Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Tovarlarni chakana sotish yuridik shaxslar tomonidan faqat turgʻun savdo shoxobchalari orqali, nazorat-kassa mashinalari majburiy qoʻllangan holda amalga oshirilishi mumkin
[Koʻchirma]
Sirdaryo tuman davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Shohrux-M” xususiy kichik korxonasiga xarid cheki bermasdan, 8250 soʻmni nazorat-kassa mashinasiga urmaganligi va 37200 soʻm savdo pulini nazorat-kassa mashinasiga kiritmaganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Sirdaryo tuman davlat soliq inspeksiyasi mutaxassislari Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi Sirdaryo viloyat komissiyasining 2008-yil 13-martdagi 8-son reja-jadvaliga, Sirdaryo viloyat davlat soliq boshqarmasining 2008-yil 15-apreldagi 110-x-s-son buyrugʻiga asosan 2008-yil 16-aprelda “Shohrux-M” xususiy kichik korxonasida qisqa muddatli tekshirish oʻtkazgan.
Tekshirishda “Shohrux-M” xususiy kichik korxonasi 2-son avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi sotuvchisi xaridorga 10 litr benzin yoqilgʻisi sotib, 8250 soʻmga nazorat-kassa mashinasi cheki yoki unga tenglashtirilgan kvitansiya bermaganligi, doʻkon gʻaznasida savdodan tushgan 37200 soʻm nazorat-kassa mashinasiga urilmaganligi aniqlangan.
Davlat soliq inspeksiyasi 2008-yil 22-aprelda 1614-son taqdimnoma chiqarib, “Shohrux-M” xususiy kichik korxonasiga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi talablariga asosan eng kam ish haqining oʻttiz baravari miqdorida 625950 soʻm moliyaviy jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlashni taklif qilgan.
Javobgar belgilangan muddatda toʻlovni amalga oshirmaganidan soʻng, davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Shohrux-M” xususiy kichik korxonasiga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
“Shohrux-M” xususiy kichik korxonasi 2-son avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi sotuvchisi F.P. xarid cheki bermasdan 8250 soʻmlik 10 litr benzin yoqilgʻisini sotganligi, savdodan tushgan 37200 soʻmni nazorat-kassa mashinasiga urmaganligi tekshirish dalolatnomasi, oʻzaro hisob-kitob bayonnomasi, nazorat xarid bayonnomasi, kassada mavjud naqd pul boʻyicha tuzilgan dalolatnoma, xaridor, sotuvchi va xolislarning tushuntirish xatlari, ishdagi mavjud boshqa hujjatlar bilan oʻz tasdigʻini topgan.
Javobgar kassatsiya shikoyatida tekshirish korxona rahbarisiz oʻtkazilganligini, dastur va buyruqlar bilan tanishtirmasdan, ulardan nusxa rasman bermasdan, asossiz ravishda tekshirish rahbarning xabardorligida oʻtkazildi deb yozganligini, Kengash rejasi choraklik reja emasligini, tekshirish besh soatdan koʻp vaqt davom etganligini, tekshirish bir kuni oʻtkazilishi lozim boʻlsa-da, buyruqda tekshirish 2008-yil 15-apreldan 19-aprelgacha belgilanganligini, bu bilan tekshirish xohlagan vaqtda oʻtkazilishiga sharoit yaratilganligini, davlat soliq inspeksiyasining taqdimnomasida jarima eng kam ish haqining oʻttiz baravari — 625950 soʻm deb belgilangan boʻlsa-da, sud eng kam ish haqining oʻttiz besh baravari miqdorida 730275 soʻm moliyaviy jarima qoʻllaganligini bildirgan.
Ish hujjatlarida oʻtkazilgan tekshirish dalolatnomasi mavjud boʻlib, unga koʻra tekshirish bir ish kunida oʻtkazilgan. Bir ish kuni soat hisobida oʻlchanganida besh soatdan koʻp vaqtni tashkil qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 88-moddasiga asosan tekshiruvlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish rejasidan olingan, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi tomonidan berilgan koʻchirmasi, qarori tekshirish oʻtkazish uchun asos boʻladi. Daʼvogar daʼvo talabida aynan necha soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllashni soʻramaganligi sababli, sud moliyaviy jarima miqdorini Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 119-moddasi asosida belgilagan. Tekshirish “Shohrux-M” xususiy kichik korxonasi sotuvchisi F.P.ning ishtirokida oʻtkazilgan va unga tekshirish ruxsatnomasi va buyrugʻidan nusxa berilgan, tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi toʻldirilgan, bu haqda sotuvchining tilxati mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholi bilan pul hisob-kitoblarni amalga oshirishda nazorat-kassa mashinalarini majburiy qoʻllash tartibi toʻgʻrisida” 1994-yil 26-dekabrdagi 621-son qarorida nazorat-kassa mashinalarini majburiy qoʻllashni joriy etish, nazorat-kassa mashinasi oʻrnatmagan mulkchilikning barcha shakllaridagi savdo korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining faoliyatini toʻxtatish, nazorat-kassa mashinasi tuzatishda boʻlgan davrda savdo-sotiq faoliyatini turgʻun savdo shaxobchalari orqali amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar savdo-sotiqda va xizmatlar koʻrsatishda aholi bilan pul hisob-kitoblarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan shakllar boʻyicha qatʼiy hisobot beriluvchi hujjat hisoblanuvchi kvitansiyalar yozish, talonlar, chiptalar yoki ularga tenglashtirilgan boshqa cheklar berish yoʻli bilan amalga oshirishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-noyabrdagi 407-son qarori bilan tasdiqlangan “Ulgurji va chakana savdo faoliyatini roʻyxatdan oʻtkazish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 19-bandiga koʻra, tovarlarni chakana sotish yuridik shaxslar tomonidan faqat turgʻun savdo shaxobchalari orqali, nazorat-kassa mashinalari majburiy qoʻllangan holda amalga oshirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga koʻra, fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini ishlatish majburiy boʻlgani holda ularni ishlatmasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar koʻrsatganlik, xuddi shuningdek sotib oluvchiga kvitansiyalar yozib berish, talonlar, cheklar yoki ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarni berish majburiy boʻlgani holda bunday hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar koʻrsatganlik — eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Yuqoridagilarga va mazkur Kodeksning 119-moddasiga asosan, sud tomonidan daʼvogarning daʼvo talablari asosli ravishda qanoatlantirilgan.
Qayd etilganlarga koʻra sudning qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirish lozim.
2009-yil 27-yanvar,
12-0806/8303-son