Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi parlament soʻrovi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A.A. Haitovning axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kiritilgan 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini 2010-yil 18-noyabrda tasdiqlagan edi.
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining roʻyobga chiqarilishi davomida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlari tashkil etish muammolarini izchil hal qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Yangi korxonalarni ishga tushirish va ishlab turgan korxonalarni kengaytirish, kichik korxonalar, mikrofirmalar tashkil etish, xususiy, yakka tartibdagi, oilaviy tadbirkorlikni, kasanachilikni, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini rivojlantirish, fermer va dehqon xoʻjaliklari tashkil etish hamda ularni rivojlantirish, vaqtincha ishlamay turgan korxonalar faoliyatini tiklash natijasida joriy yilning yanvar — sentyabr oylarida 815,5 mingta ish oʻrni (yillik prognozning 85,3 foizi), shu jumladan, qishloq joylarda 512,4 mingta ish oʻrni tashkil etildi. Iqtisodiyotda band boʻlgan odamlar soni 2,5 foizga oʻsib, 11,9 million nafarga yetdi, iqtisodiyotning nodavlat sektorida band boʻlganlar ulushi 79,4 foizni, shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda band boʻlganlar ulushi 74,2 foizni tashkil qildi.
Shu bilan birga mamlakatimizning bir qator tumanlarida Dasturning prognoz koʻrsatkichlari bajarilmadi. Masalan, bu koʻrsatkichlar Nukus shahrida 97,3 foizga, Bulungʻur tumanida 94,1 foizga, Shoʻrchi tumanida 97,4 foizga, Soʻx tumanida 94,6 foizga, Sardoba tumanida 92 foizga, Hazorasp tumanida 96,9 foizga bajarildi.
Ayrim shaharlar va tumanlarda 2010-2011 oʻquv yilida kasb-hunar kollejlarini bitirganlarni toʻliq ishga joylashtirish boʻyicha koʻrsatkichlar bajarilmay qoldi.
Rasman taqdim etilgan materiallar va maʼlumotnomalarda noxolis maʼlumotlar aks etilgan ayrim hollar uchraydi, bu esa statistika maʼlumotlarini shakllantirish va vaziyatni tahlil etishga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi parlament soʻrovi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A.A. Haitovning axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A.A. Haitovning 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi soʻzsiz bajarilishi yuzasidan choralar koʻrsin.
3. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
Ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi koʻrsatkichlarini roʻyobga chiqarishda qoloqlik mavjud boʻlgan mintaqalarga koʻmaklashgan holda mazkur Dasturning roʻyobga chiqarilishini har oyda monitoring va tahlil qilib borishni davom ettirsin;
ish bilan band boʻlmaganlarni, ayniqsa qishloq joylardagi ish bilan band boʻlmaganlarni, aholining ijtimoiy jihatdan kam taʼminlangan qatlamlarini, birinchi navbatda, koʻp bolali ayollarni, nogironlarni, taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish, kasbga qayta tayyorlash va ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlari amalga oshirilishiga koʻmaklashsin;
Ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini roʻyobga chiqarish va uning bajarilishi ustidan nazorat qilishda davlat organlari, kasaba uyushmalari, xodimlarning vakillik organlari va ish beruvchilarning oʻzaro hamkorligiga koʻmaklashsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining bajarilishi uchun nazarda tutilgan kredit resurslarining tijorat banklari tomonidan oʻz vaqtida va toʻliq berilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin;
tijorat banklari balansiga berilgan iqtisodiy jihatdan nochor va ishlamayotgan korxonalarni tiklash hisobidan Dastur doirasida yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasin.
5. Vazirliklar va tegishli sohalardagi xoʻjalik birlashmalari:
kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishning hududiy dasturlari, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish dasturlari doirasida yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, idoralarga qarashli ishlab turgan korxonalar va tashkilotlarni modernizatsiya qilish hamda kengaytirish hisobidan Ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining koʻrsatkichlari toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsinlar;
mehnat bozorining hududiy tuzilmasini takomillashtirishga, xususan, ishchi kuchi koʻp boʻlgan mintaqalarda ishchi kuchiga nisbatan talab va taklifning mutanosibligini taʼminlashga, qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurilishiga va pudratga asoslangan qurilish ishlarining tashkil etilishiga, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini modernizatsiyalashga koʻmaklashsinlar;
mehnat shartnomalari asosida kasanachilikni rivojlantirish hisobidan yangi ish oʻrinlari tashkil etishga va ularning barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratsinlar.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
Dasturning ish oʻrinlari tashkil etish hududiy koʻrsatkichlariga doir qismi bajarilishining borishini monitoring qilish va har oyda koʻrib chiqishni davom ettirsinlar;
mehnat bozorini shakllantirish va rivojlantirishni taʼminlovchi tuzilmaviy, moliyaviy, kredit, investitsiya va soliq siyosatini roʻyobga chiqarish yuzasidan tadbirlarni amalga oshirsinlar;
ish bilan band boʻlmagan aholini, shu jumladan, aholining kam taʼminlangan toifalarini, birinchi navbatda, koʻp bolali ayollar, nogironlar va ishsizlarni, boʻshab qolgan xodimlarni, taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini, eng avvalo, kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini egallagan mutaxassisliklariga muvofiq ishga joylashtirishni, muntazam amal qilib turuvchi “korxona — kollej” aloqalari yoʻlga qoʻyilishini, yirik shaharlar va tumanlarda muntazam ravishda boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari oʻtkazilishini taʼminlasinlar;
saʼy-harakatlarni joylarda barqaror va yuqori haq toʻlanadigan ish oʻrinlari tashkil etishga qaratsinlar;
ish oʻrinlari tashkil etishga doir masalalarni hal qilish uchun xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlarini keng jalb etsinlar;
tegishli hududlarda Dasturning koʻrsatkichlari sifatli, oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi sabablar atroflicha tahlil etilishini amalga oshirsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining roʻyobga chiqarilishi ustidan nazorat qilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining faol ishtirok etishini taʼminlasinlar;
tegishli qonunlarga yangi ish oʻrinlari tashkil etishga, taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash maqsadida qonun hujjatlarini tizimli tahlil qilishni amalga oshirsinlar.
8. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2011-yil 23-noyabr,
409-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-y., 11-son, 325-modda)