Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Majburiyat asosida kreditorga tegishli boʻlgan huquq (talab) uning tomonidan bitim boʻyicha boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin
[Koʻchirma]
“MOON AVTO” koʻp tarmoqli xususiy firmasi daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar — “Xoʻjaobod buyum bozori” MChJdan 15250000 soʻm asosiy qarz, 7625000 soʻm penya, jami 22875000 soʻm undirishni soʻragan.
Xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 4600212 soʻm asosiy qarz, 2287500 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida daʼvoni toʻliq qanoatlantirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, 2005-yil 10-avgustdagi 147-sonli shartnomaga asosan, “Sotuvchi” – “Hayot oʻtlari” xususiy koʻp tarmoqli ishlab chiqarish savdo kichik korxonasi “Oluvchi” — “Xoʻjaobod buyum bozori” MChJga Oʻzbekiston banklar assotsiatsiyasining Universal birja markazining Andijon filiali tomonidan oʻtkazilgan 2005-yil 10-avgustdagi koʻchmas mulk birja savdosida Andijon viloyat davlat koʻchmas mulk kadastri boshqarmasining 2005-yil 9-avgustdagi 236/463-sonli maʼlumotnomasiga asosan oʻziga tegishli boʻlgan Xoʻjaobod tumanida joylashgan A-literda foydalanish maydoni 484,93-kv.m. “Toʻquv sexi”, B-litrda foydalanish maydoni 129,0 kv.m. “Oshxona”, B1-litrda foydalanish maydoni 22 kv.m. “Naves”, V-litrda foylanish maydoni 100,93 kv.m. “Medpunkt”, G-litrda foydalanish maydoni 64,32 kv.m. “Dushxona”, D-litrda foydalanish maydoni 7,68 kv.m. “Qorovulxona”dan iborat “Tikuvchilik sexi” binosining bir qismini va inshootlarini 15250000 soʻmga sotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 234-moddasiga koʻra, majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda boshqa asoslardan kelib chiqadi.
Shartnomaning 3.2 bandida “Oluvchi” sotib olingan bino-inshootlar haqini 2005-yilning 31-dekabriga qadar toʻlab berishi lozimligi belgilangan boʻlsa-da, “Oluvchi” obyektning haqini oʻz vaqtida toʻlamagan.
2006-yil 20-mayda “Sotuvchi” — “Hayot oʻtlari” xususiy koʻp tarmoqli ishlab chiqarish savdo kichik korxonasi, “Oluvchi” — “Xoʻjaobod buyum bozori” MChJ hamda “MOON AVTO” koʻp tarmoqli xususiy firmasi oʻrtasida “Koʻchmas mulkning pulini haqdorga oʻtkazib berish sharti bilan unga egalik qilish huquqidan voz kechish toʻgʻrisida” kelishuv bitimi tuzilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 313-moddasiga koʻra, majburiyat asosida kreditorga tegishli boʻlgan huquq (talab) uning tomonidan bitim boʻyicha boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin.
Ushbu kelishuvga koʻra, “Hayot oʻtlari” kichik korxonasi oʻzining “Xoʻjaobod buyum bozori” MChJdan 15250000 soʻm undirish huquqini “MOON AVTO” xususiy firmasiga oʻtkazgan.
Shuningdek, 2006-yil 12-oktabrdagi shartnomaga koʻra, “Xoʻjaobod buyum bozori” MChJ “Hayot oʻtlari” kichik korxonasiga yuqorida qayd etilgan obyektning bir qismini 7017500 soʻmga qaytarib sotgan. Natijada oʻzaro qarzdorlik aynan shu summaga kamaygan.
Bundan tashqari, “Xoʻjaobod buyum bozori” MChJ “Hayot oʻtlari” kichik korxonasiga 2006-yil 21-avgustdagi 1-sonli hisob shartnoma asosida 2006-yil 31-avgustdagi schyot-fakturaga binoan 2006-yil 21-avgustdagi 8-sonli ishonchnoma orqali 3632288 soʻm miqdoridagi qurilish materiallari bergan.
Bunday holatda sudlov hayʼati javobgarning daʼvogar oldidagi asosiy qarzi 4600212 soʻmni (15250000 - 7017500 - 3632288 = 4600212) tashkil qiladi, deb toʻgʻri xulosaga kelgan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 2.3 bandiga koʻra, “Egalikka oluvchi” kelishuv bitimida belgilangan muddatda toʻlovni amalga oshirmasa, toʻlanmagan summadan har bir kechiktirilgan kun uchun 0,3 foiz lekin, shartnomaning umumiy summasining 30 foizi miqdorida penya toʻlashi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 333-moddasiga koʻra, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi. Ushbu Kodeksning 326-moddasiga koʻra, agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli.
Bu holatda birinchi instansiya sudi daʼvo talabining penya undirish qismini qisman qanoatlantirib, moddiy huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan.
Qayd etilganlarga asosan, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy huquq normalari bilan asoslantirilgan qonuniy qaror qabul qilingan deb hisoblab, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni hamda ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini daʼvogardan undirishni lozim topadi.
2008-yil 18-avgust,
17-0708/10613-son