yil 28-sentabr,
10-0906/6218-son