Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Kassatsiya shikoyatini (protestini) berayotgan shaxsgina ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga shikoyat (protest) nusxasini va unga ilova qilingan, ularda boʻlmagan hujjatlarning nusxalarini yuboradi
[Koʻchirma]
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyatini bankrot deb eʼtirof etishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2005-yil 13-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyati bankrot deb topilgan, jamiyatga nisbatan tugatish ishlari ochilgan. Tugatish boshqaruvchisi etib Oʻ.Qarshiboyev tayinlangan. “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyati sobiq rahbariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 205-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi, 175-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Sudning 2006-yil 4-yanvardagi ajrimi bilan Oʻ.Qarshiboyev lavozimidan ozod qilinib, tugatish boshqaruvchisi etib Y.Parmonov tayinlangan.
Sudning 2007-yil 31-martdagi ajrimi bilan “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyati, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Jizzax viloyat filiali va “DEROSSA PLYUS” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi tasdiqlangan. “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyatini tugatish ishlari yakunlanganligi toʻgʻrisida yakuniy hisobot tasdiqlangan. Baxmal tuman hokimligi zimmasiga “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyatini yagona davlat reyestridan chiqarish majburiyati yuklatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 27-fevraldagi qarori bilan 2007-yil 31-martdagi ajrim bekor qilinib, “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyatini tugatish ishlari qayta tiklangan. Tugatish ishlarini oxiriga yetkazish uchun ish birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Sudning 2008-yil 27-fevraldagi ajrimi bilan tugatish boshqaruvchisi etib Y.Parmonov tayinlangan.
Sudning 2008-yil 14-martdagi ajrimi bilan Y.Parmonov lavozimidan ozod qilinib, tugatish boshqaruvchisi etib Q.Abdujabborov tayinlangan.
Sudning 2008-yil 7-apreldagi ajrimi bilan “DEROSSA PLYUS” masʼuliyati cheklangan jamiyatining kassatsiya shikoyati qaytarilgan.
Kassatsiya shikoyatida 2008-yil 27-fevraldagi sud qarori va 2008-yil 7-apreldagi ajrimni bekor qilib, ish yuritishni tugatish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarori va ajrimni oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyatini tugatish jarayonida tugatish boshqaruvi va “DEROSSA PLYUS” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida 2006-yil 11-noyabrda 9-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
Shartnoma shartiga koʻra, tugatish boshqaruvchisi sotuvchi sifatida shartnoma ilovalarida koʻrsatilgan 323137,0 ming soʻmlik mulklarni “DEROSSA PLYUS” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga topshirish, xaridor esa mulklarning 70,0 mln soʻmlik qismini oʻn kun ichida, qolgan qismini esa bir yil muddatda toʻlab berish majburiyatini olgan.
“DEROSSA PLYUS” MChJ tomonidan 2007-yil 24-mart holatiga tugatish boshqaruvi hisobiga 124,6 mln. soʻm oʻtkazib berilgan.
Tugatish boshqaruvi, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Jizzax viloyat filiali va “DEROSSA PLYUS” MChJ oʻrtasida 2007-yil 28-martda talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan.
Unga koʻra, xaridor qolgan 198537,0 ming soʻmni qarzdorning asosiy kreditori hisoblangan Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Jizzax viloyat filialining hisob-raqamiga oʻtkazishi lozim boʻlgan.
Tugatish boshqaruvchisi va “DEROSSA PLYUS” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasida xaridor qarzdorning mol-mulklarini talon-toroj qilmaslik, jamiyatning ishlab chiqarish faoliyatini saqlab qolgan holda yangi ishchi oʻrinlarini tashkil qilish majburiyatini olgan.
Lekin, “DEROSSA PLYUS” masʼuliyati cheklangan jamiyati shartnoma majburiyatlarini bajarmagan. Sotib olingan mulklarning haqi oʻz vaqtida toʻliq toʻlanmagan. Korxonada ishlab chiqarish tashkil qilinmagan. Vaholanki, qarzdorga tegishli mol-mulklarni mulkiy majmua sifatida sotishdan asosiy maqsad, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻlgan.
Bu esa, birinchi instansiya sudi tomonidan yuqoridagi shartnomalarni koʻrib chiqish jarayonida “DEROSSA PLYUS” MChJning moliyaviy ahvoli, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, biznes reja asosida ishlay olish imkoniyatlari toʻliq oʻrganilmagan va tugatish boshqaruvchisining yakuniy hisobotini tasdiqlash haqida barvaqt xulosaga kelingan, degan xulosani beradi.
Qolaversa, ish yuzasidan kelishuv bitimi tuzilmagan boʻlsa-da, sudning 2007-yil 31-martdagi ajrimida “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyati, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Jizzax viloyat filiali va “DEROSSA PLYUS” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi tasdiqlanganligi koʻrsatilgan.
Shuning uchun apellatsiya instansiyasi sudi asosli ravishda 2007-yil 31-martdagi yakuniy hisobotni tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilgan.
“DEROSSA PLYUS” masʼuliyati cheklangan jamiyatining apellatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan bergan kassatsiya shikoyatining nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 178-moddasiga rioya etilmagan holda “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyatini tugatish boshqaruvchisiga yuborilmagan.
Shuning uchun sudning 2008-yil 7-apreldagi ajrimi bilan kassatsiya shikoyati toʻgʻri qaytarilgan.
Sudlov hayʼati “BAXMAL SHAROB” ochiq aksiyadorlik jamiyatining tugatilganligi sababli shikoyat nusxasi tugatish boshqaruvchisiga yuborilmasligi haqidagi kassatsiya shikoyatidagi vajlar bilan kelisha olmaydi. Chunki, apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan qarzdorni tugatish ishlari qayta tiklangan.
Qayd etilganlarga koʻra, sud qarori va ajrim oʻzgarishsiz qoldirilishi lozim.
2008-yil 18-iyun,
13-0507/8873-son