Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2005-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2005-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2005-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, 2005-yil birinchi yarim yilligida Davlat budjetining daromadlari uning xarajatlaridan 67,7 mlrd soʻm miqdorida ortiq boʻlishiga erishildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bozor islohotlari va iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari yanada chuqurlashtirilishini, soliq tushumlari mexanizmi takomillashtirilishini, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini, shuningdek budjetning birinchi navbatdagi xarajatlarini, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini muhofaza qilishga doir tadbirlarni hamda budjet xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligini kuchaytirishga oid boshqa tadbirlarni toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori tegishli mintaqalar boʻyicha budjet daromadlari koʻrsatkichlarining soʻzsiz bajarilishini, mintaqalarning soliq bazasini va moliyaviy salohiyatini kengaytirish yuzasidan amaliy choralar koʻrish hamda shu asosda mahalliy budjetlarning xarajatlari toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlash zarurligiga qaratilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2005-yil 29-sentabr,
119-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-y., 9-son, 324-modda)