Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish soliq qarzini majburiy undirish choralaridan hisoblanadi
[Koʻchirma]
Boʻstonliq tuman davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Gʻazalkentsutsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyatining davlat budjeti va budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar oldidagi 13024495,42 soʻm soliq qarzining undiruvini uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “Gʻazalkentsutsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2008-yil 13-noyabr holatidagi soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan soliq qarzi 13024495,42 soʻmni tashkil qilgan.
Daʼvogar tomonidan javobgarga soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan qarzini bir oy mobaynida toʻlash haqida 2008-yil 17-noyabrda 07-1078-son talabnoma yuborilgan.
Boʻstonliq tuman davlat soliq inspeksiyasi “Gʻazalkentsutsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2008-yil 25-dekabr holatiga davlat budjeti va budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar oldida 13024495,42 soʻm soliq qarzi bor deb hisoblab, ushbu qarzni uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
“Gʻazalkentsutsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati 13024495,42 soʻm soliq qarzini ixtiyoriy ravishda toʻlamagach, daʼvogar Oʻzbekistan Respublikasi Soliq kodeksi 104-moddasining uchinchi qismiga binoan ushbu soliq qarzini javobgardan majburiy undirish choralarini koʻrgan.
Soliq kodeksi 62-moddasining birinchi qismiga koʻra, undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish soliq qarzini majburiy undirish choralaridan hisoblanadi. Mazkur Kodeks 65-moddasining birinchi qismiga binoan undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish davlat soliq xizmati organining daʼvo arizasi asosida sud tartibida amalga oshiriladi.
Kassatsiya shikoyatida “Gʻazalkentsutsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Toshkent viloyat prokuraturasi depozit hisobraqamiga 37620300 soʻm kam hisoblangan soliq summasi oʻtkazib berilganligi va bu pullarning oʻz navbatida davlatga oʻtkazilishini daʼvogar inobatga olmaganligi bayon etilgan. Ammo, mazkur pullarning davlatga oʻtkazilganligi holati isbotlanmagan. Qolaversa, prokuraturaning depozit hisobraqamida javobgarning 37620300 soʻm pul mablagʻi saqlanayotganligi holati qarzning toʻlanganligini anglatmaydi.
Shu sababli sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo asosli ravishda qanoatlantirigan deb topib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirdi.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun toʻlangan 65000 soʻm davlat boji va 5000 soʻm pochta xarajatlari javobgar zimmasida qoldirildi.
2009-yil 5-may,
11-0907/271-son