Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish soliq qarzini majburiy undirish choralaridan hisoblanadi
[Koʻchirma]
Mirzo Ulugʻbek tuman davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining davlat budjeti va budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar oldidagi 3628025268,60 soʻm soliq qarzi undiruvini uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilish, kassatsiya protestida esa hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrishga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va protest vajlarini muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining 2008-yil 23-iyul holatiga soliq va majburiy toʻlovlar boʻyicha budjet hamda budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar oldidagi qarzi 3628025268,60 soʻmni tashkil qilgan.
Mazkur qarz javobgar tomonidan soliqlar va majburiy toʻlovlar budjetga hamda budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalarga oʻz vaqtida toʻlanmaganligidan kelib chiqqan. Ushbu holat ishdagi dalillar bilan oʻz tasdigʻini topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 62-moddasining birinchi qismiga koʻra, undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish soliq qarzini majburiy undirish choralaridan hisoblanadi. Mazkur Kodeks 61-moddasining uchinchi qismiga binoan, soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma yuridik shaxs tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida yuridik shaxs soliq qarzini uzmagan taqdirda va, agar ushbu moddaning birinchi hamda ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan choralarni qoʻllash natijasida soliq qarzi uzilmay qolaversa, davlat soliq xizmati organlari undiruvni ushbu Kodeksning 65-moddasida belgilangan tartibda soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratishi belgilangan.
Soliq inspeksiyasi oʻz vakolati doirasida mavjud qarzni budjetga hamda budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalarga undirib olish maqsadida tegishli choralarni koʻrgan. Ammo javobgarning hisob raqamida pul mablagʻlari boʻlmaganligi uchun mavjud qarz toʻlanmagan. Shundan soʻng soliq inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 65-moddasining birinchi qismiga muvofiq undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratishni soʻrab xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bergan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlangan, sudning xulosalari ish holatlariga muvofiq keladi.
Kassatsiya shikoyati va protestida havola etilgan Muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va budjetga toʻlovlar intizomini mustahkamlash boʻyicha respublika komissiyasining 2008-yil 30-iyundagi 30-son bayonnomasida “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini budjet hamda budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar oldidagi soliq qarzini toʻlash majburiyatidan ozod etish nazarda tutilmagan. Mazkur bayonnomada soliq qarzining toʻlov muddati kechiktirilgan. Bu esa daʼvoni rad etish uchun asos boʻlmaydi.
Qayd etilganlarga koʻra sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2008-yil 16-dekabr,
10-0814/10527-son