Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllaniladi
[Koʻchirma]
Daʼvogar — “Olmaliq goʻsht-sut savdo” OAJ ulgurji hududiy bazasi daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar — “Turapov Anvarjon Zufarovich” xususiy korxonasi hisobidan 11110000 soʻm asosiy qarzni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, nizo “Turapov Anvarjon Zufarovich” xususiy korxonasi tomonidani taraflar oʻrtasida imzolangan 2004-yil 9-iyuldagi 1/KPN-sonli koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha majburiyatlar lozim darajada bajarilmaganligi natijasida kelib chiqqan.
Daʼvo arizasida taraflar oʻrtasidagi munosabat 2005-yilning avgust oyiga qadar davom etganligi qayd etilgan. Biroq, daʼvogar tomonidan ish hujjatlariga oʻz daʼvo talablarini asoslantiruvchi hujjatlar ilova qilinmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 153-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllaniladi.
Qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
Daʼvogar tomonidan birinchi instansiya sudiga 2006-yilning avgust oyidan boshlab debitorlik qarzlarini undirish boʻyicha tegishli choralarni koʻrganligi haqidagi hujjatlar taqdim etilmagan. Buning natijasida, daʼvo muddatining uzilishi kabi holatlar isbotini topmagan.
Qayd etilgan holatlar asosida, birinchi instansiya sudi daʼvogar tomonidan oʻz daʼvo talablarini asoslantira olmagan va daʼvogar sudga daʼvo muddati oʻtkazib yuborilgandan soʻng murojaat qilgan hamda daʼvo muddatini tiklash asoslari mavjud emas deb hisoblagan holda daʼvoni rad etib, qonuniy xulosaga kelgan.
Bu holda, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy huquq normalari bilan asoslantirilgan qaror qabul qilinganligi uchun hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni hamda ishni sudda koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini daʼvogar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 2-noyabr,
10-0920/11968-son