Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining
Ajrimi
Moddiy va protsessual huquq normalarining buzilganligi sud qarorlari bekor qilinib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga asos boʻladi
[Koʻchirma]
Viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi G. Abdullayevaning manfaatida “Xatirchi paxta tozalash” AJga nisbatan sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, uni ishga tiklash, majburiy progul vaqti uchun ish haqi va maʼnaviy zararni undirishni soʻragan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi apellatsiya instansiyasining 2013-yil 30-sentabrdagi ajrimi bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan tumanlararo sudining 2013-yil 12-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Quyidagi asoslarga koʻra, Oliy sud fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 2014-yil 24-fevraldagi ajrimi bilan mazkur ish boʻyicha sud qarorlari bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Aniqlanishicha, G. Abdullayeva “Xatirchi paxta tozalash” AJda hamshira vazifasida ishlab kelib, jamiyatning 2013-yil 22-maydagi 124-sonli buyrugʻiga asosan vazifasidan ozod qilingan.
Jamiyatning buyrugʻida mehnat shartnomasi MKda nazarda tutilgan qaysi asoslarga koʻra bekor qilinganligi koʻrsatilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 100-moddasiga koʻra, nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asosli boʻlishi shart.
Jamiyat rahbari tomonidan G. Abdullayevaga 2013-yil 22-maydan mehnat faoliyati toʻxtatilganligi haqida xat taqdim etilib, shu kunning oʻzida mehnat shartnomasini bekor qilish haqida emas, balki ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi 2010-yil 2-oktabrdagi buyruqni bekor qilish haqida boʻyruq chiqarilgan.
Tuman tibbiyot birlashmasi “Bajaruvchi”, “Xatirchi paxta tozalash” AJ “Buyurtmachi” sifatida oʻzaro shartnoma tuzishib, unda buyurtmachi xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot xodimini tegishli preyskurant boʻyicha ish haqi bilan taʼminlashi hamda shartnomada koʻrsatilgan summalarni har oyning 25 sanasiga qadar pul koʻchirish yoʻli bilan bajaruvchining hisob raqamiga toʻlab berish majburiyatini olgan.
Shundan kelib chiqqan holda, sud tomonidan daʼvogar bilan aynan kim tomonidan mehnat shartnomasi tuzilganligi aniqlamagan.
Oʻzbekiston Respublikasi FPK 314-moddasining 4-qismiga koʻra, sud ishda qatnashishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlariga doir masalani hal qilgan boʻlsa hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorning bekor qilinishiga asos boʻladi.
Sud, tuman tibbiyot birlashmasi bilan jamiyat oʻrtasida shartnoma asosida tibbiyot xodimini ishga qabul qilish masalasida shartnoma tuzilganligi yuzasidan tibbiyot birlashmasi vakilini qoʻshimcha javobgar sifatida ishga jalb etmagan.
2014-yil 24-fevral,
6-39-14-son