Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Mintaqaviy muammolarni umumdavlat manfaatlarini inobatga olgan holda hal etishning huquqiy mexanizmlari va taomillari toʻgʻrisida
Umumdavlat va mintaqaviy manfaatlar mutanosibligini taʼminlash, shuningdek mintaqaviy muammolarni hal etishning huquqiy mexanizmlari va taomillarini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Mintaqaviy rivojlanish masalalarini oʻrganish va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalarining majlislarida koʻrib chiqish uchun Senat aʼzolari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari ishtirokida komissiyalar tuzilsin.
2. Senat qoʻmitalari mintaqaviy rivojlanish masalalari boʻyicha majlislarni, shu jumladan sayyor majlislarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari vakillari bilan birgalikda oʻtkazsinlar.
3. Mintaqalarning qonunni qoʻllanish amaliyotini oʻrganish, fikr-mulohazalarini hisobga olish va umumlashtirib borish, normativ-huquqiy bazani uygʻunlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan ijro etilishi ustidan doimiy monitoring oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
4. Senat qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mintaqalar manfaatlariga daxldor qarorlari loyihalarini vakillik hokimiyatining tegishli mahalliy organlari bilan birgalikda ishlab chiqsinlar.
5. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining toʻrtinchi yalpi majlisi tasdigʻiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi oʻrinbosari F. MUHITDINOVA
Toshkent sh.,
2005-yil 21-noyabr,
91-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-y., 11-son, 406-modda)