Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi 2006-yilgi Davlat budjetining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan loyihasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlariga muvofiq ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yilgi Davlat budjeti uning taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,5 foiz miqdorida belgilangan holda qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
iqtisodiyotning yanada erkinlashtirilishini hamda bozor islohotlari, bank va moliya tizimlaridagi islohotlar chuqurlashtirilishini, budjet mablagʻlaridan samarali hamda belgilangan maqsadda foydalanilishini taʼminlasin;
xususiy sektorni jadal rivojlantirishga, uning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushini oshirishga, kichik biznes va fermerlikni, qishloq xoʻjaligi yerlarini melioratsiyalash va rekonstruksiya qilishni ragʻbatlantirishga, transport infratuzilmasi va kommunikatsiyalarini takomillashtirishga, uy-joy-kommunal xoʻjaligini yaxshilashga koʻmaklashadigan kompleks chora-tadbirlar belgilasin;
budjet mablagʻlari taʼlimni rivojlantirishga, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatilishini yaxshilashga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini qoʻllab-quvvatlashga, qishloq aholisini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlashga, shuningdek barcha hududlarda budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligini qabul qilingan davlat dasturlari viloyatlar, shaharlar va tumanlarda amalga oshirilishiga alohida eʼtibor bergan holda yanada kuchaytirishga ustuvor tarzda ajratilishini nazarda tutsin;
iqtisodiyotga va aholi daromadlariga tushayotgan soliq yukini izchillik bilan kamaytira borish, soliqlarni hisoblab chiqarish hamda budjetga toʻlashni soddalashtirish, soliq tizimini takomillashtirish ishlarini davom ettirsin;
iqtisodiyotning barcha sohalarida davlat xarajatlarining samaradorligi oshirilishiga, budjet mablagʻlarini har tomonlama tejashga qaratilgan tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirsin;
Davlat budjetining taqchilligini davlat obligatsiyalarini joylashtirishdan keladigan tushumlar hamda boshqa noinflyatsiyaviy manbalar hisobidan moliyalashtirsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari budjet daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlasinlar, mintaqalarning soliq bazasi va moliyaviy salohiyatini kengaytirish yuzasidan samarali chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar, budjet mablagʻlaridan qonuniy foydalanilishi ustidan amaliy va taʼsirchan nazorat oʻrnatsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi oʻrinbosari F. MUHITDINOVA
Toshkent sh.,
2005-yil 2-dekabr,
99-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-y., 12-son, 445-modda)