Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yilga moʻljallangan Davlat budjetining Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan taqdim etilib, muhokama qilish mobaynida Qonunchilik palatasi deputatlari bildirgan taklif va mulohazalar hisobga olingan holda maromiga yetkazilgan loyihasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yilga moʻljallangan Davlat budjeti hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,5 foiz miqdorida belgilangan holda qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
mamlakatning iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirilishiga, qatʼiy pul-kredit siyosati oʻtkazilishiga, milliy valyutaning mustahkamlanishiga, budjet mablagʻlaridan belgilangan maqsadda foydalanilishiga qaratilgan chora-tadbirlar majmui amalga oshirilishini taʼminlasin;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ishchanlik faolligini oshirishga, kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni har tomonlama ragʻbatlantirishga, ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan raqobatbardosh isteʼmol tovarlari bilan toʻldirishga, eksport salohiyatini mustahkamlash hamda tovarlar va xizmatlar eksportini koʻpaytirishga koʻmaklashadigan chora-tadbirlar qabul qilsin;
iqtisodiyot zimmasidagi soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tartibini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligi tizimini takomillashtirish ishlarini davom ettirsin;
iqtisodiyotning barcha sektorlarida davlat xarajatlarining samaradorligi oshirilishiga va oqilona maqbullashtirilishiga, budjet mablagʻlarini har tomonlama tejashga qaratilgan tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirsin;
budjet xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligini yanada kuchaytirishni taʼminlasin, bunda qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor bersin;
Davlat budjetining taqchilligini davlat obligatsiyalarini joylashtirishdan keladigan tushumlar hamda pulning qadrsizlanishiga taalluqli boʻlmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasining davlat hokimiyati organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari budjet daromadlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlasinlar, mintaqalarning soliq bazasi va moliyaviy salohiyati kengaytirilishi yuzasidan samarali chora-tadbirlar qabul qilsinlar, budjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsinlar.
4. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2005-yil 14-noyabr,
153-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-y., 11-son, 377-modda)