Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Hal qiluv qarori ish holatlari haqidagi taxminlarga asoslangan boʻlishi mumkin emas
[Koʻchirma]
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Samarqand viloyat boshqarmasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Paxtachi tuman MTP” ochiq aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan eng kam ish haqining 400 baravari miqdorida moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Paxtachi tuman MTP” ochiq aksiyadorlik jamiyati 2005 — 2007-yillar yakuni boʻyicha Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Samarqand viloyat boshqarmasiga hisobotlar taqdim qilgan.
Daʼvogar ushbu hisobotlar javobgar tomonidan qalbaki hujjatlar asosida rasmiylashtirilib, atayin notoʻgʻri maʼlumotlar berilgan deb hisoblab, javobgarga “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 55-moddasiga asosan eng kam ish haqining 400 baravari miqdorida moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni rad etish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Daʼvo arizasida “Paxtachi tuman MTP” ochiq aksiyadorlik jamiyatining 58,42 foiz — 64021 dona aksiyalari 2006 — 2008-yillarda tugatilgan shirkat xoʻjaliklari balansida boʻlganligi, ammo ushbu yillarda oʻtkazilgan umumiy yigʻilishlarda kvorum boʻlmasligi aniq boʻlsa-da, umumiy yigʻilish oʻtkazilganligi haqida notoʻgʻri maʼlumotlar berilganligi, 2007-yil yakuni boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilish qarorida ovozlar soni byulletenlar soniga mos kelmasligi haqidagi vajlar bildirilgan.
Ammo sud daʼvo arizasida keltirilgan ushbu vajlarni tekshirmasdan, daʼvoni rad etgan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 11-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni koʻrishda ish boʻyicha barcha dalillarni bevosita tekshirishi shart.
Sudning hal qiluv qarori ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan va taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlsagina asoslantirilgan hisoblanadi. Hal qiluv qarori ish holatlari haqidagi taxminlarga asoslangan boʻlishi mumkin emas. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida” 2007-yil 15-iyundagi 161-son qarorining 3-bandida tushuntirish berilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi esa ushbu holatlarga huquqiy baho bermasdan, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra sudlov hayʼati sud qarorlarini bekor qilishni hamda ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi daʼvo arizasida keltirilgan har bir vajni tekshirib, ularga huquqiy baho berib, ishni koʻrish natijalariga qarab sud xarajatlarini undirish masalasini hal etib, toʻplangan dalillar yigʻindisi asosida qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim.
2009-yil 21-aprel,
14-0803/17825(30)-son