Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2011-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2011-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2011-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, 2011-yilning birinchi yarim yilligida Davlat budjeti daromadlari uning xarajatlaridan 141,6 mlrd soʻm miqdorda ortiq boʻldi yoki Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foiz miqdorda profitsit bilan ijro etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2011-yilgi dasturining eng muhim ustuvor vazifalarini roʻyobga chiqarish boʻyicha ishlarni davom ettirsin, xususan, makroiqtisodiy mutanosiblikni va iqtisodiy oʻsish surʼatlarining barqarorligini taʼminlash, bozor islohotlari va iqtisodiyotni liberallashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, samarali investitsiya siyosatini oʻtkazish, soliq tushumlari mexanizmini takomillashtirish, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanish va budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, ish haqi, stipendiyalar, nafaqalar hamda aholiga boshqa ijtimoiy toʻlovlar toʻlash uchun budjet xarajatlarini toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirish, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturini roʻyobga chiqarish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish yuzasidan zarur choralarni koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori tegishli mahalliy budjetlarga toʻlovlarning toʻliq tushishi taʼminlanishiga, budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishiga qaratilsin. Budjet intizomiga rioya etilishi hamda mintaqalarning moliyaviy salohiyatini oshirish yuzasidan amaliy choralar koʻrilishi ustidan nazorat kuchaytirilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2011-yil 13-sentabr,
360-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-y., 9-son, 254-modda)